Makkada oʻzbekistonlik hojilar uchun tibbiyot markazi tashkil etildi

17:28 05 Avgust 2019 Jamiyat
1477 0

“Xalq soʻzi” maxsus muxbiri Said RAHMONOV Saudiya Arabistonining Makka shahridan xabar qiladi.

Oʻzbekistonlik ziyoratchilarning oxirgi guruhlari ham haj amalini bajarish uchun Saudiya Arabistoniga sogʻ-salomat yetib keldilar. Ishchi guruhi tomonidan 7200 nafar hamyurtimizga muqaddas ikki shaharda ibodatlarni risoladigidek bajarib, hoji maqomiga ega boʻlishlari uchun barcha shart-sharoit yaratib berilgan. Xususan, ularga sifatli va tezkor tibiiy xizmat koʻrsatish maqsadida Makka shahrida tibbiyot markazi tashkil etildi.

Darhaqiqat, “Haj — 2019” mavsumida har bir ziyoratchiga oʻz vaqtida tegishli tibbiy maslahat hamda zarur muolajalarni amalga oshirish boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan oʻzaro kelishuvga erishilgan. Unga koʻra, muborak safar oldidan hamma chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan edi. Safar davomida esa 35 nafar malakali shifokor hojilarga tunu kun xizmat koʻrsatish uchun jalb etildi.

Shifokarlar guruhi rahbari Alisher Soatovning aytishicha, 40 oʻringa moʻljallangan mazkur markazga 140 million soʻmlik dori-darmon yetkazib berilib, zarur tibbiy vositalar bilan jiholandi.

— Bizning hojilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga koʻpchilik havas bilan qarashmoqda, — deydi Alisher Soatov. — Masalan, Saudiya Arabistoni Haj vazirligi tomonidan ziyoratchilarga xizmat koʻrsatish borasida eng yuqori oʻrinlarda deya eʼtirof etilayotgan Turkiya davlati ham Makka shahridagi biror shifoxonani ijraga oladi. Bizda esa bevosita mehmonxonaning oʻzida bu xizmat tashkil etilgan. Uning ibodatchilar uchun qulay tomonlari koʻp. Tibbiy yordamga ehtiyoj sezganda, yoʻl bosib, yurishga hojat yoʻq. Shifokorlarimiz oʻsha zahoti koʻmak berish imkoniyati mavjud.

Chindan ham, dunyoning turli burchaklaridan kelgan hojilar bilan suhbatlashib, shunga amin boʻldikki, hali biror bir mamlakat ziyoratchilar uchun mehmonxonaning oʻzida tibbiy xizmat yoʻlga qoʻymagan. MDH davlatlarining aksariyatida esa bu yildan boshlab shifokorlar jalb etilayotgan ekan.

— Biz, oʻzbekistonlik hojilar davlat koʻmagini har qadamda his etib turibmiz, — deydi toshkentlik otaxon Shukrullo Gʻafforov. — Tashkilochilik ishlari namunali daraja. Ayniqsa, koʻrsatilayotgan tibbiyot xizmatlardan hamma mamnun. Toʻgʻri, bu yerga kelishdan oldin hamma koʻrik oʻtkazilagan, salomatligi joyida. Ammo iqlim, ob-havodagi oʻzgarishlar hammaga har xil taʼsir qilar ekan. Chunki ziyoratchilarning aksariyati yoshi ulugʻ kishilardan iborat. Shifokorlar guruhida tor doiradagi mutaxassislar ham borligi ularga yaqindan koʻmak berish, sogʻligʻini tezda mustahkamlab olishida ayni muddo boʻlmoqda.

Tibbiyot markazining 20 oʻrni ayollar uchun moʻljallangan boʻlib, ularga 10 nafar ayol shifokor tomonidan xizmat koʻrsatilmoqda. Shifokorlar guruhi tomonidan esa hojilar bilan suhbatlar oʻtkazilib, bu yilgi haj mavsumi yilning nisbatan issiq paytiga toʻgʻri kelgani, bunday kezlarda oftob urishidan saqlanishi, koʻproq suyuqlik ichish, soyabon tutib yurish zarurligi haqida tushunchalar berilyapti. Ammo ortiqcha xavotirlanishga hojat yoʻq. Chunki soha mutaxassislarining aytishicha, Makka shahrida ob-havo koʻp yillik meʼyorlardan yuqori emas. Ayni paytda Oʻzbekistondagiga nisbatan yaqin harorat kuzatilmoqda — 43 daraja issiq.

Yurtimiz ziyoratchilari hajning navbatdagi farzi boʻlmish Mino vodiysiga chiqish, Arofatda turishga hozirlik koʻrishmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?