Mahsuloti xorijnikidan qolishmaydigan korxona

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan qulay sharoit tufayli mahalliylashtirish orqali import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish koʻlami ortdi. Bu ichki bozordan ortinib, xorijga eksport salohiyatini kengaytirish imkonini bermoqda. Joriy yilda Andijon viloyatidagi 400 ga yaqin eksportchi korxonalar tomonidan 149,4 mln. AQSH dollariga teng qiymatdagi mahsulot eksport qilindi. Bunda Jalaquduq tumanidagi “SPZ-Bearings” Oʻzbekiston-Rossiya qoʻshma korxonasining hissasi beqiyos.
1987-yildan buyon faoliyat olib borayotgan ushbu korxona temir yoʻl va avtotransport vositalari uchun zaruriy ehtiyot qismlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Respublikamizda tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan qulay sharoit natijasida oʻtgan yilda korxonaga zamonaviy texnik vositalar olib kelindi.
— Soʻnggi yillarda ishlab chiqarish korxonalari uchun katta imkoniyatlar yaratildi, — deydi bosh muhandis Xayrullo Abdurahmonov. — Natijada boj toʻlovi, qoʻshimcha soliq qiymatidan iqtisod qilingan mablagʻ tufayli 2024-yilda Xitoy davlatidan 11 mln. AQSH dollari qiymatidagi eng soʻnggi rusumli dastgohlar olib kelindi. Shundan soʻng mahsulot turini koʻpaytirishga erishdik. Hozirda 100 turdan ziyod podshipnik, 8 turdagi boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Qolaversa, ishlab chiqarish quvvati ikki baravarga oshib, bir kunda 50-60 ming dona mahsulot tayyorlanmoqda.
200 nafar ishchilarning samarali mehnatlari tufayli tayyorlanayotgan mahsulot ichki ehtiyojni toʻliq qondirib, Rossiya, Moldova, Gruziya, Qozogʻiston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Jumladan, 2024-yilda eksport qiymati 10 mln. dollarni tashkil etdi.
— Korxonamiz respublikamizdagi raqobatchisi mavjud boʻlmagan yagona ishlab chiqarish obyekti ekanligi bilangina emas, balki, mahsuloti xorijnikidan qolishmasligi bilan ham ahamiyatlidir, — deydi korxona bosh muhandisi Xayrullo Abdurahmonov. — Bunga sabab, oʻlchov birligidagi tengsiz jarayonlarning amalga oshirilishidir. Masalan, korxonamizdagi dastgohlar orqali 1 mm.dan iborat qalinlikni mingta boʻlakka boʻlish imkoni mavjud. Buni tasavvurga sigʻdirishning oʻzi imkonsizdek tuyulsa-da, biroq, korxonamiz ana shu jarayonga asoslangan. Buning natijasida dunyodagi eng yirik korxonalar bilan raqobatlasha olish darajasiga yetib keldik. Oddiy misol, biz ishlab chiqarayotgan podshipniklar Germaniya va Shvetsiya davlatlarida tayyorlangan mahsulotlar kabi 6-8 yillik kafolatga ega. Bu degani bitta podshipnik 800 ming km. masofani bosib oʻtish quvvatiga ega.
Korxonaning kelgusi rejalari ulkan. Joriy yilning oʻzida Yevropa bozorlariga kirib borish, buning uchun mahsulot turini koʻpaytirib, sifatini yanada yaxshilash boʻyicha yangi loyihalar ishlab chiqilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring