Maktabgacha taʼlim sohasidagi islohotlar eʼtirof etildi
Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida “Mustahkam majburiyat va mintaqaviy hamkorlik orqali maktabgacha taʼlimni rivojlantirish” mavzuida tadbir oʻtkazildi. Unda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi mutasaddilari, YUNESKOning taʼlim sohasi boʻyicha masʼullari va Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamda YUNICEF vakillari ishtirok etdi.
Dastlab mamlakatimizda maktabgacha va maktab taʼlimi tizimidagi islohotlar aks etgan videorolik namoyish qilindi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish koʻrsatkichi 2022-yilda 71,8 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilga kelib 77 foizga yetkazildi.
Tadbir davomida soha masʼullari, mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan mamlakatimizda maktabgacha taʼlimni rivojlantirish borasidagi ishlar tahlil qilinib, uni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova, YUNESKO Bosh direktorining taʼlim boʻyicha oʻrinbosari Stefaniya Jannini bugungi kunda bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada YUNESKO tashabbus va loyihalarining ahamiyati haqida soʻz yuritdi. Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimini zamonaviy, inklyuziv va innovatsion muhit asosida tashkil etish yoʻlida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Tarbiyachilarning malakasini oshirish, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali sifat yangi bosqichga koʻtarilmoqda.

Tadbir davomida YUNESKO shafeligida Toshkent shahrida tashkil etilayotgan Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish boʻyicha II toifali mintaqaviy markaz haqida ham maʼlumot berildi.
Ushbu markaz Oʻzbekistonning soʻnggi yillardagi tashabbuslari va saʼy-harakatlarining mantiqiy davomi boʻlib, mamlakatimiz va butun mintaqamiz uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Markazning asosiy vazifasi erta bolalik taʼlimi sohasida mintaqaviy yetakchilikni rivojlantirish, bilim va tajriba almashuvini yoʻlga qoʻyish, ilmiy tadqiqot va siyosat tahlillarini chuqurlashtirishdir. Shu orqali Toshkent shahri erta bolalik taʼlimi boʻyicha Markaziy Osiyoning ilmiy va taʼlimiy markaziga aylanadi.
Mintaqaviy markaz Oʻzbekistonning YUNESKO bilan koʻp yillik ishonchli hamkorligi va erta taʼlimni rivojlantirish boʻyicha global saʼy-harakatlardagi yetakchiligini yanada mustahkamlaydi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring