Maktablarga oliy taʼlim muassasalarini biriktirish tashabbusi: ijro qanday?

Yaqinda Taʼlim inspeksiyasi ishchi guruhi taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini joyiga chiqqan holda oʻrganish va pedagoglarga amaliy-uslubiy yordam koʻrsatish maqsadida Jizzax viloyatida boʻldi.
Maʼlumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifati va oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va metodik qoʻllab-quvvatlash uchun Respublika boʻyicha 634 ta maktabga 95 ta oliy taʼlim muassasasi biriktirilgan edi. Ishchi guruh tomonidan mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Jizzax davlat pedagogika instituti, Jizzax politexnika instituti va Oʻzbekiston Milliy universiteti Jizzax filialiga biriktirilgan maktablar faoliyati oʻrganildi.
Oʻrganish davomida Zarbdor tumanidagi 26-sonli maktabda boshlangʻich sinf va kimyo fanlaridan, Arnasoy tumanidagi 6-sonli maktabda ingliz va rus tili fanlaridan, Forish tumanidagi 5-sonli maktabda ingliz tili fanidan oʻqituvchilarga ehtiyoj mavjud boʻlgani holda ularga biriktirilgan OTMlar tomonidan bugungi kungacha amaliy ishlar qilinmagani maʼlum boʻldi.
Xususan, Oʻzbekiston milliy universiteti Jizzax filialiga Zarbdor tumanidagi 26-sonli maktabda shu kunga qadar faqatgina maktab jamoasi va oʻquvchilar bilan uchrashuv oʻtkazilib, rasmiyatchilik uchun bayonnomalar toʻldirilgan, xolos, OTM tomonidan taʼlim sifati va oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish boʻyicha uslubiy yordam koʻrsatilmagan.
Oʻrganish yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda soʻzga chiqqan Taʼlim inspeksiyasi rahbari Ulugʻbek Tashkenbayev mazkur holat yuzasidan ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.
— Mazkur ijobiy tashabbusning boshlanganiga ikki oydan oshiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da hanuzgacha ayrim maktablar va oliy taʼlim muassasalarida mazkur hamkorlikning mazmun mohiyatini faqat maktablarning moddiy texnik bazasini mustahkamlashdan iborat degan tushuncha mavjud, — deydi u. — Biriktirilgan OTMlar tomonidan maktablarida taʼlim sifati va oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish va metodik qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yetarli darajada emas.
Yuqoridagi kabi kamchiliklar qatorida mazkur yoʻnalishda viloyatda ijobiy tajribalar ham mavjudligi qayd etib oʻtildi.
Xususan, Jizzax politexnika institutiga 7 ta maktab biriktirilgan boʻlib, hamkorlik doirasida oʻquv-uslubiy yordam, oʻquvchi va oʻqituvchilar bilan ochiq muloqotlar, moddiy-texnik taʼminotni mustahkamlash boʻyicha ishlar olib borilgan. Jumladan, iqtidorli oʻquvchilar uchun rektor stipendiyasi joriy qilingan, institutning professor-oʻqituvchilari tomonidan har haftada 1 marotaba maktablarda oʻqituvchi va oʻquvchilarga belgilangan fanlardan (biologiya, ingliz tili, tarix, informatika, fizika, kimyo, matematika) mahorat darslari olib borilmoqda, maktablarda oʻquvchilarni OTMlarga tayyorlash boʻyicha bepul repetitorlik kurslari (179 nafar oʻquvchi) tashkil etilgan. Taʼlim inspeksiyasi rahbari Jizzax politexnika instituti tomonidan oʻziga biriktirilgan maktablarda amalga oshirgan ishlarini Respublika miqyosida ommalashtirish lozimligini taʼkidladi.
Yigʻilish yakunida mazkur masala ham tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan muhokama qilinib, bajarilishi lozim boʻlgan ishlar belgilab olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Samarqand shahri "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" sammitiga tayyor
- O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari Ramazon hayiti munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutladi
- Senatda Qatar Shoʻro kengashi Raisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
- Samarqandda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti oʻz ishini boshladi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va BAAning “Manara” markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring