Madaniyat vazirligining yangi vakolatlari jonli ijro san’atini rivojlantirishga xizmat qiladi

Foto: Akmal Muhammadov, Haqberdi Asqarov / “Xalq so‘zi”
Senatning uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jonli ijro san’atini yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qizg‘in muhokama qilindi.
Mazkur Qonun bilan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi va “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Madaniyat vazirligining jonli ijro san’atini rivojlantirish, san’atkor, ijodkor hamda ijrochilarni qo‘llab-quvvatlashga oid bir qator vakolatlari belgilanmoqda.
Jumladan, davlat madaniy konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda jonli ijro yoki fonogrammadan foydalanish darajasini hamda usullarini belgilash, ijrochilar tomonidan fonogramma va mualliflik asarlaridan foydalanishda amaldagi qonunchilikka rioya etishlarini monitoring qilish hamda milliy san’at va madaniyat nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Yangi normalarning amaliyotga joriy etilishi musiqa sohasi yanada rivojlanishiga, yangi iste’dodlar kashf etilishiga, o‘zining haqiqiy jonli ovozi bo‘lgan xonandalar va sozandalar faoliyati keng rag‘batlantirilishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Qonun bilan konsert-tomosha tadbirining dasturida ijrochilar va asar mualliflari ko‘rsatilishi shart ekanligi hamda konsert-tomosha tadbiri reklamasida fonogrammadan foydalanish darajasi to‘g‘risidagi axborot umumiy reklama maydonining (sathining) kamida o‘n foizini tashkil etishi to‘g‘risidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bu tomoshabinlarning o‘z tanlovini ongli ravishda qabul qilishiga yordam beradi. Qaysi xonanda aytyapti, kim musiqasini yozgan, qanchalik jonli, qanchalik fonogramma – hammasi aniq va shaffof bo‘ladi.
Ushbu Qonunning qabul qilinishi konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish samaradorligini oshirishga, jonli ijro san’atini rivojlantirishga, iste’molchilar huquqlarini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Foto: Akmal Muhammadov, Haqberdi Asqarov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring