Londondan Toshkentgacha: nodir tarixiy eksponatlarni Oʻzbekistonga qaytarish imkoniyatlari muhokama qilindi

18:35 03 Iyul 2025 Jamiyat
254 0

Londonda saqlanayotgan tarixiy yodgorliklarni Oʻzbekistonga qaytarish masalasi navbatdagi Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishda muhokama etildi. Yigʻilishda xorijiy, jumladan, Buyuk Britaniyadagi xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosimizni yurtimizga qaytarish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.

Taʼkidlanishicha, Londondagi bir qator art-dilerlar kolleksiyalarida Somoniylar, Gʻaznaviylar, Xorazmshohlar, Qoraxoniylar, Temuriylar va Oʻzbek xonliklari davriga mansub yuksak tarixiy qimmatga ega osori atiqalar saqlanmoqda. Akademik Akbar Hakimov mazkur eksponatlar haqida batafsil maʼlumot berib, ularning yurtimizga olib kelinishi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish bilan birga, mamlakatimizning tarixiy qimmatini tiklashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Xususan, Londondagi Dovud Shoh kolleksiyasida Saljuqiylar sulolasi vakili Abu Mansur ibn Sabuktekinga tegishli boʻlgan kumush patnis saqlanayotgani maʼlum qilindi. U Markaziy Osiyo va Eron tarixida katta oʻrin tutgan, Sulton Mahmud Gʻaznaviyning ukasi sifatida taniqli siyosiy arbob sanaladi. Mazkur yodgorliklar nafaqat moddiy boylik, balki ilmiy va maʼnaviy ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Yigʻilishda mazkur osori atiqalarni yurtimizga qaytarish boʻyicha zarur choralar koʻrish hamda imkoni boricha ularning raqamlashtirilgan nusxalarini Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyon etish tashabbusi ilgari surildi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi kontentini boyitish maqsadida 2025-yil 25-apreldan 2-maygacha Buyuk Britaniyaga xizmat safari tashkil etilgan. Safar davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi dunyoda mashhur “Sothebyʻs” va “Christieʻs” auksionlarida ishtirok etib, Islomgacha boʻlgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda xonliklar davriga tegishli 46 ta nodir osori atiqalarni markaz uchun saralab olgan edi.

Bu kabi saʼy-harakatlar milliy madaniy merosimizni saqlash, tiklash va kelajak avlodlarga yetkazishda muhim qadam boʻlib xizmat qilishi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?