Malayziya maʼrifati

16:24 07 Fevral 2025 Siyosat
293 0

Maʼrifatga, maʼnaviyatga asoslangan jamiyatlar mislsiz rivojlanmoqda, cheksiz yuksalmoqda, tobora taraqqiy etmoqda. Prezidentimizning Malayziyaga tashrifini diqqat bilan kuzatar ekanman, davlatimiz rahbariga koʻrsatilayotgan yuksak ehtirom, ishonch, cheksiz mehrni koʻrib, bunga yana bir bor amin boʻldim. Zero, faqat maʼrifatli mamlakatdangina bunday samimiy munosabatni kutsa boʻladi.

Oʻzbekiston va Malayziya... Bu ikki maʼrifatli mamlakatning yakdilligi, bir-birini soʻzsiz tushunishi, qoʻllab-quvvatlashi, yaqinlashuvidan moʻjizalar sodir boʻlishi muqarrar. Bunga Malayziya tomoni ham, Oʻzbekiston ham tayyor.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻzining “Facebook”dagi sahifasida shunday yozadi:

“Bir necha daqiqa oldin Oʻzbekiston Prezidentining Malayziyaga soʻnggi 20-yil ichidagi ilk rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Diplomatik tajribam va matbuot kotibi sifatidagi faoliyatimga asoslanib aytishim mumkinki, ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasidagi samimiy munosabat va norasmiy muloqot juda yorqin taassurot qoldirdi.

Ushbu goʻzal va mehmondoʻst mamlakat rahbariyati Prezidentimiz bilan samimiy uchrashuvlar oʻtkazish uchun qatʼiy protokol qoidalaridan chekinib, yuksak hurmat va ishonch namoyish etganiga guvoh boʻldik.

Prezidentimizni kutib olishga Malayziya parlamenti spikeri chiqqani, malayziyalik hamkasblarimizning aytishicha, ushbu mamlakat protokol amaliyotida ilgari kuzatilmagan voqea boʻldi. Bundan tashqari, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga butun kun davomida, barcha rasmiy tadbir va uchrashuvlarda hamrohlik qildi. Hattoki, muloqotni davom ettirish uchun Oʻzbekiston Prezidentiga ajratilgan qarorgohga shaxsan tashrif buyurdi…

Bunday norasmiy va samimiy munosabat ikki yetakchi oʻrtasidagi yaqin doʻstlikdan, Oʻzbekiston va Malayziya xalqlarining bir-biriga boʻlgan yuksak hurmati, ikki tomonlama munosabatlarning porloq istiqbolidan dalolat beradi”.

Matbuot kotibining yozganlarini oʻqib, yuksak martabaga loyiq koʻrilgan davlatning bir fuqarosi sifatida koʻnglim faxr-iftixorga toʻldi. Prezidentga koʻrsatilgan bunday eʼtibor zamirida Oʻzbekistonda yuz berayotgan, ortga qaytmas islohotlardan xabardorlik, xayrixohlik tuygʻulari mujassamlashgan. Bu yuksak ehtirom, nafaqat Prezident Shavkat Mirziyoyevga, balki uning ortida turgan, unga ishongan butun xalqimizga koʻrsatilgan hurmat ekaniga imonim komil.

Bugun butun dunyo eshiklari yangi Oʻzbekiston meʼmori boʻlgan Prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq.

Prezidentimizning Malayziyaga tashrifi kunlarida bu mamlakatda tajribasini oshirayotgan yosh olimning mana bu fikrlariga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Umida Joʻrayeva, Samarqand davlat universiteti doktoranti, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi:

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga rasmiy tashrifi arafasida poytaxt Kuala-Lumpur koʻchalarida Oʻzbekiston bayroqlari, Prezidentimizning ulkan suratlari oʻrnatildi. Kuala-Lumpurdagi hashamatli binolar Oʻzbekiston bayrogʻi rangida jilolandi. Men bundan juda faxrlandim, qalbim quvonchga toʻldi. Hamkasblarim meni qutlashdi. Oʻzbekiston Prezidentiga boʻlgan juda katta hurmat va samimiy munosabatga shaxsan oʻzim guvoh boʻldim. Toʻgʻrisi, Vatanimni sogʻingan ekanman. Mana shu kunlarda xuddi Malayziyaga Oʻzbekiston kelganday boʻldi... 2025-yilning 17-yanvaridan Malayziyaning Putra universitetida tajriba orttiryapman. Putra universiteti QS reytingida 123-oʻrinda turadi. Professor Nik Mohd Asri Long rahbarligida ilmiy tadqiqot olib boryapman...

Samarqand davlat universiteti Malayziyaning bir qator oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan. Bu munosabatlar allaqachon amaliy natijalar berayotganligini quyidagi fikr-mulohazalardan ham anglasa boʻladi.

Muhiddin Moʻminov, Samarqand davlat universiteti professori:

Men QS reytingida 181-oʻrinda turuvchi Malayziya texnologiya universitetida ishlaganman. 2 PhD va 4 nafar magistrga ilmiy rahbarlik qildim. Professor-oʻqituvchilar almashinuv dasturi doirasida 2024-yilda bir oy Terengganu universitetida boʻldim va qoʻshma ilmiy seminarlar oʻtkazdik. MARA texnologiya universitetida tajribamni oshirdim. “UiTM International Conferense on Mathematical Scienses” nomli xalqaro konferensiyada asosiy maʼruzachi (Keynot speaker) sifatida ishtirok etdim. Bir yildan beri mazkur universitetda oʻtkazib kelinadigan onlayn xalqaro ilmiy seminarlarda qatnashmoqdaman. Ayni vaqtda texnologiya universiteti olimlari bilan darslik tayyorlash va Terengganu universiteti professorlari bilan “Ssopus” bazasiga kiruvchi jurnallarda maqola nashr etish boʻyicha izlanishlar olib bormoqdamiz. 2025-yilda Terengganu universiteti taklifiga binoan bir oylik tajriba oshirishni va talabalarga dars oʻtishni rejalashtirganman...

Sahobiddin Axatqulov, Samarqand davlat universitetining Boshqaruv nazariyasi va axborot xavfsizligi kafedrasi dotsenti:

— Men QS reytingida 150-oʻrinda turuvchi Malayziya Milliy universitetida tadqiqot olib borganman. Professor Muhammad Salmiy Muhammad Nuroniy ilmiy rahbarligida PhD dissertatsiyasini ushbu mamlakatda himoya qildim. Samarqand davlat universitetiga qaytganimdan soʻng xorijda “TOP — 300”-talikka kiruvchi universitetning PhD diplomi DSc ilmiy darajasiga nostrifikatsiya qilindi. Shimoliy Malayziya universiteti talabalariga onlayn maʼruzalar oʻtib kelmoqdaman. Malayziyalik olimlar bilan hamkorlikda 20 dan ortiq maqolalarim “Scopus” va “Web of Science” maʼlumotlar bazasiga kiruvchi jurnallarda eʼlon qilingan...

Bugungi kunda universitetimiz Malayziyaning MARA texnologiya, Putra, Visma Linkoln, Pendidikan Sultan Idris, Terengganu va INTI xalqaro universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan.

Buning natijasida bugungi kunda Samarqand davlat universiteti tadqiqotchisi Habibullo Axatqulov Shimoliy Malayziya universitetida dotsent lavozimida ishlamoqda. Mazkur universitet QS reytingida 554-oʻrindan joy olgan. Oʻzbekistonlik olim shu kungacha 4 PhD va 15 magistrantga rahbarlik qilgan.

Samarqand davlat universitetining Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti oʻqituvchisi Sindor Pardayev esa Malayziyaning Putra universiteti doktoranturasida tahsil olmoqda. Unga mazkur institut magistrantlariga dars bergan professor Latifa Binti Abdumanaf rahbarlik qilmoqda. Sindor Pardayev ayni vaqtda dissertatsiyasini himoya qilish arafasida.

Universitetimizning Malayziya oliy taʼlim muassasalari bilan munosabatlari oʻzaro tenglik asosiga qurilgan.

2024-yilda Samarqand davlat universitetining Ehtimollar nazariyasi va amaliy matematika kafedrasida Malayziyaning Terengganu universiteti professorlari Zabidin Bin Salleh va Che Mohd Imran Bin Che Taiblar talabalarimizga dars oʻtishdi. Bu olimlar SamDUdagi faoliyati davomida “Scopus” bazasiga kiruvchi ilmiy jurnallarda bir necha maqolalar chop etdi.

SamDU huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazida MARA texnologiya universiteti dotsenti Sharifah Binti Aliman tomonidan “Malayziya akademik markaz sifatida: uning oliy taʼlim tizimi haqida tushunchalar” mavzuida onlayn seminar tashkil etildi...

Prezidentimizning Malayziyaga rasmiy tashrifidan soʻng oliy taʼlim sohasidagi munosabatlarning ham yangi davri boshlanishiga ishonchim komil. Buni tashrif davomida imzolangan qoʻshma bayonot va qator hujjatlar ham tasdiqlaydi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim 2025-2026-yillarni Oʻzbekiston — Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirish davri, deb eʼlon qilishga kelishib oldilar.

Prezidentimizning xorijga buyurgan har bir tashrifi zamirida Vatanimizni yanada yuksaltirish, xalqimiz hayotini farovonlashtirish, mamlakatimiz nufuzini oshirish maqsadi mujassam. Malayziya maʼrifatga, taʼlimga birinchi darajada eʼtibor berish natijasida yuksak marralarni zabt etgani Prezident Shavkat Mirziyoyevning maʼrifatli jamiyat gʻoyasiga hamohangdir.

Rustam XOLMURODOV,

Samarqand davlat universiteti rektori,

Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi,

Oliy Majlis Senati aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер