Maydon oʻzgarmasdan hosildorlik ortmoqda
Prezidentimizning Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigida qayd etilganidek, soʻnggi yillarda global iqlim oʻzgarishlari, tabiiy ofatlar, yer va suv resurslari taqchilligiga qaramasdan qishloq xoʻjaligi sohasi bugungi kunda iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biriga aylandi.
Keyingi yillarda sohada qayta ishlash, logistika tarmoqlari, mahsulotni saqlash va eksport qilish imkoniyatlari kengaydi. Yangi ish oʻrinlari koʻpaydi. Asosiysi, dehqonchilikda ilm-fan yutuqlari, innovatsion ishlanmalar, yangi texnika va texnologiyalardan foydalanilmoqda.
Joriy yilda Samarqand viloyati paxtakorlari 73,2 ming gektar maydonda gʻoʻza parvarishladi. Paxta hosildorligi gektariga oʻrtacha 40 sentnerga yetdi. Viloyatdagi paxta yetishtiruvchi 2217 fermer xoʻjaligi 59,2 ming gektar yerda ertapishar 6,6 ming gektarda mahalliy yangi navlar hamda 7,3 ming gektarda xorijiy navlar ekdi. Shu oʻrinda eʼtibor qaratadigan jihati, oʻtgan yil bilan solishtirilganda gʻoʻza ekin maydoni oʻzgarmagan boʻlsa-da, hosildorlik gektariga 3,8 sentnerga yoki 27 ming tonnaga oshdi. Yetishtirilgan hosilning 19 foizi terim mashinalari yordamida yigʻishtirib olindi.
94,2 ming gektar maydonga kuzgi boshoqli don ekilib, 725,1 ming tonna hosil tayyorlandi. Oʻrtacha hosildorlik gektariga 77 sentnerni tashkil etdi. Raqamlar oʻtgan yil bilan solishtirilganda maydon oʻzgarmagan holda hosildorlik gektariga 3,2 sentnerga, yetishtirilgan hosil esa 29,6 ming tonnaga oshgani maʼlum boʻladi.
Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishining asosiy maqsadi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan. Shundan kelib chiqib 2024-yil hosili uchun 33084 gektar sabzavot ekinlari, 1165 gektar poliz ekinlari 20 ming gektar asosiy maydonda kartoshka ekildi.
Viloyat aholisini 2024-yilda 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (kartoshka, piyoz, sabzi, un, guruch, goʻsht, oʻsimlik moyi, goʻsht, parranda goʻshti, tuxum va sut) bilan taʼminlash chora-tadbirlari belgilandi. Bu boradagi rejalar ortigʻi bilan bajarildi. Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yanada koʻpaytirish, aholi tomorqalari, dehqon va fermer xoʻjaliklari yerlari, ayniqsa, dala chetlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hisobiga ichki bozorda narxlar barqarorligi taʼminlandi.
2023-yilda viloyatdan 172,3 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilingandi, 2024-yilda esa bu koʻrsatkich 355 million dollarni tashkil qildi. Meva-sabzavotni saqlash uchun viloyatda 211 ming tonnalik 10 ta agrologistika markazi hamda 200 ming tonnalik 251 ta sovutkichli omborxona faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda loyiha qiymati 90,8 million dollarlik yana 8 ta sovutkichli sigʻimlar loyihasi amalga oshirildi.
Bugun viloyatda 12 ta paxta-toʻqimachilik, 11 ta gʻallachilik, 12 ta meva-sabzavotchilik, 6 ta kartoshkachilik va 1 ta dorivor oʻsimliklar agroklasteri faoliyat koʻrsatmoqda.
Investitsiya dasturi doirasida 3,02 trillion soʻmlik 145 ta loyihani ishga tushirish hisobiga 2400 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish loyihalari doirasida jami 146,3 mingta ish oʻrni yaratilmoqda.
Dehqonchilikda “toʻqsonbosti” usuli dehqonlarimiz tomonidan qadimdan qoʻllab kelinadi. Bu usulda ekilgan urugʻ 90 kunlik qishni qor ostida oʻtaydi. Shu sababdan ham bu usulni dehqonlarimiz “qorbosti” yoki “toʻqsonbosti” deb atashadi.
Toʻqsonbosti usulida ekish sovuqqa chidamli sabzavotlardan erta koʻklamda arzon va moʻl sabzavot yetishtirish imkonini yaratish barobarida, kundalik oziq-ovqat mahsulotlari tanqis “ilik uzildi” paytida ichki bozor ehtiyojini qoplaydi, eksport imkoniyatlarini kengaytirib dehqonlarni boyitadi.
Bu yilgi mavsumda 2025-yil hosili uchun barcha toifadagi xoʻjaliklarda 70 ming 379 gektar maydonda toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilmoqda.
Bu harakatlar aholining ehtiyojini qondirish, bozorlar toʻkinligini taʼminlash va barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.
Ruslan MURODOV,
Samarqand viloyati qishloq xoʻjaligi
boshqarmasi shuʼba boshligʻi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring