Londonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Ukraina boʻyicha vazirlar darajasidagi muzokaralari qoldirildi

Illyustrativ foto
Londonda Ukraina boʻyicha tashqi ishlar vazirlari darajasidagi muzokaralar qoldirildi. Bu haqda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi bayonotiga tayanib “France Presse” agentligi xabar tarqatdi.
“Ukraina boʻyicha tinchlik muzokaralari doirasidagi tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bugun qoldirildi. Rasmiy darajadagi muzokaralar davom etadi”, — deyiladi maqolada.
Oldinroq “Sky News” telekanali Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi, Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barrot va Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoffning Londonga tashrifini bekor qilinganidan keyin Ukraina boʻyicha muzokaralarda qatnashmaslikka qaror qilgani haqida xabar tarqatgandi.
AQSH “The New York Times” gazetasining yozishicha, Rubio Buyuk Britaniyaga safarini Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olishdan bosh tortgani uchun bekor qilgan. Gʻarb matbuotiga koʻra, bu shart AQSH prezidenti Donald Trampning mojaroga barham berish rejasidagi asosiy shartlardan biri hisoblanadi.
AQSH Davlat departamenti rasmiy vakili Temmi Bryusning aytishicha, AQSHni Londonda faqat Donald Trampning maxsus elchisi Keyt Kellogg vakillik qiladi, Rubio va Uitkoff esa muzokaralarda qatnashmaydi. “Financial Times” gazetasining taʼkidlashicha, ularning ishtirok etmasligi uchrashuvning ahamiyatini sezilarli darajada pasaytirgan.
“The Washington Post” gazetasining yozishicha, Londondagi uchrashuvda AQSH Yevropa davlatlari va Kiyevga Qrimni Rossiya deb tan olishni taklif qilishni rejalashtirgan, Ukraina ittifoqchilari esa buning evaziga xavfsizlik kafolatlarini olishga umid qilgan. Nashr manbalariga koʻra, Ukraina tomoni oʻtgan hafta Parijda unga taqdim etilgan mojaroni hal qilish boʻyicha AQSH taklifini Vashington tinchlik jarayonidan chiqishga qaror qilishdan oldingi oxirgi taklif sifatida qabul qilgan.
Oʻz navbatida, “Daily Telegraph” gazetasida chop etilgan maqolada AQSH Ukraina mojarosini tugatish rejasini tayyorlagani haqida xabar berdi. Bu reja Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlarisiz yetti banddan iborat. Manbaga koʻra, dastlabki ikki band zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatish va Moskva va Kiyev oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni boshlashni oʻz ichiga oladi.
Uchinchi bandda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qoʻshilish imkoniyatini saqlab qolgan holda NATOga aʼzo boʻlishdan bosh tortishi qayd etilgan.
Toʻrtinchi va beshinchi bandlar hududiy masalalarga tegishli. Nashrning yozishicha, AQSH Rossiyaning Qrim ustidan suverenitetini tan olishga, 2022-yilda Rossiya tarkibiga kirgan toʻrtta hududni (Xerson, Zaporojye viloyatlari, Donesk Xalq Respublikasi, Lugansk Xalq Respublikasi) amalda Rossiya Federatsiyasi nazorati ostidagi deb tan olishga tayyor.
Oltinchi band AQSH va Ukraina oʻrtasida resurs shartnomasini imzolashni oʻz ichiga oladi. Yettinchi bandda Moskva va Vashington oʻrtasida yangi munosabatlar oʻrnatish, energetika sohasida hamkorlik va Amerika sanksiyalarining barchasi bekor qilinishi mumkinligi koʻzda tutilgan. Rejada Zaporijye atom elektr stansiyasini AQSH nazoratiga oʻtkazish taklifi ham mavjud.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring