Mahallada birorta ishsiz qolmadi

14:16 13 Mart 2025 Jamiyat
81 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand tumanidagi Dehnav mahallasi tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish borasida katta tajribaga ega. Mahalladagi 300 dan ortiq oila tomorqachilik bilan shugʻullanadi. Yigirmadan ziyod issiqxona bor. Shu sababli mahallada birorta ishsiz qolmadi. Tomorqachilar mavsum davomida birgina issiqxonaning oʻzidan 65-80 million soʻmgacha daromad qiladi. Oʻzlari yetishtirgan mahsulotlarni ichki bozordan tashqari eksportga ham chiqaradi. Tadbirkorlar tomonidan meva-sabzavotlarni saqlash uchun muzlatkichli omborxonalar ham qurib berilgan.

— Tasarrufimizda 13 sotix yer maydonimiz bor, — deydi tadbirkor Maʼsuda Toshpoʻlatova. — Oʻtgan yilda 13 million soʻm kredit olib, 4 sotix maydonda issiqxona tashkil etdik. Uchta mahalladoshimiz doimiy ish bilan taʼminlandi. Keyingi foydamizdan yana 2 sotix issiqxona qurdik. Kooperatsiya asosida uch tomonlama tuzilgan shartnomaga binoan tadbirkorlar urugʻni oʻzlari keltirib beradi. Biz faqat ekib parvarishlaymiz. Tayyor mahsulotni uyimizdan olib ketishadi. Yil davomida yerdan daromad olamiz. Tomorqachilarga koʻmak sifatida subsidiya asosida motokultivator berilgani mehnatimizni yanada yengillashtirdi.

Koʻkatchilik mahallaning asosiy drayveriga aylangan. Xonadonlarda 300-400 tonnagacha tuzlama tayyorlanib, bozorga chiqariladi. Samarqandda 1 millionga yaqin aholi istiqomat qilsa, yil davomida yana shuncha sayyoh keladi. Ularni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash ustuvor vazifa.

— “Sayxunobod” tajribasi asosida oʻtgan yili 35 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, ushbu maqsadlar uchun tijorat banklarining 1 trillion 326 milliard soʻm imtiyozli kreditlari yoʻnaltirildi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari kotibiyat mudiri Rivojiddin Maxqulov. — Mazkur mikroloyihalar doirasida 13 mingta xizmat koʻrsatish, 4 mingta ishlab chiqarish, 6 mingta tikuvchilik korxonalari ishga tushirildi. Aholiga 528 ming bosh parranda, 3 ming 200 dona asalari qutisi, 47 ming bosh chorva mollari yetkazib berildi.

Bugungi kunda aholi xonadonlarida 1118 gektar maydonda 89 mingta ixcham issiqxona tashkil etildi. Bu orqali tomorqalardan uch-toʻrt marta hosil olish imkoniyati yaratildi. Viloyatdagi 101 ta ogʻir mahallaga 303 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Jumladan, Nurobod tumanidagi suv taʼminoti juda ogʻir boʻlgan Jom mahallasida 6 kilometr suv tarmogʻini tortish uchun 1,2 milliard soʻm mablagʻ ajratish belgilandi.

Yurtimizda yetishtiriladigan kartoshkaning 25-30 foizi Samarqand hissasiga toʻgʻri keladi. Bugungi kunda Bulungʻur, Jomboy, Toyloq, Samarqand va Urgut tumanlaridagi 173 mahalla kartoshkachilikka ixtisoslashgan. Kartoshkachilikda eng asosiy muammolardan biri urugʻchilik boʻlib, bir yillik kartoshka urugʻiga talab 145 ming tonna, har yili oʻrtacha 8-10 ming tonna kartoshka urugʻi import qilinadi. Shu sababli, Samarqand Agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida Koreya hukumatining 4,5 million dollar grant mablagʻi asosida “Kartoshka urugʻchiligi markazi” tashkil etilib “in vitro” usulida kartoshka urugʻi yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Ushbu markazda nafaqat viloyat, balki respublikaning ham urugʻlik kartoshkaga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qoplash imkoni yaratildi.

Samarqand shahridagi Bogʻibaland mahallasi anjir yetishtirish boʻyicha koʻp yillik tajribaga ega. Mahallada 41 gektar yer maydonida anjir yetishtirilmoqda. Kattaqoʻrgʻon tumanida ham 4-5 ta mahalla anor va anjir yetishtirishga ixtisoslashgan. Ayni paytda Chagʻatoy mahallasidagi 792 ta xonadondan 282 tasi, Boltabek mahallasidagi 586 ta xonadondan 480 tasi anor yetishtirish bilan shugʻullanadi. Yerdan, tomorqadan yaxshi daromad olish sari qoʻyilayotgan bunday dadil qadamlar xalqimiz daromadining yuqori, dasturxonining toʻkin boʻlishiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?