Mahallada tashvish ham, baxt ham bor

17:15 26 Dekabr 2025 Jamiyat
519 0

Hozirgina mamlakatimiz Prezidentining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatini muhtasham saroyda turib tinglab chiqdim. Davlatimiz rahbari nihoyalab borayotgan yilga yakun yasab, erishgan yutuqlarimizni eʼtirof etarkan, qanchalik ogʻir boʻlmasin xalqimiz oʻz mashaqqatli va fidokorona mehnati bilan ulkan marralarni zabt etganligini taʼkidladi. Eng muhimi, ushbu marralar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham tan olinib, mamlakatimiz reytingi yildan-yilga yaxshilanayotgani, obroʻ-eʼtibori ortib borayotganligi aytildi. Albatta, bularning barchasi qalbimizni gʻurur va iftixorga toʻldiradi.

Ushbu yigʻilishda mamlakatimiz rahbarining ostonadagi 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb belgilash toʻgʻrisidagi taklifi nihoyatda toʻlqinlantirib yubordi. Boisi mening 44-yillik mehnat faoliyatimning asosiy qismi mahallalar bilan bogʻliq. Faoliyatimizga taalluqli boʻlmagan topshiriqlarni topshirishdan tortib, imkonsizlikdan eshik berkitib oʻtirganimizgacha boʻlgan holatlar xuddi kechagidek koʻz oʻngimda.

Yangi tariximizning islohotlari Mahallani jamiyatning chinakam tayanchiga aylantirdi. U aholining tashvish va muammolarini eshitadigan, joyida oʻrganib hal qiladigan kuchga aylandi. “Tashabbusli byudjet”, “Hokim yordamchisi” kabi institutlarning joriy etilishi muammolarga yuqorida emas, quyida yechim topilishiga zamin yaratdi. Turli ijtimoiy “daftar”lar orqali xotin-qizlar, yoshlar, nogironlar, shuningdek, mahalla infratizimlari bilan bogʻliq muammolarga yechim topilmoqda. Shu oʻrinda viloyatimiz boʻyicha soʻnggi yillarda 400 nafarga yaqin nogironlarning uy-joy bilan taʼminlanganligini misol sifatida keltirgim keladi. Boshpanasiga ega boʻlgan ushbu fuqarolarning quvonchini, shukronasini, duosini soʻz bilan ifodalashim nihoyatda mushkul. Ularning hayotdan roziligi taʼminlanib, ertangi kunga ishonchi mustahkamlandi. Chunki uy-joy boshpanagina emas, bu Vatan ichidagi kichkina Vatan. Uyi bor odam oʻzini toʻlaqonli Vatanim bor, deb his etadi. “Endi biz ham mehmon chaqiramiz” degan edi 12 joyda ijarama-ijara yashagan nurotalik nogiron ayol uy-joy kalitini olayotib.

Kezi kelganda taʼkidlash joiz, besh-olti yil ilgari Navoiy viloyatimizda beshtagina mehmonxona bor edi. Mehmon keladigan boʻlsa, oldindan buyurtma berib qoʻyardik. Qishloq tumanlarini-ku gapirmasayam boʻladi. Bugun viloyat markazi va tumanlarimizda 80 ga yaqin katta, 100 dan ziyod mehmon uylari barpo etilgan. Sarmishsoy, Nurota, Tudakoʻl, Aydarkoʻl, Oltinsoy, Langar, Sentob va boshqa hududlarda tarixiy, eko turizm, safariy, plyaj va ziyorat turizmi zonalari yaratildi. Mehmon kelsa endi xijolat tortmaymiz. 2016-yil bilan solishtirsak, sayyohlar oqimi salkam oʻn baravarga oshibdi. Bu oʻz-oʻzidan odamlar uchun yangi ish oʻrni, oilalarga daromad manbai demakdir.

Albatta, bularning barchasi mahallalarimizda ijtimoiy-maʼnaviy muhitning sogʻlomlashishida muhim omil boʻlmoqda. Qolaversa, mahallalar faoliyatini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilgan islohotlar fuqarolarimizning mahallalarga ixlosini, ishonchini orttirdi. Jamiyat esa ixlos va ishonch tufayli yuksaladi.

Normurod ISOQOV,

Xalq deputatlari Navoiy

viloyati Kengashi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?