Maktablarda pandemiya sharoitida oʻquv yilini boshlash boʻyicha qoʻshma qaror loyihasi tayyorlandi

19:42 27 Avgust 2020 Jamiyat
2279 0

Sogʻliqni saqlash vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda pandemiya sharoitida taʼlim muassasalarida 2020-2021 oʻquv yilini tashkil etishda amalga oshiriladigan tadbirlar toʻgʻrisida qoʻshma qaror loyihasini ishlab chiqdi.

BMTning bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) tavsiyalari asosida yaratilgan ushbu qaror loyihasida “COVID-19” pandemiyasi davrida xalq taʼlimi tizimidagi muassasalar maʼmuriyati, tibbiyot xodimlari, pedagoglar, texnik xodimlar, oʻquvchilar va ularning ota-onalari uchun alohida tavsiyalar aks etgan. Unga koʻra:

Maktab rahbarlariga:

— maktablarda sanitariya qoidalariga rioya qilish, jumladan, qoʻllarni muntazam ravishda yuvish jadvalini tuzish, qoʻl yuvish joylarini hozirlash hamda ularni sovun va suv, shuningdek, ichimlik suvi bilan taʼminlash;

— maktab tasarrufidagi oʻquv va maishiy binolarga kirib-chiqishda dezinfeksiya vositalarini joylashtirish, sinfxonalar sharoitini oʻquvchilar orasida masofa saqlanishiga moslab qayta koʻrib chiqish;

— maktablarda “ertalabki filtrlar” va “izolyatsiya” xonalari tashkil etish va boshqa vazifalar;

Pedagoglarga:

— maktablarda gigiyena koʻnikmalarini va sogʻlom turmush tarzi qoidalarini doimo targʻib qilish;

— sinf xonalari, suv va sanitariya inshootlarini muntazam tozalash va dezinfeksiyalash, oʻquvchilarning doimiy ravishda qoʻllarni yuvib turishi, masofa saqlashi va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishini nazorat qilish; 

— xonalarni shamollatish va dezinfeksiyalash kabi choralar hamma uchun foyda ekanligini oʻquvchilarga va ularning ota-onalariga qaratilgan qisqa-qisqa suhbatlar orqali tushuntirish va boshqa vazifalar;

Tibbiyot xodimlariga:

— “ertalabki filtrlar” ishlarini va kasallik aniqlanganda bemorni zudlik bilan izolyatsiyalashni tashkillashtirishda koʻmak berish;

— dezinfeksiya vositalarini tayyorlashda maktab xodimlariga koʻrsatmalar berish;

— maʼmuriyat koʻmagi bilan oʻquvchilar va maktab xodimlarining tibbiy bilim va madaniyatini oshirishda ishtirok etish kabi vazifalar;

Texnik xodimlarga:

— suv, sovun va yuvish vositalaridan foydalangan holda har kuni 3-marta nam tozalashni va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda kuniga 1-marta va haftada kamida bir marta umumiy tozalashni amalga oshirish;

— dezinfeksiyalash vositalari va yuvish vositalarini hamda ularning ishchi eritmalarini oʻquvchilar qoʻli yetmaydigan joyda saqlash va ularni infeksion xavfsizligiga javobgar boʻlish va boshqa vazifalar;

Ota-onalarga:

— farzandlariga gigiyena qoidalarini oʻrgatish;

— taʼlim muassasasi maʼmuriyati va pedagoglari bilan maʼlumot almashish maqsadida doimiy muloqotda boʻlib, maktab xavfsizligini taʼminlashga koʻmaklashish va boshqa vazifalar yuklatitishi koʻzda tutilmoqda.

Qoʻshma qaror loyihasi bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi rasmiy veb-saytida batafsil tanishish mumkin.

Loyiha yuzasidan fikr va mulohazalar Shtab@minzdrav.uz elektron manzilida qabul qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?