Kuz mavsumida allergik kasalliklar kuchayishiga qanday omillar taʼsir qiladi?

17:03 23 Sentyabr 2023 Jamiyat
484 0

Mavsumiy allergiya nafaqat bahor va yoz mavsumi, balki kuz faslida ham kuzatiladi. Xoʻsh, bu qanday omillar bilan bogʻliq?

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Roziqovaning aytishicha, agar sentyabr, oktyabr, noyabr oylari ham nisbatan issiq kelib, yogʻingarchik boʻlmasa, oʻsimlik changchalari oʻz allergik xususiyatini saqlab qoladi. Salqin kunlar boshlagach, zamburugʻ sporalarining yomgʻirdan keyin havoga yuqori konsentratsiyada koʻtarilishi natijasida zamburugʻga nisbatan allergik holatlarning ogʻir formalari uchraydi.

Bundan tashqari, uy changi va it, mushuk singari hayvonlar yungi ham simptomlarni keltirib chiqaruvchi muhim allergenlar hisoblanadi.

Jumladan, kuz oylarida zamburugʻ sporalari eng koʻp uchraydigan manba — daraxt va butalardan toʻkilgan yaproqlardir. Bundan tashqari, allergenlar zax yoki mogʻorlagan xonalar hamda yertoʻlalarda ham kuzatiladi.

Buning oldini olish uchun xonadoningiz hovlisi yoki bogʻ va ayvonlaringizni, qolaversa, tarnov va moʻrilarni toʻkilgan barglardan tozalash zarur.

Qolaversa, hammom va oshxonani mogʻorlardan xoli tutish tavsiya etiladi. Shuningdek, xona ichidagi namlik darajasini kamaytirib, uni 25-50 foizgacha saqlash muhim.

Salqin ob-havo muhiti uy changlarining koʻpayishi uchun ham qulay. Bunday sharoitda allergenlar konsentratsiyasi ortib, allergik rinit, konyunktivit yoki astma belgilari kuchayadi. Bu, ayniqsa, yaxshi isimaydigan va zax xonalarda koʻproq kuzatiladi.

Allergiyani qoʻzgʻatuvchi yana bir manba — uy ichidagi chang toʻplovchi jihoz va anjomlar — gilam va toʻshamalar, yostiqlar, devor qoplamalari, yumshoq mebellar va oʻyinchoqlar hamda kitoblardir.

Mavsumiy allergiyaga moyil odamlarning taxminan yarmi uy hayvonlari yungidan aziyat chekadi. Bunday vaziyatda allergik reaksiyalardan butunlay xoli boʻlish imkonsiz. Biroq xonalarni tez-tez tozalash va shamollatib turish orqali simptomlarni kamaytirish mumkin.

Allergiya belgilari kuzatilgan bemorlar oʻz vaqtida mutaxassisga murojaat qilishlari tavsiya etiladi. Xususan, Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida bunday kasalliklarga ilgʻor diagnostika usullari va zamonaviy tibbiy texnologiyalar orqali aniq tashxis qoʻyish hamda samarali davolash yoʻlga qoʻyilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?