Lukashenkoning MDH davlatlariga shikoyatlari va Kurskdagi magʻlubiyat (+video)

10:54 23 Avgust 2024 Dunyo
138 0

Belarus elchisi Qozogʻiston TIVga chaqirildi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning “Rossiya” telekanaliga bergan intervyusidan soʻng Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu Belarus elchisi Pavel Utyupinni idoraga chaqirgan.

Lukashenko, jumladan, oʻz intervyusida sobiq ittifoq respublikalari ittifoqchilik munosabatlariga qaramay, birdamlik koʻrsatmayotgani va oʻzaro yordam koʻrsatmayotganini aytib, ikki yil avval KXSHT tinchlikparvar kuchlari ishtirok etgan Qozogʻistondagi miting haqida eslatib oʻtgan.

“Biz baʼzi Sobiq ittifoq davlatlari kabi oʻyin qilmayapmiz. Ular Rossiyadan biror narsa olishni xohlashadi, lekin berishni istashmaydi. Bunaqa boʻlmaydi. Kelinglar, birga boʻlaylik. Rossiyadan himoya va yordam soʻrash uchun haliyam kech emas. Boshqa yordam beradigan davlat yoʻq. Mana, Qozogʻistonda bir nimalar sodir boʻldi. Kimdan yordam soʻradi? Xitoy, Hindiston yoki Pokistondanmi?.. Yoʻq. “Putin, Lukashenko, yordam bering” deyishdi. Biz KXSHT kuchlarini joʻnatdik. Yarim kunda harbiy yordam yetib borib, tinchitdi”, deydi Lukashenko intervyusida.

Qozogʻiston TIVda boʻlib oʻtgan uchrashuvda mamlakat TIV rahbari Qozogʻiston BMT Nizomi va xalqaro huquqning asosiy meʼyorlariga muvofiq muvozanatli va tinchliksevar tashqi siyosat yuritayotganini alohida taʼkidladi. Ostona kelishmovchiliklarni siyosiy va diplomatik yoʻllar bilan hal qilish kerakligiga qatʼiy ishonishini bildirdi. Shuningdek, vazir Belarus tomonini davom etayotgan jarayonlarga nisbatan Ostona pozitsiyasini xolis baholashga chaqirgan.

Rossiya AQSHdan chiplarni sotib olishda davom etmoqda

Rossiya Federatsiyasi tomonidan sotib olingan dasturlashtiriladigan mantiqiy integral mikrosxemalar harbiy texnologiyalar va kuzatuv texnologiyalarida qoʻllaniladi. 20-avgust “The Insider” nashri tomonidan chop etilgan surishtiruv mualliflari shunday xulosaga kelishdi. Jurnalistlarning taʼkidlashicha, Rossiya Federatsiyasiga raketalar va dronlarni navigatsiya qilish, internetdagi materiallarni filtrlash va yuzni tanib olish uchun noyob mikrosxemalar kirib kelmoqda. Bular asosan Amerikaning Intel va AMD kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan yarimoʻtkazgichli qurilmalardir.

Ularning Rossiyaga tegishli litsenziyasiz eksport qilinishi 2020-yilda taqiqlangan va 2022-yilda Ukrainada urush boshlanganidan soʻng, Rossiya Federatsiyasiga har qanday mikrosxemalarni yetkazib berish uchun embargo joriy etilgan edi. “Qonunga koʻra, ishlab chiqaruvchi firmalar ularning oxirgi isteʼmolchisi kimligini tekshirishlari kerak, ammo bu talab koʻpincha eʼtibordan chetda qoladi”, — deydi nashr. Rossiyada ushbu turdagi qurilmalar ishlab chiqarilmaydi shuning uchun chetdan sotib olishga majbur.

Germaniya, Fransiya va Italiyaning bir qancha nashrlari Rossiya armiyasi bilan hamkorlik qiluvchi “Promtech” kompaniyalar guruhi 2023-yilda AQSH va Germaniyadan qariyb 8 million dollarlik ikki tomonlama tovarlarni import qilgani toʻgʻrisida surishtiruv eʼlon qildi. Shuningdek, Fransiyada tashkil etilgan “Promtexa” shoʻba kompaniyasi uzoq vaqtdan beri Rossiyaga tovarlarni import qilish bilan shugʻullangan. Keyinchalik aksiyalaridan kechib, 2022-yilda Turkiyada boshqa nom ostida yangi kompaniya sifatida roʻyxatdan oʻtgan. Yetkazib beruvchilar mahsulotning oxirgi egasi Rossiya armiyasi ekanligini bilmagan boʻlishi mumkin.

Kurskka hujumda kim aybdor

Rossiyaning yuqori martabali generali, general-polkovnik Aleksandr Lapin Rossiyaning Kurskdagi muvaffaqiyatsizligiga asosiy aybdor sifatida koʻrilmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, Lapin avval ham urush harakatlariga munosabati uchun tanqidga uchragan edi. Hozirda esa rus harbiylari orasida general-polkovnik Aleksandr Lapinning kelajakdagi taqdiri muhokamalar markazida boʻlib turibdi.

Qayd etish kerakki, 2022-yilgi “Liman chekinishi”dagi roli uchun tanqid qilingan Lapin 2022-yil oktyabr oyida Rossiya markaziy harbiy okrugi rahbari lavozimidan chetlashtirilgandi. Keyinchalik u Rossiya quruqlikdagi kuchlari shtab boshligʻi etib tayinlandi va oxir-oqibat Leningrad harbiylari boshligʻi boʻlgandi. Harbiy okrug 2024-yil bahorida unga Kurskdagi harbiy harakatlar rejasini yangidan koʻrib

chiqishni topshirgandi, ammo Ukrainaning muvaffaqiyati esa uning ishlariga shubha paydo boʻlishiga sabab boʻlgan.

Moskva oʻz kuchlarini faol tarzda Kurskka jalb qilayotgan boʻlsada, Urushni tahlil qilish markazining taʼkidlashicha, vaziyat hanuzgacha rus harbiy tomonlari foydasiga oʻzgarmagan. Hozircha 122 mingdan ortiq Rossiya fuqarolari chegara hududidan evakuatsiya qilinganini aytmasa, Moskva aytarli yutuqlarga erishmadi.

Kursk hujumi mojaro boshlanganidan beri xalqaro tan olingan Rossiya hududiga kiritilgan eng muhim yutuqlardan biridir. General-polkovnik Oleksandr Sirskiy boshchiligidagi Ukraina kuchlari tez surʼatlar bilan muvaffaqiyatga erishmoqda.

Mojaro davom etar ekan, Kurskdagi vaziyat Rossiyaning Ukraina bilan urushida duch keladigan kengroq muammolarni koʻrsatmoqda. Lapinning rahbarlik qarorlari, xususan, chegara mudofaasini demontaj qilishi hozirgi inqirozga katta hissa qoʻshganiga dalil sifatida qaralyapti. Moskva Lapinga nisbatan qanday ish qoʻzgʻatishi hozircha nomaʼlum.

Gʻazo va Livandagi vaziyat

Isroil Hizbulloh guruhiga tegishliligi gumon qilingan Livan janubidagi 10 dan ortiq nuqtaga zarba berdi.

Maʼlum boʻlishicha, Hizbulloh avvalroq Isroil tomonidan anneksiya qilingan Golan tepaliklariga 50 dan ortiq raketa otgan va uchuvchisiz dronlar orqali bombardimon qilgan. Isroilning hujumlari esa qurol omborlari, harbiy binolar va Hizbulloh tomonidan qoʻllanilgan oʻq otish moslamasini nishonga olganligi aytilmoqda.

Otishma AQSH prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Gʻazoda oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvni tezda yakunlashga chaqirganidan koʻp oʻtmay sodir boʻldi. Bayden kelishuvni yopish zarurligini taʼkidlab, Qohirada davom etayotgan muzokaralarni muhokama qilishga chaqirgan edi.

Shuningdek, Gʻazoda Isroil havo hujumlarida 24 soat ichida kamida 50 falastinlik halok boʻldi. Isroil harbiylari tunnellar, uchirish maydonchalari va boshqa joylarni nishonga olgan.

Ayni paytda HAMAS oʻz talablarini, jumladan Isroilning Gʻazodagi amaliyotini tugatish va isroillik garovga olinganlarni falastinlik mahbuslarga almashtirish boʻyicha kelishuvni ilgari surishni davom ettirmoqda. “Hizbulloh” kabi guruhlarning Falastinga yordam berishi esa kelishuvga toʻsqinlik qilmoqda. Isroil esa har ikki frontda oʻt ochishni toʻxtatishga intilmayapti ham.

“Sounion” nomli Yunon neft tankeri Qizil dengizda bir nechta hujumlardan soʻng yonib ketdi. Bortida 25 ekipaj aʼzosi boʻlgan tankerga ikkita qayiqda oʻndan ortiq odam hujum qilgan. U Iroqdan Afinaga ketayotgan edi. Hujum vaqtida tanker Yamanning port shahri Hudeydadan 143 km gʻarbda boʻlgan.

Ekipajda 23 nafar filippinlik va 2 nafar rossiyalik boʻlgan, jabrlanganlar haqida maʼlumot berilmagan. Gretsiya Dengiz ishlari vaziri ushbu holatni xalqaro huquqning buzilishi va xalqaro yuk tashish xavfsizligiga jiddiy tahdid deb atadi.

Gretsiya hukumatining qayd etishicha, kemaga raketalar yoki dronlar bilan zarba berilgan boʻlishi mumkin.

Maʼlumot uchun, Eron qoʻllovidagi Husiylar oʻtgan yilning noyabr oyida Yaman yaqinidagi xalqaro yuklarni nishonga olishni boshladi. Harakat Gʻazodagi urush uchun falastinliklar bilan birdamlik ifodasi ekanligini aytgan edi. Guruh “Sounion” falokati uchun javobgarlikni boʻyniga olmagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер