Kun-u tun ishlaydigan kutubxona

13:02 10 Fevral 2025 Jamiyat
209 0

Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Atrofga nazar solsak, hamma qayergadir shoshgan. Kimdir ishga, kimdir oʻqishga, kimdir tirikchilik yumushlari bilan band. Ammo sal vaqt topsak, qoʻlidagi telefonini titkilab, ijtimoiy tarmoqlarni “titib” chiqishga ulguramiz. Internet asrida maʼlumotlar almashinuvi jarayonining tezligi, ijtimoiy tarmoqlarda uzluksiz berib boriladigan kontentlar koʻpchilikning asosiy vaqtini oʻgʻirlayotgani haqiqat. Ammo oramizda maʼnaviy ozuqa olishni maqsad qilgan, oʻz bilimlarini mustahkamlash yoʻlida kitob mutolaasi uchun vaqt topadiganlar ham talay. Kitob ular uchun maslahatchi, sadoqatli hamroh, eng yaqin doʻst va bebaho boylik.

Bugungi kunda yurtimizda yoshlarni kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini kuchaytirishga, ularning kitob bilan doʻst boʻlishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zamonaviy axborot resurs markazlarini shakllantirish yoʻlida koʻplab saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri dam olish yoki bayram kunlarida ham kitobxonlar ehtiyoji uchun xizmat qiluvchi 7/24 rejimda ishlovchi kutubxona faoliyatining yoʻlga qoʻyilganidir.

Jizzax davlat pedagogika universitetining Axborot-resurs markazi dastlab universitetning asosiy binosida joylashgan oʻquv zalida tashkil etilgandi. Markaz koʻp oʻtmay bilimga chanqoq kitobxonlarni oʻziga jalb qila oldi. Bir kunda 700, 800 nafar talaba oʻziga kerakli boʻlgan adabiyot va darsliklardan foydalanish imkoniyatiga ega. Oʻtgan yilning dekabr oyida universitetda 3 qavatli yangi innovatsion xizmatlar oʻquv zali qad rostladi. Axborot-resurs markazida umumiy qiymati 7 mlrd 28 mln soʻmlik rekonstruksiya-qurilish, jihozlash ishlari amalga oshirildi. Oʻquv zali 40 ta soʻnggi rusumdagi kompyuter jamlanmasi va tezkor wi-fi tarmogʻi bilan taʼminlangan. Oʻtgan yilning yakunida markazning elektron resursi 37486 taga, kitob fondi 154127 nusxaga yetdi. Shundan 1695 nusxasi xorijiy tillardagi, 1124 nusxasi rus tilidagi adabiyotdan iborat. Elektron darsliklar boʻlimida koʻzi ojiz talabalar uchun NVDA dasturi orqali xizmat koʻrsatilmoqda. Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi talabalar uchun 20 nomdagi 172 nusxada brayl alifbosidagi oʻquv adabiyotlari mavjud. Bundan tashqari, markaz har oʻquv yilida 3000 nusxadan ortiq badiiy kitoblar bilan boyitib borilmoqda. Qisqacha aytganda, zamonaviy kutubxonada talabalar va kitobsevarlar uchun barcha sharoit mujassam.

— Darsdan soʻng ishlayman. Kitob mutolaasiga vaqt topolmasdim. Ijtimoiy tarmoqlardan kerakli darsliklarimni yetarlicha topa olmayman, — deydi universitet talabasi Dilfuza Kamolova. — 7/24 rejimida ishlovchi kutubxona universitetimizda ochilgani talabalar uchun katta sovgʻa boʻldi. Dam olish kunlari bu yerda vaqtni mazmunli oʻtkazmoqdamiz. Singlim oʻquv markazida kimyo-biologiya fanidan institutga kirish uchun tayyorgarlik koʻrmoqda. U ham hafta yakunida shu yerda dars qilishni maʼqul koʻradi. Chunki osoyishta va qulay, internetga bepul ulanib, yangi maʼlumotlar olish imkoni bor.

— Markazimizda talabalarni yanada kitobxonlikka jalb qilish maqsadida “Yetti kunda bir kitob” loyihasi yoʻlga qoʻyilgan, — deydi ARM direktori Robiya Ishnazarova. — Har haftada “Jahon va oʻzbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi javoni”dan joy olgan adiblarning asarlaridan test soʻrovlari oʻtkazilmoqda. Gʻoliblarni ragʻbatlantirish orqali ularning mutolaaga qiziqishini uygʻotishga erishmoqdamiz.

Axborot resurs markazi universitet talabalari bilan bir qatorda Jizzax shahri markazidagi mahallalarda joylashgan taʼlim maskanlari oʻquvchilari hamda aholi uchun ham xizmat koʻrsatadi. Bu yerda nafaqat kitob oʻqib maʼnaviy oziq olish, balki ruhiy yengillikka erishish mumkin. Mutolaa “urf”dan qoldi deyishdan oldin unga qiziqtiruvchi sharoitlarni yaxshilash lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер