Maydanakning imkoniyatlari: undan qachon toʻliq foydalanamiz?
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda ekoturizm sayyohlikning eng muhim va istiqbolli yoʻnalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Xalqaro statistik raqamlarga nazar tashlasangiz, aksariyat sayyohlar tabiat qoʻynida dam olish yoki turli qiziqarli sarguzashtlar, ekstremal vaziyatlarga boy sayohatlarni maʼqul koʻrishi ayon boʻladi. Mamlakatimizda ham yurtdoshlarimiz tarixiy shaharlar yoki madaniy festivallardan koʻra, tabiat qoʻynidagi sarguzashtlarga boy sayohatlarga koʻproq pul sarflamoqda. Yirik daryo va koʻllar atrofidagi, togʻli hududlardagi sayyohlik manzillarining doimo odamlar bilan gavjumligi boisi shunda.
Qashqadaryo viloyatida ekoturizmning barcha yoʻnalishlarini rivojlantirish uchun imkoniyatlar juda katta. Bundan olti-yetti yil avval viloyatda “Sahrodan togʻ muzliklariga qadar” deb nomlangan loyiha ishlab chiqilib, taqdimot qilindi. Unda 2018-2019-yillar davomida Muborak tumanidagi choʻllarda kvadratsiklda, ot va tuyalarda sayohat qilish, Mirishkor tumanidagi Sechankoʻl atrofida dam olish, baliq ovlash, shuningdek, viloyatning boshqa soʻlim togʻ va togʻoldi qishloqlarida ham trekking (togʻ soʻqmoqlari boʻylab piyoda sayohat), rafting (suv qayigʻida suzish) va shu kabi juda koʻplab sayyohlik yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilishi belgilangan edi. Ammo loyiha qanchalik jozibador boʻlmasin, amalga oshmasa bekor. Yuqoridagi loyihalarning ham aksariyati amalga oshmasdan qolib ketdi.

Soʻnggi ikki yilda esa hududda ekoturizmni rivojlantirish boʻyicha ishlar yana joylandi. Ayni paytda Kitob, Shahrisabz va Qamashi tumanlarining togʻli hududlarida bir qator yirik turistik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 24 – 25-oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga asosan, Qamashi tumanidagi Maydanak observatoriyasi joylashgan hududda turizm zonasi barpo etish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan.
Biz Maydanakda yaratilayotgan turizm infratuzilmasi bilan tanishish, qolaversa, hududning beqiyos tabiatidan bahra olish bahonasida ushbu hudud – Qamashi tumanining “Katta oʻra” mahallasi sari safarga otlandik.

Taʼkidlash joiz, tuman markazidan 80 kilometr uzoqlikda, purviqor togʻ qoyalari orasida joylashgan “Katta oʻra”ning bir yoni Dehqonobod tumanining togʻli qishloqlari bilan chegaradosh, yana bir tomoni esa Maydanak observatoriyasi joylashgan choʻqqi bilan tutashgan. “Maydanak baland togʻ” turistik markazi ham ana shu choʻqqi yonbagʻrida barpo etilmoqda.
Toʻgʻrisini aytsak, avvallari kimningdir sayohat istab bu yerlarga kelishi mumkinligini tasavvur etish ham qiyin edi. Boisi oddiy mashinalarda bu togʻ yoʻllarida yurish juda mashaqqatli, qish-qirovli kunlarda esa qishloq tashqi dunyodan butunlay uzilib qolgan vaqtlar koʻp boʻlgan.
Maydanakda turizm zonasi qurish boʻyicha loyihalar ilgari surila boshlangach vaziyat tubdan oʻzgardi. Tumanning Qiziltepa qishlogʻidan to “Katta oʻra”gacha boʻlgan yoʻllarda keng qamrovli qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilibdi. Biz “Katta oʻra”ga borgunga qadar yengil mashinada necha togʻ, necha choʻqqi oshib oʻtgan boʻlsa-da, yoʻllarning tekis va ravonligi bois deyarli mashaqqat chekmadik.

“Katta oʻra” mahallasi markaziga borganimizdan soʻng, shu yerlik kishilardan yoʻl soʻradik. Ular Maydanak choʻqqisi, yaʼni observatoriya joylashgan hududga qadar 15 chaqirim masofa borligini aytishdi.
Suhbatdoshlarimizning taʼkidlashicha, ana shu 15 chaqirim yoʻl juda taʼmirtalab, mashinada harakatlanish qiyin ekan. “Yil soʻngiga qadar bu yoʻl ham taʼmirlanadi”, deyishyapti. Shunday boʻlsa Maydanakka chiqish ancha oson boʻlib qolardi. Hozir bu juda mushkul ish”, deyishdi ular.
Haqiqatan ham qishloq odamlarining aytganicha bor ekan. Qiziltepadan “Katta oʻra”ga qadar 70 kilometrga yaqin yoʻl yurib umuman qiynalmagan boʻlsak, qishloq markazidan Maydanakka qadar boʻlgan 15 chaqirim yoʻlda juda koʻp mashaqqat chekdik. Choʻqqiga koʻtarilishdagi tosh-shagʻal yoʻllarda mashinamiz sirpanib qolgan, yoʻl torligidan tik qoyalardan qandaydir vahima, qoʻrquv bilan oʻtgan damlarimiz koʻp boʻldi. Eʼtiborli tomoni, yoʻlda ming mashaqqat chekib boʻlsada, biz kabi Maydanak sari oshiqayotgan sayyohattalablar koʻp edi. Ularni koʻrib, agar zarur shart-sharoit yaratilsa, yoʻlning qolgan qismi ham taʼmirlansa, togʻlar orasidagi bu chekka hududga ham sayyohlar oqib kelishi mumkinligiga ishonchimiz komil boʻldi.

Nihoyat koʻz oldimizda Maydanak observatoriyasi namoyon boʻldi. Atrofimizdagi togʻ qoyalari yam-yashil archazor bilan qoplangan, biroz etni junjiktiradigan darajadagi salqin togʻ shamoli kishiga xush yoqardi. Dam oluvchilar bu uzoq togʻlar bagʻriga nega talpinishini tushungandek boʻldik. Bu yerdagi salqin shabada, toza havo, beqiyos tabiat manzaralarini hamma yerda ham topilavermaydi-da. “Maydanak baland togʻ” turistik markazining barpo etilishi esa yilning barcha fasllarida sayohatchilarning bu yerga kelib, hordiq chiqarishi, hududning goʻzal tabiati, musaffo havosidan bahra olishiga zamin yaratadi. Qolaversa, hududda xizmat koʻrsatish, servis rivojlanadi, chekka hududdagi minglab insonlar ish oʻrinlariga ega boʻlishadi.
Ayni paytda koʻplab tadbirkorlar hududdan joy olib, oʻtov shaklidagi dam olish maskanlarini qurish, sayyohlar uchun shart-sharoit yaratishga kirishgan.
Yakka tartibdagi tadbirkor Gʻiyosiddin Suyunov shu hududdan yer olib, 5 ta oʻtov uy tiklagan. Har birida oʻn nafardan sayohatchilarning maʼlum vaqt yashab, hordiq chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

— Bu loyihani oʻtgan yili boshlagan edik, — deydi u. — Avval sayohatga keluvchilar kam edi. Loyihaning kelajagiga oʻzimizning ham ishonchimiz soʻngan vaqtlar boʻldi. Lekin bu yil ancha yaxshi. Sayyohlar oqimi sezilarli koʻpaydi. Bu yilning oʻzida oʻnlab tadbirkorlar biz kabi sayyohlik uylarini qurishdi. Hammasi dam oluvchilar bilan gavjum.
“Maydanak baland togʻ” turistik markazi doirasidagi loyihalar toʻliq amalga oshirilib, yoʻlning qolgan qismi ham taʼmirlansa, bu yerga sayyohlar oqimi yanada oshadi. Yana yangi-yangi turistik maskanlar, majmualarga, xizmat koʻrsatish shoxobchalariga ehtiyoj yuzaga keladi. Shuni oʻylagan holda, Gʻiyosiddin Suyunov ham faoliyatini yanada kengaytirish, xizmat koʻrsatish va savdo shoxobchalarini ishga tushirish rejalarini qilmoqda.
Xullas, Maydanakda hozircha shu gaplar. Aholining ham, hududga birinchilardan boʻlib sarmoya kiritgan tadbirkorlarning ham umidi “Maydanak baland togʻ” loyihasi doirasida boshlangan ishlarning toʻliq amalga oshirilishidan. Agar shunday boʻlsa, koʻp oʻtmay bu yerlar ham rivojlanib, sayyohlar gavjum hududlardan biriga aylanadi. Aks holda esa… Keling, niyatni yaxshi qilaylik.
Maʼlumot oʻrnida: loyihaga koʻra, umumiy maydoni 58,6 gektar hududni egallaydigan Maydanak turizm zonasida 4830 metr uzunlikdagi dor yoʻli, 3 kilometr uzunlikka ega togʻ-changʻi kompleksi, mehmonxona, madaniy sogʻlomlashtirish majmuasi va boshqa koʻplab xizmat koʻrsatish obyektlari bunyod etilishi belgilangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring