Mahalla raisi saylovida fuqarolar faolligi kuzatilmoqda
Foto: Халқ сўзи
Shu yilning 16-may kuni mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Fargʻona viloyatida ham fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovi qizgʻin surʼatda boshlandi.

Dastlabki kuni viloyatdagi 77 ta mahalla fuqarolar yigʻinida koʻrgazmali tarzda namunali saylovlar tashkil etildi. Xususan, Uchkoʻprik tumanidagi «Toshkentliguzar» mahallasi ahli ham oʻzlari munosib deb bilgan nomzod uchun ovoz berdilar.

“Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisi”dagi Qonunga muvofiq raislikka 3 nafar nomzod koʻrsatildi. Har bir nomzod saylovchilar vakillarini oʻzining kelgusi faoliyat dasturi bilan tanishtirdi. Shundan soʻng 172 nafar vakil tomonidan yashirin ovoz berish yoʻli orqali mahallada koʻp yillar davomida raislik qilib kelgan Tursunxoʻja Akbarovga yana bir bor ishonch bildirildi.

Bagʻdod tumanida beshta mahallada oʻtgan saylovda fuqarolar faolligi kuzatildi.
— Mahalla raisi oʻz ortidan odamlarni ergashtira oladigan, katta hayot tajribasiga ega, eng muhimi, islohotchi boʻlishi kerak, — deydi Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Bagʻdod tuman komissiyasi raisi Islomjon Ahmedov. — Tumanda 134 nafar fuqaroning ilk marta nomzodi mahalla raisi lavozimi uchun ilgari surilgan boʻlsa, nomzodlarning 10 nafarini ayollar tashkil etmoqda.

Yozyovon tumanining “Qatortol” MFYda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovi koʻrgazmali seminar tarzida oʻtkazildi. Unga saylovga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tuman komissiyasi aʼzolari, mahallalardagi ishchi guruh raislari, OAV vakillari taklif qilindi.

Saylovni ishchi guruh raisi Roʻzimat Isaqov ochib berdi. Shundan keyin mahalla raisligiga uch nafar nomzod vakillar oldida oʻz dasturlarini bayon qildilar. Ovoz berish natijalariga koʻra, Muxtorjon Otajonov eng koʻp ovoz olib, “Qatortol” MFYga rais etib saylandi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring