Kurashni Olimpiada oʻyinlariga kiritish — eng oliy maqsad

23:34 03 Avgust 2022 Sport
909 0

Arxiv surat

Kurash sportining boy anʼanalari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, oʻzbek sporti brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish, jahon xalqlarining mazkur sport turi bilan shugʻullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, va shu bilan birga kurashni Olimpiada oʻyinlariga kiritish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda Prezidentimizning 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu maqsadda kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish maqsadida kurash musobaqalarini uning oʻz vatanidan tashqarida oʻtkazish borasida tizim ishlab chiqildi va u izchil amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 7-9-may kunlari Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahri mezbonlik qilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun  oʻtkazilgan xalqaro turnir  erkaklar va ayollar oʻrtasida mutlaq vazn toifasida oʻtkazildi.Turnirda Yevropa qitʼasining 24 davlatidan  kuchli polvonlar ishtirok etishi hamda 30 yaqin davlatdan kelgan sport mutasaddilarini bevosita kurash musobaqalarini kuzatib borishi haqiqatan ham Yevropa qitʼasida oʻzbek sporti kurash yana oʻz qaddini baland koʻtara boshlaganidan dalolat berdi. Yevropaliklar tomonidan “Kurash – olijanob sport” degan eʼtirofga sazovor boʻldi.

Ushbu nufuzi musobaqani Germaniyaning “Berliner Telegraph” gazetasi ham oʻzining veb-saytida  yoritib bordi. Shu bilan birga, bu boradagi materiallar Germaniyaning rusverlag.de kabi veb-saytlari va ularning ijtimoiy tarmoqlarida “Frankfurtdagi Xalqaro sport musobaqasi – Kurash” (Internationals Sportereignis in Frankfurt – Kurash) rukni ostida Oʻzbek milliy kurash sportiga bagʻishlangan maqolalar eʼlon qilindi.

Joriy yilning 28-29-may kunlari  esa kurash musobaqasining navbatdagi nuqtasi Bolgariya davlati boʻldi. Yevropaning janubida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtgan kurash boʻyicha xalqaro turnirda  20 ga yaqin davlatlardan saralangan sportchilar ishtirok etib, erkaklar 73, 90, +90 kg vazn toifasida, qizlar esa  63, +63 vaznda oʻzaro bellashdilar.

Shu yilning 26-iyun kuni Turkiya davlatining Istambul shahridagi “Turkish Word Cultural Quarter” madaniyat markazi haqiqiy maʼnoda katta kurash bayramiga mezbonlik qildi. 16 davlatdan tashrif buyurgan alp polvonlar kurashini 10 mingga yaqin tomoshabin olqishlab turdi.

“Oʻzbek kurashi – kurashlarning otasidir” deya taʼriflagan yurt vakillari bunday nufuzli musobaqani oʻtkazish tashabbuskorlari boʻldilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Yevropaning turli davlatlarida oʻtayotgan xalqaro turnirlar kundan-kunga oʻz nufuzini oshirib bordi. Keyingi marra Fransiya boʻldi.

Orzular shahri sanalmish Parijdagi Eyfel minorasi poyida joylashgan «Yemil Yentoine» sport markazi  24-iyul kuni dunyoning 30 yaqin davlatidan tashrif buyuradigan kurash polvonlarini oʻzida jamladi.  

Fransiya, Germaniya, Italiya, Gretsiya, Ruminiya, Bolgariya, Kipr, Litva, Mavritaniya, Kongo, Moldova, Turkiya, Makedoniya, Chernogoriya, Ukraina, Belgiya, Serbiya, Polsha, Latviya, Shveysariya, Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Vengriya, Ispaniya, Slovakiya, Estoniya kabi davlatlardan tashrif buyurgan polvonlar mutlaq vazn toifasida gilamga chiqdilar.

30 ga yaqin davlat polvonlari ishtirok etgan turnirda Yevropaning koʻzga koʻringan polvonlari jam boʻlishdi. Oʻz navbatida oʻzbek polvonlari ham hech kimdan kam emasliklarini namoyish etdilar. Mutlaq vazn toifasida gilamga chiqqan har bir polvon millati, erki, dini va qarashidan qatʼiy nazar oʻzbekona soʻzladi. Chunonchi kurash gilamiga chiqqan har bir kurashchi kurash qoidalaridagi oʻzbekcha soʻzlar bilan boshqarib boriladi.

Turnir nafaqat milliy sportimiz targʻiboti balkim yurtimiz  turizmini va madaniyatini targʻib qilishga imkon yaratdi.

Taʼkidlab oʻtish joizki, tadbir Fransiyaning bir qator OAV  jumladan “La Gazette” va “Smartrezo”larida,  dunyoning yetakchi telekanali “Euronews”da (10 ta tilda) 160 ta davlatga uzatildi hamda “Euronews” saytida kurashga bagʻishlangan maqola berildi.

Shu maʼnoda tashkil etilgan turnir ham kurashimizning xalqaro maydondagi yurishida yana bir muhim sana boʻlib tarixga muhrlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер