Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 22-oktyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 14-dekabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
alohida taʼlim olish ehtiyojlari boʻlgan bolalar – nogironligi boʻlganidan yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, oila, pedagoglar, mutaxassislar, jamiyat va davlatning alohida eʼtiboriga muhtoj boʻlgan individual ehtiyojlarga ega bolalar;
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti – davlat tomonidan moliyalashtiriladigan va boshqariladigan hamda maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standartiga muvofiq maktabgacha taʼlim va tarbiya xizmatlari koʻrsatuvchi tashkilot;
inklyuziv taʼlim va tarbiya – bolalarning alohida taʼlim olishga boʻlgan ehtiyojlarini hamda individual imkoniyatlarini hisobga olgan holda taʼlim va tarbiya olishi uchun teng imkoniyatlarni taʼminlaydigan jarayon;
maktabgacha boʻlgan yosh – bolalarning tugʻilgan paytidan yetti yoshgacha, to ularga umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida taʼlim berish boshlangan paytga qadar boʻlgan yoshi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya – bolalarga taʼlim va tarbiya berishga, ularni intellektual, maʼnaviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, shuningdek bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlashga qaratilgan uzluksiz taʼlim turi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat standarti – taʼlim-tarbiya jarayonining hajmiga, mazmuniga va sifatiga, maktabgacha taʼlim tashkilotini qurish va jihozlashga, shuningdek maktabgacha yoshdagi bolalarning sogʻlom ovqatlanishini va xavfsizligini tashkil etishga doir majburiy talablar majmui;
maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi – bola tomonidan oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan asosiy bilimlarning, mahorat va koʻnikmalarning hajmini hamda mazmunini belgilovchi, shuningdek taʼlim va tarbiya mazmunining oʻziga xosligini, taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi hujjat;
maktabgacha taʼlim tashkiloti – maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida taʼlim va tarbiya xizmatlari koʻrsatuvchi davlat va nodavlat tashkiloti;
nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti – nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziya asosida maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida taʼlim va tarbiya xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
pedagogning kasbiy standarti – maktabgacha taʼlim tashkiloti pedagogining shaxsiy kasbiy sifatlariga, bilimlariga, mahorati va koʻnikmalariga doir asosiy talablar majmui;
taʼlim va tarbiyaning muqobil shakli – maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimidagi innovatsion taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish modeli.
4-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning asosiy prinsiplari
Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
har bir bola uchun maktabgacha taʼlim va tarbiya olish imkoniyatining mavjudligi;
har bir bolaning isteʼdodi nishonalarini, ishtiyoqlari va qobiliyatlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar tengligi;
maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarga taʼlim, tarbiya berish va ularni sogʻlomlashtirishning, oila hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyaviy taʼsirining birligi;
maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarga taʼlim va tarbiya berish uygʻunligi;
bolaning shaxsini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan shaxsiy yondashuv;
maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlimning izchilligi hamda uzluksizligi;
taʼlim va tarbiyaning demokratik hamda dunyoviy xususiyatga egaligi;
taʼlim-tarbiya jarayonining shaffofligi va ochiqligi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya mazmuni, darajasi hamda hajmining maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarning rivojlanish xususiyatlariga hamda sogʻligʻi holatiga muvofiqligi.
5-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
har bir bolaning maktabgacha taʼlim va tarbiya olishga boʻlgan huquqi amalga oshirilishini taʼminlash;
bolalarning maktabgacha taʼlim va tarbiyaga toʻliq qamrab olinishini taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish;
bolaning rivojlanishida, maktabgacha taʼlim va tarbiya olishida oilaga har tomonlama yordam koʻrsatish;
bolalarning, shu jumladan alohida taʼlim olish ehtiyojlari boʻlgan bolalarning sifatli maktabgacha taʼlim va tarbiya olishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
taʼlim va tarbiya berishning muqobil shakllarini yaratish hamda rivojlantirish;
maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirishga qaratilgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish va rivojlantirish;
maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarni har tomonlama rivojlantirish maqsadida zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
6-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiya olishga doir davlat kafolatlari
Har bir bola maktabgacha taʼlim va tarbiya olish huquqiga ega.
Davlat har bir bolaning umumiy oʻrta taʼlim tashkilotiga oʻqishga kirishidan bir yil oldin davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida umumiy oʻrta taʼlimga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan oʻtishga boʻlgan huquqini kafolatlaydi.
Bolaning maktabgacha taʼlim va tarbiya olishiga doir davlat kafolatlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari negizida maktabgacha taʼlim va tarbiya xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek taʼlim va tarbiya berishning muqobil shakllarini tashkil etish orqali taʼminlanadi.
2-bob. Maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasini tartibga solish
7-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini amalga oshiruvchi organlar
Maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining roʻyobga chiqarilishini amalga oshiruvchi organlar quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (bundan buyon matnda Davlat inspeksiyasi deb yuritiladi);
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi;
oʻz tasarrufida maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlgan boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilmagan organlar hamda tashkilotlar qonun hujjatlariga muvofiq maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi.
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat dasturlari ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish tartibini belgilaydi;
maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standartini tasdiqlaydi;
maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibini belgilaydi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning, shuningdek nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziyalarning (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) berilish tartibini belgilaydi;
maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Davlat inspeksiyasining maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi vakolatlari
Davlat inspeksiyasi:
maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya jarayoni sifati ustidan nazoratni va monitoringni amalga oshiradi;
maktabgacha taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazadi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining rahbar va pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazadi;
maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlariga malaka toifalari berilishini tashkil etadi;
nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida litsenziyalar beradi.
Davlat inspeksiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi:
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishini taʼminlaydi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oʻz vakolatlari doirasida maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi hamda ularni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etadi, qayta tashkil etadi va tugatadi;
maktabgacha taʼlim tashkilotlarining faoliyatiga uslubiy jihatdan rahbarlikni amalga oshiradi;
maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
ilgʻor pedagogik texnologiyalarni oʻrganadi, umumlashtiradi va taʼlim-tarbiya jarayoniga joriy etadi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oʻquv-uslubiy, didaktik materiallar, badiiy adabiyotlar, rivojlantiradigan oʻyinlar va oʻyinchoqlar bilan taʼminlanishini, shuningdek ularning moddiy-texnika bazasi jihozlanishini hamda mustahkamlanishini tashkil etadi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining malakasiga doir talablarni belgilaydi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni hamda ularning malakasini oshirishni taʼminlaydi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi statistika maʼlumotlarining hisobi yuritilishini hamda tahlil qilinishini taʼminlaydi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti kuzatuv kengashining faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi ilmiy-tadqiqot hamda ilmiy-uslubiy faoliyatni amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi;
bolaning qonuniy vakillariga uslubiy, maslahat yordami va boshqa yordam koʻrsatadi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimiga investitsiyalar hamda grantlarni jalb etish choralarini koʻradi, chet el investitsiyalari ishtirokidagi amaldagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlashni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarga davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida bepul malakali tibbiy yordam koʻrsatilishini taʼminlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan birgalikda bolaning yoshiga va fiziologik ehtiyojlariga mos keladigan, ratsional hamda mutanosib ovqatlanishi uchun maktabgacha taʼlim tashkilotidagi tabiiy mahsulotlar toʻplamini belgilaydi;
alohida taʼlim olish ehtiyojlari boʻlgan bolalarni sogʻlomlashtirishga qaratilgan davolash-sogʻlomlashtirish, reabilitatsiya, sanitariya-gigiyena va profilaktika tadbirlarini oʻtkazadi;
maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilishini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Oʻz tasarrufida maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining vakolatlari
Oʻz tasarrufida maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari:
maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishini taʼminlaydi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi tarmoq dasturlarini ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan kelishuvga koʻra oʻz tasarrufidagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qayta tashkil etadi va tugatadi.
Oʻz tasarrufida maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining ijro etilishini taʼminlaydi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi;
maktabgacha yoshdagi bolalarning sifatli maktabgacha taʼlim va tarbiya olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
oʻz vakolatlari doirasida maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat-xususiy sheriklik borasidagi faoliyatni amalga oshiradi;
taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining va maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlarining ijtimoiy himoya qilinishini, hayoti, sogʻligʻi muhofaza qilinishini, shuningdek huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga koʻmaklashadi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimiga investitsiyalar jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻradi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan kelishuvga koʻra tegishli hududda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etadi, qayta tashkil etadi, tugatadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Fuqarolarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi tadbirlarda ishtirok etishi
Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni hamda boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
aholi oʻrtasida fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadi.
Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
3-bob. Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimi. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining turlari
15-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimi
Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
maktabgacha taʼlim tashkilotlari;
taʼlim berishning muqobil shakllari;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari va taʼlim tashkilotlari;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi davlat boshqaruvi organlari, shuningdek ularning tasarrufidagi tashkilotlar.
16-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotining maqomi
Maktabgacha taʼlim tashkiloti davlat va nodavlat tashkiloti boʻlishi mumkin.
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ham tashkil etilishi mumkin.
Maktabgacha taʼlim tashkilotida siyosiy partiyalar va diniy tashkilotlarning tashkiliy tuzilmalari tashkil etilishiga hamda faoliyat yuritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
17-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining turlari
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari quyidagi turlarda tashkil etiladi:
umumiy turdagi maktabgacha taʼlim tashkiloti;
koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkiloti;
inklyuziv guruhlarga ega maktabgacha taʼlim tashkiloti;
qoʻshma turdagi maktabgacha taʼlim tashkiloti.
Umumiy turdagi maktabgacha taʼlim tashkilotining umumiy rivojlantirish yoʻnalishidagi guruhlarida maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi amalga oshirilishi taʼminlanadi.
Koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotida rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi amalga oshirilishi taʼminlanadi.
Inklyuziv guruhlarga ega maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalarning alohida taʼlim olish ehtiyojlari va individual imkoniyatlarini hisobga olgan holda, ularni sogʻlom muhitga uygʻunlashtirish orqali taʼlim va tarbiya olishi uchun teng imkoniyatlar taʼminlanadi.
Qoʻshma turdagi maktabgacha taʼlim tashkilotida rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalarning va rivojlanishida nuqsonlari boʻlmagan bolalarning bitta tashkilotda alohida guruhlarda, shuningdek inklyuziv guruhlarda birgalikda oʻqishini hamda tarbiyalanishini tashkil etishga qaratilgan maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi amalga oshirilishi taʼminlanadi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa turlarda ham tashkil etilishi mumkin.
4-bob. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining faoliyatini tashkil etish
18-modda. Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish
Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi va oʻz faoliyatini ustav asosida amalga oshiradi.
Quyidagilar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining muassislaridir:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Boshqa davlat organlari va tashkilotlar ham qonun hujjatlariga muvofiq davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining muassislari boʻlishi mumkin.
19-modda. Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi va oʻz faoliyatini ustav hamda maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi litsenziya asosida amalga oshiradi.
Yuridik va jismoniy shaxslar nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining muassislari boʻlishi mumkin.
20-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida taʼlim xizmatlari koʻrsatish
Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan jismoniy shaxslar maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti shaklida taʼlim xizmatlari koʻrsatadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan jismoniy shaxslar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan beriladigan maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan paytdan eʼtiboran maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida taʼlim xizmatlarini koʻrsatishga haqli.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida koʻpi bilan yigirma besh nafar maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolaning taʼlim va tarbiya olishiga yoʻl qoʻyiladi.
21-modda. Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalash
Maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi litsenziya yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtganidan keyin beriladi.
Litsenziya berish, litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
22-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasi
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasi Davlat inspeksiyasi tomonidan attestatsiya asosida amalga oshiriladi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasi besh yilda bir marta amalga oshiriladi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining davlat akkreditatsiyasini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
23-modda. Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etishning majburiyligi
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari:
shaharlar, shaharchalar va boshqa aholi punktlari tashkil etilganda;
turar joy majmualari qurilganda;
tegishli hududda maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarning qonun hujjatlarida belgilangan cheklangan soni oshganda majburiy tartibda tashkil etiladi.
Bir nechta koʻp kvartirali uydan yoki yakka tartibdagi uylar guruhlaridan iborat boʻlgan yangi turar joy majmualarini loyihalashtirish va qurishda koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatlarida yoxud alohida bino tarzida har bir ikki yuzta kvartira yoki yakka tartibdagi uylar uchun kamida ellikta oʻrindan kelib chiqqan holda maktabgacha taʼlim tashkilotining mavjud boʻlishi shartligi nazarda tutiladi.
24-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotining huquq va majburiyatlari
Maktabgacha taʼlim tashkiloti:
maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi asosida oʻz taʼlim dasturini ishlab chiqishga;
bolaning qonuniy vakillari bilan tuzilgan shartnoma asosida maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturida nazarda tutilganidan tashqari qoʻshimcha pulli taʼlim xizmatlari koʻrsatishga;
bolaning qonuniy vakillari bilan taʼlim va tarbiya borasida hamkorlikni amalga oshirishga haqli.
Maktabgacha taʼlim tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Maktabgacha taʼlim tashkiloti:
davlat maktabgacha taʼlim va tarbiya standarti talablariga mos keladigan maktabgacha taʼlim darajasini taʼminlashi;
bolalarning rivojlanishi, taʼlim va tarbiya olishi uchun xavfsiz shart-sharoitlar yaratishi;
bolaga taʼlim va tarbiya berish masalalari yuzasidan uning qonuniy vakillariga maslahat yordamini berishi;
bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga tahdidlar, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi faktlari toʻgʻrisida vakolatli organlarni xabardor qilishi shart.
Maktabgacha taʼlim tashkilotining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
25-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirish
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarni parvarishlash, ovqatlantirish va ularga qarab turish uchun olinadigan toʻlovlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirish ularning muassislari mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti bolaning qonuniy vakillari bilan tuzilgan shartnoma asosida maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturida nazarda tutilganidan tashqari qoʻshimcha pulli taʼlim xizmatlari koʻrsatishga haqli.
26-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va sohaga malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi huzurida Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyat koʻrsatadi.
Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablagʻlari;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining foydalanilmaydigan koʻchmas mulkini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlarning 100 foizi;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining tuzilmasiga kiradigan muassasalar va tashkilotlar faoliyatini tekshirish natijalari boʻyicha vazirlikning ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va byudjetdan tashqari jamgʻarmalar daromadiga undirilgan byudjet mablagʻlarining qonunga xilof xarajatlari, oʻgʻriliklar, rastratalar, kamomadlar summalarining 50 foizi;
Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini joylashtirishdan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining xayriya ehsonlari;
xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari), grantlari hamda texnik jihatdan koʻmaklashish vositalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlari:
maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurilishlarning manzilli roʻyxatlariga kiritgan holda, ularning tarmogʻini kengaytirishga;
maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimi organlari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga;
yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan chet ellik yuqori malakali mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligiga ishlash uchun jalb qilishga;
davlat organlari va tashkilotlarining, loyiha institutlarining, ilmiy muassasalar hamda oliy taʼlim tashkilotlarining, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning mutaxassislari va ekspertlarini Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarni bajarish doirasida maslahatchilar sifatida jalb qilishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi xodimlarini oʻqitishni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida oʻqitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining, viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalarining va Toshkent shahar Maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasining, tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlarining hamda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining binolarini jihozlash va taʼmirlashga;
taʼlim-tarbiya jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boshqa tadbirlarga sarflanadi.
Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maqsadlar uchun ham sarflanishi mumkin.
27-modda. Maktabgacha taʼlimni boshqarishning axborot tizimi
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi axborotni yigʻish, saqlash, izlashni, unga ishlov berish va undan foydalanishni amalga oshirish imkonini beruvchi Maktabgacha taʼlimni boshqarishning axborot tizimi yaratilishini hamda faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi.
Maktabgacha taʼlim tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Maktabgacha taʼlimni boshqarishning axborot tizimiga kiritish barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun majburiydir.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlari Maktabgacha taʼlimni boshqarishning axborot tizimiga kiritiladigan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun shaxsan javobgar boʻladi.
Maktabgacha taʼlimni boshqarishning axborot tizimiga kiritiladigan maʼlumotlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan belgilanadi.
5-bob. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish
28-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standarti
Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standarti barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun majburiydir.
Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standarti kamida besh yilda bir marta qayta koʻrib chiqiladi.
Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standarti maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturini, maktabgacha yoshdagi bolalarga maktabgacha taʼlim va tarbiya berish sohasidagi oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni, uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishda, shuningdek maktabgacha taʼlim tashkilotlarini loyihalashtirishda, qurishda, jihozlashda va ularning faoliyatini tashkil etishda hisobga olinishi shart.
29-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi
Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi bolani toʻlaqonli har tomonlama kamol toptirishga qaratilgan taʼlim-tarbiya jarayoni tashkil etilishini taʼminlaydi.
Maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi:
bolaning bilim jihatidan va intellektual rivojlanishini;
bolaning qonuniy vakillari bilan hamkorlikni;
bolalarni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlar, Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi millatlar va elatlarning urf-odatlari va anʼanalari bilan tanishtirishni;
bolaning ijtimoiy moslashuvini;
alohida taʼlim olish ehtiyojlari boʻlgan bolalar bilan pedagogik-tuzatish (korreksiyalash) va tibbiy-psixologik ishlar amalga oshirilishini;
bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlashni taʼminlashi kerak.
Jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishidagi nuqsonlarini tuzatishga (korreksiyalashga) hamda reabilitatsiya qilishga muhtoj boʻlgan bolalarning maktabgacha taʼlim va tarbiya olishi maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlim dasturi asosida ishlab chiqilgan yakka tartibdagi rejalar boʻyicha amalga oshiriladi.
30-modda. Taʼlim berish tili
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim berish tili “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilanadi.
31-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining ish rejimi
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oʻquv yili joriy yilning 2-sentyabridan keyingi yilning 31-mayigacha boʻlgan davrni, yozgi sogʻlomlashtirish davri joriy yilning 1-iyunidan 31-avgustigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi guruhlar ularda bolalarning boʻlishi davomiyligiga qarab:
bolalar qisqa vaqt boʻladigan guruhlar (kuniga 3–4 soat);
toʻliq kunli guruhlar (kuniga 9, 10,5 va 12 soat);
bolalar kechayu kunduz boʻladigan guruhlar boʻlishi mumkin.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining:
bolalar 3–4 soat boʻladigan guruhlarida – kunduzgi uyqu tashkil etilmaydi va bir martalik ovqatlantirish tashkil etilishi mumkin;
bolalar 9–10,5 soat boʻladigan guruhlarida – uch martalik ovqatlantirish tashkil etilishi va kunduzgi uyqu uchun sharoitlar yaratilgan boʻlishi kerak;
bolalar 12 soat boʻladigan guruhlarida – toʻrt martalik ovqatlantirish tashkil etilishi va kunduzgi uyqu uchun sharoitlar yaratilgan boʻlishi kerak.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining bolalar kechayu kunduz boʻladigan guruhlarida kunduzgi va tungi uyqu hamda besh martalik ovqatlantirish tashkil etilishi uchun sharoitlar yaratilgan boʻlishi kerak.
Uch yoshdan yetti yoshgacha boʻlgan bolalar uzluksiz uxlamaydigan muddatning tavsiya etiladigan maksimal davomiyligi 5,5–6 soatni tashkil etadi.
Uch yoshdan yetti yoshgacha boʻlgan bolalar uchun sutkalik uyquning tavsiya etiladigan umumiy davomiyligi muddati 12–12,5 soatni tashkil etadi, shundan 2–2,5 soatni kunduzgi uyqu uchun ajratish tavsiya qilinadi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotining ish rejimi va bolalarning unda boʻlishi davomiyligi uning ustavida belgilanadi.
6-bob. Maktabgacha boʻlgan yosh davrlari. Bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish va ulardan chiqarish
32-modda. Maktabgacha boʻlgan yosh va uning davrlari
Maktabgacha boʻlgan yosh bola shaxsining jismoniy, psixologik va ijtimoiy jihatdan shakllanishining asosiy davridir.
Maktabgacha boʻlgan yosh quyidagi davrlarni oʻz ichiga oladi:
goʻdaklik (tugʻilganidan bir yoshgacha);
ilk bolalik (bir yoshdan uch yoshgacha);
maktabgacha boʻlgan kichik yosh (uch yoshdan toʻrt yoshgacha);
maktabgacha boʻlgan oʻrtacha yosh (toʻrt yoshdan besh yoshgacha);
maktabgacha boʻlgan katta yosh (besh yoshdan yetti yoshgacha).
33-modda. Bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish va ulardan chiqarish
Umumiy turdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bolalarni qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlariga va qoʻshma turdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan guruhlarga bolalarni qabul qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalari va Toshkent shahar Maktabgacha taʼlim bosh boshqarmasi huzuridagi tibbiy-ruhiy-pedagogik komissiya xulosasi asosida, bolaning qonuniy vakillari roziligi bilan amalga oshiriladi.
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bolalarni qabul qilish va ulardan chiqarish nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining ustaviga muvofiq amalga oshiriladi.
34-modda. Maktabgacha taʼlim tashkiloti guruhlarini toʻldirish
Guruh maktabgacha taʼlim tashkilotining tarkibiy birligidir.
Maktabgacha taʼlim tashkilotidagi guruhlar yoshga doir toifalar yoki yoshga doir boʻlmagan toifalar boʻyicha toʻldirilishi mumkin.
Guruhlar yoshga doir toifalar boʻyicha toʻldirilganda quyidagi yosh toifalari belgilanadi:
ilk rivojlanish guruhi (bir yoshdan uch yoshgacha);
kichik guruh (uch yoshdan toʻrt yoshgacha);
oʻrta guruh (toʻrt yoshdan besh yoshgacha);
katta guruh (besh yoshdan olti yoshgacha);
maktabga tayyorlov guruhi (olti yoshdan yetti yoshgacha).
Maktabgacha taʼlim tashkiloti guruhlarini toʻldirish va bolalarni bir guruhdan boshqasiga oʻtkazish har yili oʻquv yili boshlanguniga qadar amalga oshiriladi.
Umumiy turdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida guruhlar tegishli ravishda quyidagi miqdorda toʻldiriladi:
uch yoshdan yetti yoshgacha boʻlgan bolalar guruhlarida – koʻpi bilan oʻttiz nafar bola;
bolalar qisqa vaqt boʻladigan guruhlarda – koʻpi bilan oʻttiz nafar bola;
turli yoshdagilar guruhlarida – koʻpi bilan yigirma besh nafar bola;
bolalar kechayu kunduz boʻladigan guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola.
Agar davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti joylashgan yerda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga borishni xohlovchi maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalar soni yigirma nafardan kam boʻlsa va bu joyda boshqa davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda kam sonli bolalardan iborat guruhlarni tashkil etishga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan kelishuvga koʻra guruhlarni ularni toʻldirishning eng koʻp miqdori oshirilgan holda tashkil etishga yoʻl qoʻyiladi.
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida guruhlarni toʻldirish tartibi maktabgacha taʼlim tashkilotlarini saqlashga, ularning tuzilishiga va ulardagi ish rejimini tashkil etishga doir sanitariya-gigiyena talablari hisobga olingan holda ularning muassisi tomonidan belgilanadi.
Koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotida rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun guruhlar tegishincha quyidagi miqdorda toʻldiriladi:
nutqida ogʻir nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn ikki nafar bola;
kar bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola;
yaxshi eshitmaydigan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn ikki nafar bola;
koʻzi ojiz bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola;
koʻzi yaxshi koʻrmaydigan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn ikki nafar bola;
tayanch-harakat apparati buzilgan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn sakkiz nafar bola;
gemiparez, monoparez, plegiya asoratlari boʻlgan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn ikki nafar bola;
bolalar serebral falaji sindromi asoratlari boʻlgan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola;
yengil darajada aqli zaif boʻlgan aqliy nuqsonlari bor bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn ikki nafar bola, oʻrtamiyona va oʻrtacha darajada aqli zaif boʻlgan aqliy nuqsonlari bor bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola;
autizmga chalingan uch yoshdan katta bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola;
aqliy rivojlanishi kechikayotgan uch yoshdan katta bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn ikki nafar bola;
murakkab nuqsonlari (ikki va undan ortiq nuqsoni) boʻlgan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola.
Inklyuziv guruhlarga ega maktabgacha taʼlim tashkilotida guruhlar tegishincha quyidagi miqdorda toʻldiriladi:
1) uch yoshgacha boʻlgan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan yigirma besh nafar bola, shu jumladan rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan ikki yoshdan uch yoshgacha koʻpi bilan uch nafar bola;
2) uch yoshdan katta bolalar uchun guruhlarda:
koʻpi bilan yigirma besh nafar bola, shu jumladan rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan (yaxshi koʻra olmaydigan yoki yaxshi eshita olmaydigan yoki tayanch-harakat apparatida nuqsonlari boʻlgan) koʻpi bilan uch nafar bola;
koʻpi bilan yigirma besh nafar bola, shu jumladan rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan (koʻrish ambliopiyasiga chalingan, koʻzi gʻilay yoki nutqida ogʻir nuqsonlari boʻlgan yoki autizmga chalingan) koʻpi bilan ikki nafar bola;
koʻpi bilan yigirma besh nafar bola, shu jumladan nutqida ogʻir nuqsonlari boʻlgan koʻpi bilan uch nafar bola;
koʻpi bilan yigirma besh nafar bola, shu jumladan ruhiy rivojlanishida kechikayotgan koʻpi bilan uch nafar bola.
Qoʻshma turdagi maktabgacha taʼlim tashkilotida rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun guruhlar tegishincha quyidagi miqdorda toʻldiriladi:
qulogʻi kar bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola;
qulogʻi yaxshi eshitmaydigan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn ikki nafar bola;
koʻzi ojiz bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola;
koʻzi yaxshi koʻrmaydigan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn ikki nafar bola;
tayanch-harakat apparati buzilgan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn sakkiz nafar bola;
gemiparez, monoparez, plegiya asoratlari boʻlgan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn ikki nafar bola;
bolalar serebral falaji sindromi asoratlari boʻlgan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola;
autizmga chalingan uch yoshdan katta bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola;
murakkab nuqsonlari (ikki va undan ortiq nuqsoni) boʻlgan bolalar uchun guruhlarda – koʻpi bilan oʻn nafar bola.
35-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarni parvarishlaganlik, ovqatlantirganlik va ularga qarab turganlik uchun haq toʻlash
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarni parvarishlaganlik, ovqatlantirganlik va ularga qarab turganlik uchun haq toʻlash qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda amalga oshiriladi.
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻzi koʻrsatayotgan maktabgacha taʼlim va tarbiya xizmatlari qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlgan oilalarning bolalarini parvarishlaganlik, ovqatlantirganlik va ularga qarab turganlik uchun haq toʻlash imtiyozli shartlarda qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda amalga oshiriladi.
7-bob. Maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari, ularning huquq va majburiyatlari
36-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari
Maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari quyidagilardan iborat:
maktabgacha boʻlgan yoshdagi bola;
bolaning qonuniy vakillari;
pedagog xodimlar.
Maktabgacha taʼlim tashkilotining taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari bilan oʻzaro munosabatlari shartnoma bilan tartibga solinadi.
37-modda. Maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarning huquqlari
Maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalar quyidagi huquqlarga ega:
davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida bepul tibbiy yordam olish;
sogʻliq uchun xavfsiz boʻlgan sharoitlarda taʼlim olish va tarbiyalanish;
sogʻlom turmush tarzini olib borish, bolalarni mehnat qilishga majburlashning har qanday shakllaridan, jismoniy va ruhiy zoʻravonlikdan, oʻz shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishidan himoyalanish;
oʻz sogʻligʻiga zarar yetkazadigan axborotdan himoyalanish;
umumiy oʻrta taʼlimga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan oʻtish.
Maktabgacha yoshdagi bolalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
38-modda. Bolaning qonuniy vakillarining huquq va majburiyatlari
Bolaning qonuniy vakillari quyidagi huquqlarga ega:
bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
oʻz bolasi uchun maktabgacha taʼlim shaklini va taʼlim olish tilini tanlash;
maktabgacha taʼlim tashkilotlari maʼmuriyatidan maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan zarur shart-sharoitlar taʼminlanishini talab qilish;
maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolani rivojlantirish, unga maktabgacha taʼlim va tarbiya berish masalalari yuzasidan davlat organlariga murojaat qilish;
bolaga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishni talab qilish;
maktabgacha taʼlim tashkilotidagi taʼlim-tarbiya jarayoni tashkil etilishida ishtirok etish;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining kuzatuv kengashi tarkibini saylash va unga saylanish.
Bolaning qonuniy vakillari qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Bolaning qonuniy vakillari:
bolaning jismoniy sogʻligʻi, ruhiy holati haqida qaygʻurishi, uning tabiiy qobiliyatlari, ishtiyoqlari va isteʼdodlarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi;
bolaning maktabgacha taʼlim tashkilotlarida maktabgacha taʼlim va tarbiya olishiga koʻmaklashishi yoki uning oilada taʼlim va tarbiya olishini taʼminlashi;
maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi taʼlim-tarbiya jarayoni boshqa ishtirokchilarining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi;
bolalarni Vatanga muhabbat, mehnatga, oʻz xalqining milliy, tarixiy, madaniy qadriyatlariga, shuningdek umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda boʻlish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalashi;
oilada bolaning har tomonlama rivojlanishi, taʼlim va tarbiya olishi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart.
Bolaning qonuniy vakillarining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Bolalarning umumiy oʻrta taʼlim muassasasiga kirguniga qadar umumiy oʻrta taʼlimga bir yillik majburiy tayyorgarlik koʻrishi uchun javobgarlik ularning qonuniy vakillari zimmasiga yuklatiladi.
39-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarining huquq va majburiyatlari
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlari:
kasbiy shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish;
ijodiy tashabbus koʻrsatish, taʼlim va tarbiya uslubiyotlarini, oʻquv qoʻllanmalari hamda taʼlim vositalarini erkin tanlash;
maktabgacha taʼlim tashkilotini boshqarishda ishtirok etish;
maktabgacha taʼlim tashkilotining taʼlim dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
pedagogik faoliyatidagi muvaffaqiyatlar uchun maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirilish;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi ilmiy, innovatsion, xalqaro faoliyatda ishtirok etish huquqiga ega.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlarini oʻz kasbiy majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq boʻlmagan ish turlariga jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlari:
bolalarga professional darajada taʼlim va tarbiya berishi;
pedagogik etikaga rioya etishi, bolaning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishi, bolalarni zoʻravonlik koʻrinishlaridan himoya qilishi, ularni vatanparvarlik, mehnatga, qonuniy vakillariga hurmat bilan va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalashi;
maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat taʼlimdasturini bajarishi;
oʻz malakasini oshirishi;
oʻz kasbiy koʻnikmalarini va pedagogik mahoratini takomillashtirishi shart.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlari zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Taʼlim-tarbiya jarayonidan siyosiy maqsadlarda yoki bolalarni qonun hujjatlariga zid boʻlgan harakatlarni sodir etishga undash uchun foydalanish taqiqlanadi.
40-modda. Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlarining haftalik ish yuklamasi
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlari uchun haftalik ish yuklamasining miqdorlari qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlarining haftalik ish yuklamasi ushbu ish turi boʻyicha ish vaqti normalangan davomiyligining bir yarim baravari miqdoridan oshmasligi kerak.
Qonun hujjatlarida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlarining ayrim toifalari uchun haftalik ish yuklamasining boshqacha davomiyligi belgilanishi mumkin.
41-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va dam olishi
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash miqdori va tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari quyidagilar asosida shakllantiriladi:
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimining lavozimi va malaka toifasiga muvofiq belgilangan bazaviy tarif stavkalari;
lavozim maoshlariga ustamalar va qoʻshimcha haqlar.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining xodimlari uchun quyidagi malaka toifalari belgilanadi:
oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga ega mutaxassis;
bakalavr darajasiga yoki oliy taʼlim darajasi boʻyicha akademik darajalar joriy etilguniga qadar olingan oliy maʼlumotga ega mutaxassis;
bakalavr, magistr darajasiga yoki oliy taʼlim darajasi boʻyicha akademik darajalar joriy etilguniga qadar olingan oliy maʼlumotga ega ikkinchi toifali mutaxassis;
bakalavr, magistr darajasiga yoki oliy taʼlim darajasi boʻyicha akademik darajalar joriy etilguniga qadar olingan oliy maʼlumotga ega birinchi toifali mutaxassis;
bakalavr, magistr darajasiga yoki oliy taʼlim darajasi boʻyicha akademik darajalar joriy etilguniga qadar olingan oliy maʼlumotga ega oliy toifali mutaxassis.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining xodimlariga ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi, har yilgi uzaytirilgan haq toʻlanadigan taʼtil va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.
42-modda. Pedagogning kasbiy standarti
Ish beruvchilar tomonidan pedagogning kasbiy standarti:
kadrlar siyosatini shakllantirish;
pedagog kadrlarni ishga qabul qilish;
mehnat shartnomalarini tuzish;
lavozim yoʻriqnomasini ishlab chiqish;
mehnatga haq toʻlash;
pedagoglar oʻqishini tashkil etish;
maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglarini attestatsiyadan oʻtkazish chogʻida qoʻllaniladi.
Pedagogning kasbiy standarti hududlarning madaniy, demografik va boshqa xususiyatlari inobatga olingan holda talablar bilan toʻldirilishi mumkin.
Pedagogning kasbiy standarti pedagogning shaxsiy sifatlariga nisbatan uning bilimlari, mahorati va koʻnikmalaridan ajralmas boʻlgan talablar qoʻyadi.
Maktabgacha taʼlim tashkiloti pedagogining kasbiy standarti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Pedagogning malaka toifasi pedagogning kasbiy standartiga muvofiq beriladi.
43-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish besh yilda kamida bir marta amalga oshiriladi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotining pedagog xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish natijalariga koʻra pedagog xodimning egallab turgan lavozimiga muvofiqligi aniqlanadi va uning malaka toifasi belgilanadi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
44-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir cheklovlar
Muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, pedagogik faoliyatni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklari yoki jismoniy nuqsonlari boʻlgan shaxslar, shuningdek qasddan jinoyatlar sodir etganligi uchun ilgari hukm qilingan shaxslar maktabgacha taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Ilgari oʻzining aybli harakatlari sababli mehnat shartnomasi tugatilgan shaxslar, shuningdek qoʻllanilgan jazo chorasidan, sudlanganligi holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan hamda oʻziga nisbatan amnistiya yoki afv etish akti qoʻllanilganligidan qatʼi nazar, qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar, jinoyat ishlari aybdorligi toʻgʻrisidagi masala hal etilmagan holda tugatilgan jinoyatlar sodir etgan shaxslar maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimi organlari va tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas.
Qonunda maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir boshqa cheklovlar ham belgilanishi mumkin.
8-bob. Maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarni ijtimoiy himoya qilish
45-modda. Maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarga qarab turish va ularni taʼminlash
Davlat maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarning, ayniqsa yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning, sogʻligʻining holatini tuzatishga, uzoq vaqt davolanishga hamda reabilitatsiya qilishga muhtoj boʻlgan bolalarning, shuningdek kam taʼminlangan va koʻp bolali oilalardagi bolalarning ijtimoiy himoya qilinishi va qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlaydi.
Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida turli nuqsonlar boʻlgan bolalarga qarab turish qisman yoki toʻliq davlat taʼminoti asosida amalga oshiriladi.
Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻliq davlat taʼminotida boʻladi.
Yetim bolalarga va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga qarindoshlik munosabatlarini saqlash, shuningdek ularning shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlarini himoya qilish huquqi kafolatlanadi.
Koʻrish, eshitish qobiliyatini, tayanch-harakat apparatini tuzatishga muhtoj boʻlgan bolalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan harakatlanish, protezlash, axborotni idrok etish va qabul qilish vositalari, shuningdek boshqa individual tuzatish vositalari bilan taʼminlanadi.
46-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning ovqatlanishini tashkil etish
Maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalar uchun tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari toʻplami, ularni yoshiga doir fiziologik ehtiyojlariga muvofiq boʻlgan ratsional va mutanosib oziq-ovqat bilan taʼminlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan birgalikda belgilanadi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oziq-ovqat sifati ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi, uning hududiy boʻlinmalari va maktabgacha taʼlim organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarning ovqatlanishini tashkil etish autsorsing uslubi bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
47-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning sogʻligʻini saqlash
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning sogʻligʻini saqlash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
birinchi tibbiy yordam koʻrsatish;
maqbul oʻquv yuklamasini belgilash;
sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini targʻib qilish, shakllantirish va oʻrgatish;
sogʻlomlashtirish tadbirlarini tashkil etish;
kun tartibiga rioya etish;
sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish;
jismoniy faollik uchun shart-sharoitlar yaratish.
Maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarga tibbiy yordam maktabgacha taʼlim tashkilotlarining yoki tegishli sogʻliqni saqlash muassasalarining tibbiy xodimlari tomonidan koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari maktabgacha taʼlim organlari bilan birgalikda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sanitariya qoidalari va normalariga, gigiyenik normativlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Sogʻliqni saqlash organlari maktabgacha taʼlim organlari bilan birgalikda har yili bolalarning bepul tibbiy koʻrigini, ularning sogʻligʻi holati monitoringini va tuzatilishini (korreksiyalanishini) taʼminlaydi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining tibbiy xodimlari sanitariya qoidalari va normalariga, gigiyenik normativlarga rioya etilishi, shuningdek maktabgacha taʼlim tashkilotlarida davolash-profilaktika chora-tadbirlari oʻtkazilishi uchun javobgar boʻladi.
9-bob. Maktabgacha taʼlim tashkilotini boshqarish va uning faoliyatini tashkil etish tartibi
48-modda. Maktabgacha taʼlim tashkilotini boshqarish
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini boshqarishni quyidagilar amalga oshiradi:
pedagogik kengash;
kuzatuv kengashi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari.
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini boshqarish tartibi uning taʼsis hujjatlarida belgilanadi.
49-modda. Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining pedagogik kengashi
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining pedagogik kengashi pedagog xodimlardan iborat boʻlgan, uning pedagogik faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilishga doir vakolatlarni amalga oshiradigan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining kollegial boshqaruv organidir.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining pedagogik kengashi:
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish va takomillashtirish masalalarini koʻrib chiqadi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining ish rejasini va pedagog xodimlarning pedagogik yuklamasini belgilaydi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining taʼlim dasturini amalga oshirish natijalarini baholaydi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining bolaning qonuniy vakillari bilan oʻzaro munosabatlari tartibini belgilaydi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti pedagog xodimlarining malakasini oshirish, ularning ijodiy tashabbuskorligini rivojlantirish, taʼlim va tarbiya jarayoniga ilm-fan yutuqlarini va ilgʻor pedagogik tajribani joriy etish masalalarini muhokama qiladi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining xodimlarini maʼnaviy va moddiy ragʻbatlantirish masalalarini koʻrib chiqadi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarining va pedagog xodimlarining hisobotlarini eshitadi.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining pedagogik kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
50-modda. Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining kuzatuv kengashi
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bolani tarbiyalash, rivojlantirish va unga taʼlim berishga koʻmaklashish maqsadida kuzatuv kengashi tashkil etilib, uning tarkibi ushbu tashkilotga boradigan bolalarning qonuniy vakillari, oʻz xodimlari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari orasidan shakllantiriladi.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining kuzatuv kengashi:
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligiga kelishib olishga kiritish uchun tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarini belgilaydi, shuningdek uni egallab turgan lavozimidan ozod etish yuzasidan takliflar kiritadi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarining ushbu tashkilot faoliyatini takomillashtirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar, moliya-xoʻjalik holati, daromadlar va xarajatlar, byudjet mablagʻlaridan, byudjetdan tashqari, homiylik va boshqa mablagʻlardan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi;
davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarining va boshqa xodimlarining faoliyatiga taalluqli ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazadi;
tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlariga davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarlarini va boshqa xodimlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida takliflar kiritadi.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining kuzatuv kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti kuzatuv kengashining faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan belgilanadi.
51-modda. Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining rahbari
Direktor davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining rahbaridir.
Direktor davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining faoliyatiga joriy rahbarlikni amalga oshiradi.
Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorining huquq va majburiyatlari normativ-huquqiy hujjatlar, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining ustavi, shuningdek mehnat shartnomasi bilan belgilanadi.
10-bob. Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimining ilmiy-uslubiy taʼminoti. Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini ilmiy-uslubiy jihatdan taʼminlash vazifalari
52-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimining ilmiy-uslubiy taʼminoti
Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimining ilmiy-uslubiy taʼminotini quyidagilar amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va uning tasarrufidagi ilmiy-uslubiy muassasalar;
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, tegishli tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim tashkilotlari;
Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish institutlari (kurslari).
Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimining ilmiy-uslubiy taʼminotini qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ilmiy va taʼlim tashkilotlari ham amalga oshirishi mumkin.
53-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini ilmiy-uslubiy jihatdan taʼminlash vazifalari
Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimini ilmiy-uslubiy jihatdan taʼminlash vazifalari quyidagilardan iborat:
taʼlim-tarbiya jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish;
maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun oʻquv-uslubiy va didaktik materiallar ishlab chiqish va ishlab chiqarish;
maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish;
maktabgacha taʼlim va tarbiyani boshqarishning zamonaviy uslublarini ishlab chiqish va joriy etish;
maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimiga joriy etiladigan taʼlim uslublari va dasturlari samaradorligini tahlil qilish hamda baholash.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
54-modda. Nizolarni hal etish
Maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
55-modda. Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
56-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
57-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
58-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019-yil 16-dekabr
№ OʻRQ—595
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring