Maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi sohasidagi ustuvor vazifalar belgilandi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-sentyabr kuni maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Mamlakat kelajagi, iqtisodiyot rivoji, avvalo, bilimli avlodga bogʻliq. Shu maqsadda yurtimizda bogʻcha va maktablar qurish, zamonaviy oʻquv dasturlarini qoʻllash, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha koʻp ishlar qilinmoqda.
Oʻqituvchilarning oylik maoshiga 10 dan ortiq ustamalar joriy qilindi. Bugun oʻz ustida ishlagan 60 mingdan ortiq pedagog 10-12 million soʻm maosh olayapti. Yangi baholash tizimi boʻyicha ijobiy natija koʻrsatgan 300 ta maktabning butun jamoasi 40 foizgacha ustama olmoqda. Shu oydan maktab direktorlari, bogʻcha mudiralari va ularning oʻrinbosarlari oyligi ham 10 million soʻmdan oshdi.
Yil boshidan buyon xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz oʻgʻil-qizlari 195 ta medalni qoʻlga kiritgan. Xorijiy til egalari jalb qilingan mingdan ziyod maktabda til boʻyicha sertifikat olgan oʻquvchilar soni bir yilda 2,5 barobar koʻpaygan.
Yigʻilishda sohadagi islohotlarni davom ettirib, taʼlimning barcha yoʻnalishlarida katta oʻzgarish qilish zarurligi taʼkidlandi.
Bu yil maktabgacha taʼlimda oʻrinlar sonini 182 mingtaga koʻpaytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingtasi yangi bogʻchalar hissasiga toʻgʻri keladi. Qolgan 100 ming oʻrin eski bogʻchalarni taʼmirlash orqali hamda xususiy sektor ishtirokida tashkil etiladi.
Buning uchun maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past boʻlgan tuman va shaharlarda boʻsh yerlar auksionga chiqariladi. Ularda davlat-xususiy sheriklik asosida bogʻchalar qurish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Bunday muassasalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibi joriy qilinadi.
Yangi bino, sharoit bilan birga bogʻcha xodimlarining salohiyati ham shunga yarasha yuqori boʻlishi kerak. Yoz mavsumida 118 ming nafar tarbiyachining malakasi oshirildi. Lekin, bu hali kam. Davlat bogʻchalaridagi tarbiyachilarning 38 foizi, xususiylarda 24 foizi oliy maʼlumotli.
Shu bois yangi oʻquv yilidan oʻrta maxsus maʼlumotli tarbiyachilar uchun 5 kun ishlab, 1 kun oʻqiydigan bakalavr taʼlim shakli joriy qilinadi. Bu orqali bogʻchalarga har yili qariyb 10 ming oliy maʼlumotli mutaxassis kirib keladi.
Kelasi yili har bir viloyatda bogʻcha tarbiyachilarining pedagogik mahoratini oshirishga metodik koʻmaklashuvchi “Yangi avlod” bogʻchalari barpo qilinadi.
Yigʻilishda maktab taʼlimidagi sharoit bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.
Soʻnggi uch yilda iqtidorli oʻquvchilar uchun 201 ta ixtisoslashgan maktab tashkil qilingan. Lekin 12 tasida qurilish-taʼmirlash ishlari hali yakunlanmagan.
Olis hududlardagi 74 ming oʻquvchi maktabga 5-7 kilometrdan qatnayapti. Qashqadaryo va Surxondaryodagi 100 ta maktabga bepul avtobus qoʻyilgan. Bu zarurat boshqa viloyatlarda ham ilgari surilmoqda.
Oʻtgan yildan boshlab 1-sinflarda informatika dars soatlari yoʻlga qoʻyildi. Keyingi oʻquv yilidan yuqori sinflarga sunʼiy intellekt boʻyicha darslar kiritiladi. Buning uchun 2 mingta sinf xonasi kompyuter va interaktiv doskalar bilan taʼminlanishi aytildi.
Iqtidorli yoshlarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik boʻyicha Mirzo Ulugʻbek, tabiiy fanlar yoʻnalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi. Ular hududlardagi texnika oliy oʻquv yurtlariga biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ularning 2-kursiga qabul qilinadi.
Keyingi yil maktab oʻquvchilari oʻrtasida eng nufuzli 2 ta – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari ilk bor Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadi.
Mutasaddilarga shu boradagi vazifalar boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yoshlar tarbiyasi va bandligi masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Qayd etilganidek, endi yosh toifalari boʻyicha milliy tarbiya modeli yaratiladi. Bu orqali bolalar zamonaviy kompetensiyaga ega mutaxassis, milliy qadriyatlarga sodiq inson boʻlib tarbiyalanadi.
Bolalar kontentini rivojlantirish markazi, Qori Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogikasi milliy instituti tomonidan haftalik mavzularidan kelib chiqib, qiziqarli videoroliklar ishlab chiqiladi. Ular “Milliy tarbiya” platformasiga joylashtirib boriladi.
Yoshlarning qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularni har tomonlama shakllantirishda maktabdan tashqari taʼlim va sportning ahamiyati katta. Shu bois bu tizimni yangi bosqichga olib chiqish, oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish boʻyicha Prezident qarori imzolandi.
Unga koʻra, joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, Oʻquvchi yoshlar markazi va Oʻzbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. Bu markazlar maktablar bilan uzviylikni jonlantirib, oʻquvchilarni muhandislik, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, kitobxonlik, sport va ekologiya yoʻnalishlari boʻyicha toʻgaraklarga jalb qiladi.
Buning uchun har bir oʻrta maktabda maslahatchi lavozimi joriy qilinadi. Ular oʻquvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, sanʼat va sport toʻgaraklarini tashkil qiladi. Ushbu toʻgaraklar va olimpiadalarda erishgan natijalari boʻyicha yoshlarning “raqamli portfolio”si shakllantirilib, elektron shahodatnomada koʻrsatiladi.
Davlatimiz rahbari yoshlarimizni kasb-hunarli qilib, doimiy daromad topishi uchun sharoit yaratish eng dolzarb masala ekanini taʼkidladi.
Yurtimizda 450 ming oʻquvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum bor. Lekin ularga yoshlarning qiziqishi, kasb topish koʻrsatkichi yuqori emas. Shuning uchun, Prezident va ixtisoslashgan maktablar tajribasi asosida, barcha texnikumlarga xalqaro standart boʻyicha zamonaviy kasbga oʻqitish muhitini olib kirish zarurligi taʼkidlandi.
Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy taʼlim agentligi tashkil qilinadi. Endi investorlar buyurtmasi bilan texnikumlarda kadrlar maqsadli tayyorlanadi. Texnikum bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratiladi.
Rivojlangan davlatlar tajribasi asosida kasbga oʻrgatuvchi ustaxonalar tashkil qilish, xorijiy tillarni oʻqitishni kengaytirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Yigʻilishda mutasaddilar va pedagoglar bilan muloqot boʻldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring