“Liverpul” yoki “Real Madrid”. Qaysi jamoa kuchliroq?
5-noyabr kuni UEFA Chempionlar ligasining 4-turi doirasidagi bahslar boshlanadi. Turning “markaziy oʻyinlari”dan biri Liverpul shahrida boʻlib oʻtadi. Unda APLning amaldagi chempioni “Liverpul” klubi ayni paytda La Ligada peshqadam boʻlib turgan “Real Madrid”ni qabul qiladi. Ushbu oʻyin oldidan jamoalarning imkoniyatlarini solishtirib chiqamiz.
Oʻzaro oʻyinlar tarixi
“Liverpul” va “Real Madrid” jamoalari rasmiy musobaqalar doirasida jami 14-marta toʻqnash kelgan. Ushbu oʻyinlarning 12 tasi UEFA Chempionlar ligasida, yana 2 tasi tijoriy turnirlar doirasida boʻlib oʻtgan.
“Real Madrid” klubi 9 ta oʻyinda gʻalaba qozongan. Bu barcha oʻyinlarning 64 foizi degani. 4 ta oʻyinda “Liverpul”ning qoʻli baland kelgan. Yana 1 ta oʻyinda kuchlar teng kelgan.
Ushbu bahslarda “Real Madrid” jamoasi raqibi darvozasiga 21 ta gol kiritgan. “Liverpul” esa shu vaqtga qadar “madridliklar” darvozasiga 12-marta yoʻl topgan.
Ushbu jamoalar oʻrtasidagi eng yodda qolarli oʻyinlardan biri 2023-yilning 21-fevral sanasida boʻlib oʻtgan. UEFA Chempionlar ligasining nimchorak finali doirasidan oʻrin olgan ushbu toʻqnashuvda “Liverpul” Darvin Nunyes va Muhammad Saloh tomonidan dastlabki 20 daqiqada kiritilgan 2 ta gol hisobi orqali gʻalaba qozonib turgan, ammo yakunda 2:5 hisobida magʻlub boʻlgan.
“Real Madrid”dan gollarga Vinisius Junior (2 ta), Karim Benzema (2 ta) va Eder Militao mualliflik qilgan. Ushbu oʻyinda jami 7 ta gol kiritilgan va mazkur bahs oʻzaro oʻyinlar tarixida eng koʻp gol urilgan uchrashuv sifatida yodda qolgan.
2009-yil UEFA Chempionlar ligasining nimchorak finali doirasidan oʻrin olgan oʻyinda esa “Liverpul” jamoasi “qirollik klubi”ni 4:0 hisobida magʻlub etgan. Oʻsha oʻyinda gollarga jamoa afsonasi Stiven Jerrard (2 ta), Fernando Torres va Andrea Dossena mualliflik qilgan.
Mazkur jamoalar oʻrtasidagi soʻnggi oʻyin esa 2024-yilning 27-noyabr sanasida boʻlib oʻtgan. Ushbu bahsda Angliya vakili Aleksis Mak Allister va Kodi Gakpo tomonidan kiritilgan gollar evaziga “Liverpul” 2:0 hisobida gʻalaba qozongan.
Jamoalarning ushbu mavsumdagi natijalari
Ayni vaqtda “Real Madrid”ning ishlari juda yaxshi. Jamoa bugungi kunda oʻzining azaliy raqibi “Barselona” klubini 2:1 hisobida magʻlub etish orqali La Ligada yaqqol yetakchiga aylandi.
“Qaymoqranglilar” La Liganing soʻnggi turida ham 4:0 hisobida gʻalaba qozondilar. Bu Xabi Alonso boshchiligidagi jamoaning ushbu mavsumdagi Ispaniya chempionatidagi oʻninchi gʻalabasi boʻldi.
Shuningdek, madridliklar UEFA Chempionlar ligasida ham juda mazmunli oʻyin namoyish etmoqda. Jamoa turnirning dastlabki 3 ta oʻyinida Fransiyaning “Marsel”, Qozogʻistonning “Qayrat” va Italiyaning “Yuventus” jamoalarini magʻlubiyatga uchratgan holda 9 ochko bilan musobaqa jadvalida yetakchi boʻlib turibdi.
“Liverpul”da esa ishlar unchalik yaxshi emas. Jamoa soʻnggi 45 kun ichida jiddiy sinovlarga duch kelmoqda.
Jamoa 27-sentyabrdan 26-oktyabrgacha Angliya Premyer-ligasida 4 ta oʻyinlik magʻlubiyatli seriyani oʻtkazdi. Ushbu bahslarda Arne Slot boshchiligidagi jamoa “Chelsi”, “Manchester Yunayted”, “Kristal Pelas” va “Brentford” kabi raqiblardan yutqazdi.
Shuningdek, “mersisaydliklar” UEFA Chempionlar ligasida ham “Galatasaray” maydonida magʻlubiyatga uchradi. Yetmaganiga, Muhammad Saloh boshchiligidagi jamoa 30-oktyabr kuni “Kristal Pelas”ga yirik hisobda yutqazib, Angliya liga kubogi musobaqasini tark etdi.
“Real Madrid” va “Liverpul” klublarining bu yilgi koʻrsatkichlari:
Urilgan gollar soni:
“Real Madrid” — 34
“Liverpul” — 26
Oʻtkazib yuborilgan gollar soni:
“Real Madrid” — 11
“Liverpul” — 18
Toʻp nazorati:
“Real Madrid” — 61 foiz
“Liverpul” — 62 foiz
Toʻp uzatmalarning aniqligi:
“Real Madrid” — 90 foiz
“Liverpul” — 85 foiz
Toʻp uchun kurashlarda ustunlik:
“Real Madrid” — 55 foiz
“Liverpul” — 52 foiz
Har oʻyindagi oʻrtacha zarbalar soni:
“Real Madrid” — 8
“Liverpul” — 5
“Real Madrid”ning kuchli jihatlari:
1. Jamoaga yangi kelgan futbolchilar allaqachon moslashib ketishdi.
2. Jamoa hujumlarda juda xilma-xil oʻynayapti. Xabi Alonso kelgandan soʻng kreativlik ancha oshdi.
3. Jamoaning yetakchilari – Mbappe, Vinisius Junior va boshqalar maksimal sport formasiga kirib ulgurishdi. Ayniqsa, Mbappe qatoriga bir necha oʻyindan beri gol urib kelmoqda.
“Qaymoqranglilar”ning kamchiliklari:
1. Himoyada tezkor hujumlarga qarshi barqarorlik yetishmaydi, boʻsh joylar qoldirib qoʻyishadi.
2. Yaratuvchi imkoniyatlar koʻp boʻlsa-da, hujumni yakunlashda baʼzan samaradorlik past boʻladi.
3. Yuqori bosim qoʻyadigan raqiblar qarshi oʻyin qurish va kombinatsiyalarni davom ettirishda qiynalishadi.
“Liverpul”ning ustun jihatlari:
1. Hujum chizigʻida imkoniyatlarning kengligi. “Mersisaydliklar”ning hujum chizigʻida raqobat juda kuchli.
2. Markazdagi ustunlik. Arne Slot jamoasi markaziy yarim himoyada juda yaxshi oʻyin namoyish etmoqda.
3. Uzoqdan yaxshi zarba beradigan futbolchilarning koʻpligi ham “Liverpul”ga bu oʻyinda qoʻl keladi. Sababi, “Real Madrid” himoyalanishni ancha yuqorida boshlaydigan jamoa.
“Liverpul”ning kamchiliklari:
1. “Liverpul”ning asosiy muammosi, shubhasiz, himoya chizigʻida. Chempionlikka asosiy nomzod jamoa allaqachon oʻz darvozasidan 14 ta toʻp olib chiqdi. Van Deyk ishonchli, ammo Konate va Robertson tez-tez pozitsiyadan chiqib ketmoqda.
2. Kloppdan keyingi davrda pressing va pressingdan keyingi bosim hali mukammal ishlamayapti. Orqa chiziq va yarim himoya oʻrtasida katta “boʻshliq zonalari” paydo boʻlmoqda.
3. Soʻnggi 5 rasmiy oʻyinda “Liverpul” burchak zarbalaridan himoyalanishda xatolarga yoʻl qoʻymoqda. Faqat Van Deyk havo duellarida kuchli, qolganlarda bu borada muammolar bor.
Yoʻqotishlar:
Ushbu bahs oldidan har ikki jamoada ham bir qator yoʻqotishlar mavjud.
Mehmonlar safida ushbu oʻyinni Antonio Ryudiger, David Alaba va Dani Karvaxal kabi futbolchilar oʻtkazib yuboradi.
“Mersisaydliklar” safida esa mazkur bahsda Allison Bekker, Kyortis Jeyms, Jiovanni Leoni va Jeremi Fringpong kabi futbolchilar yordam bera olmaydi.
Soʻnggi soʻz:
Hozirgi holatda kayfiyat jihatidan ham, jismoniy tayyorgarlik nuqtai nazaridan ham “Real Madrid” ustunlikka ega. Jamoa Angliyaga favorit sifatida tashrif buyuradi.
Ammo, “Liverpul” oʻzini asosan katta oʻyinlarda namoyon etadigan jamoa ekanini ham unutmaslik kerak. Shu bois, Arne Slot boshchiligidagi jamoa bu bahsda osonlikcha taslim boʻlmaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring