Laziz Kudratov Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi

16:54 12 Yanvar 2023 Siyosat
1488 0

Joriy yilning 12-yanvar kuni Hukumat delegatsiyasining Singapurga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Xususan, CPG Corporation bosh direktori Vinsent Lo bilan muzokaralar chogʻida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yangi loyihalarga Singapurning toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyasini jalb etishga yoʻnaltirilgan qoʻshma investitsiya kompaniyasini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

“Singapur Oʻzbekiston uchun muhim hamkor boʻlib, ishbilarmon doiralarning birgalikda ish olib borishga qiziqishi ortib borayotgani qoʻshma investitsiyaviy, sanoat va infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Oʻzbekiston tomoni bu sohalarni rivojlantirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor”, — dedi Laziz Kudratov.

Yigʻilish kun tartibidan Oʻzbekistonda biofarmatsevtika korxonasini tashkil etish, zamonaviy koʻp tarmoqli klinika qurish, Singapurning ilgʻor taʼlim usullaridan foydalangan holda xususiy maktablar ochish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar, mazkur loyihalarni amalga oshirishning bosqichma-bosqich mexanizmlari, aniq muddatlari va masʼul ijrochilarni oʻz ichiga olgan Qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldilar.

«Oceanus Group» kompaniyasi bosh direktori Piter Ko bilan uchrashuvda mamlakatimizda xorijiy investorlarning qulay faoliyat yuritishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuksak baholandi.

“Oceanus Group” oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish, shuningdek, logistika xizmatlarini koʻrsatishga ixtisoslashgan. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar Oʻzbekistondan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlarni yetkazib berishni tashkil etish, shuningdek, Singapur, Xitoy va ASEAN mintaqasi bozorlariga mahalliy oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini olib chiqishga xizmat qiladigan qoʻshma eksport kompaniyasini tashkil qilish istiqbollarini koʻrib chiqdilar. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish va uni uchinchi davlatlarga eksport qilish uchun Singapurning yetakchi kompaniyalarini jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xuddi shunday konstruktiv ruhda Singapurning yetakchi taʼlim muassasalaridan biri TMC Akademiyasi bosh direktori Li Chin Veng bilan ham muzokaralar olib borildi.

Tomonlar oliy taʼlim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalariga eʼtibor qaratdilar. Xususan, Oʻzbekistonda ikkita yangi universitet kampusini tashkil etish, shuningdek, respublika hududlarida taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish va axborot, moliyaviy, blokcheyn texnologiyalari va kiberxavfsizlik kabi dolzarb yoʻnalishlarni qamrab oluvchi yangi taʼlim dasturlarini Oʻzbekistonda joriy qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Oʻzaro ishonch ruhida oʻtkazilgan uchrashuvlar koʻplab sohalarda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilish va ishlab chiqarilayotgan loyihalarni samarali tarzda amalga oshirish maqsadida ularning ayrim muhim jihatlariga eʼtibor qaratish imkonini berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?