Kun kelib oʻzingga singib ketguvchi shoningman, oringman, Oʻzbekistonman
“Xalq soʻzi” gazetasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tahririyat rasmiy veb-sayti Madaniyat rukni ostida “Yosh ijodkorlar gurungi”ni tashkil etgan edi.
Unda yosh shoir, nosir va tarjimonlarning ijodiy ishlari eʼlon qilib borishda davom etamiz.
Navbatdagi mehmonimiz yosh ijodkorlar, isteʼdodli shoira Zarnigorxon Abduolimova .
U 2000-yil Toshkent shahrida tavallud topgan. Sirdaryo viloyati Xovos tumanida istiqomat qiladi. Yoshligidan ijodga va oʻzbek milliy cholgʻu asboblarini chalishga qiziqishi baland. Hozirda Guliston davlat universiteti Filologiya fakulteti: Oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishi 2-bosqich talabasi. 1- Respublika yosh ijodkorlar forumi ishtirokchisi. “Dunyolarga tanitaman Sirdaryoni”, “Sirdaryo gʻunchalari”, “Yangiyer sadosi”, “Dil tugʻyonlari”, “Vatanga vafo” kabi toplamlardan uning ham sheʼri oʻrin egallagan. Ijodi tuman, shahar, viloyat, respublika nashrlarida, saytlarida chop etib kelinmoqda.
Quyida yosh shoira ijod mahsullaridan eʼtiboringizga havola etamiz.
ONA ZAMINGA...
Osmoniy oʻylarga chulgʻanaman goh,
Goh oʻzib ketaman oʻyi samindan.
Yuksakroq ohangni izlayman, shunda
Bir sado keladi roʻyi zamindan.
Men esa parvoyi falakman, falak,
Yuribman samodan muhabbat tilab
Va qancha talpinsam koʻkka, shunchalar
Tovonim bagʻringga qattiqroq tirab!
U boʻlsa, qismatin bogʻlab oʻzingga,
Bir qadam joyidan jilmaydi, toki
Toptamayin deydi seni, o zamin!
Toptalmasin deydi oʻtganlar hoki..
Bir umrlik kuchin sarf etar faqat
Bir umr bir yerda turishga.
Ahdim yetmadimi va yoki baxtim
Shu bir maysangchalik boʻlishga!
Sendan olislanib ketibman, afv et,
Asra, shafqatingdan tengsiz qolishdan.
Qoʻrqaman kun kelib sening bagʻringda
Sensiz qolishdan!!!
***
TOMCHI
Yerdan chiqar ekan koʻkka parlanib,
Yuksak choʻqqilarni zabt etarkanu,
Ammo unutmasdan ilk ibtidosin,
Yana ona yerga qaytar ekan u.
Qolmoq mumkin balki abadiy koʻkda,
Lek onajon yerga berilgan ont-chi?!
Shu ont haqqi qaytar, tasanno aytar
Va singib ketarkan zaminga tomchi...
O, qanday umr bu baxtidan masrur,
Ibtidodan goʻzal intiholari.
Oʻzingdan oʻzingga yetib borguncha
Yoʻlda umr nomli imtihonlari.
Men ham bir tomchiman oʻzingdan bunyod,
Har bir nafasingda ufurgan jonman.
Kun kelib oʻzingga singib ketguvchi
Shoningman, oringman, Oʻzbekistonman.
***
BALIQ MONOLOGI
Bilganing shu olamiyatda-
Tengsizroqsan tengsizlardan ham.
Va kulasan, axir seningcha
Toleim shoʻr dengizlardan ham.
Bu ming kami toʻlmas dunyoda
Bir kami ham qolmagandaysan.
Mezoni yoʻq yolgʻoningdan, ey
Ato oʻgʻli, tolmagandaysan.
Sabab boʻlar sadosizligim,
Kulgularing koʻchar tilingdan.
Toʻkislikka etmasdan daʼvo
Dilingdan xabar ol, dilingdan!
Menda yogʻi-soʻzsizlikdir, bas,
Senikidan yengilroq dardim-
Dilimni gung boʻlishdan asrab
Tilimni gung yaratgan Tangrim.
***
DUO
Nochor edi, bedavlat edi,
Bir burda non bir kunga hamdam.
E voh, soʻrab keldi shu nonni
Oʻzidanda nochorroq odam.
Saxiymasmi, tutdi qoʻshqoʻllab,
Va jilmaydi mamnun duodan.
Nonni quchib boyaqish derdi:
“Xudoyimdan qaytsin, Xudodan!”
Kunlar oʻtdi, nogahon yoʻldan
Tillo topdi. Boyib ketdi u.
Balki oʻsha tillolar sabab
Oʻzligidan toyib ketdi u.
Boy edi va badavlat edi,
Oʻz-oʻziga olqish aytardi.
Yordam tilab kelgan insonni
Eshigidan quvib haydardi.
Unutgandir ehtimol Haqni
Qoʻrqmay qoʻygan balki duodan.
Lek nochorlar yigʻlardi tinmay:
“Xudoyimdan qaytsin, Xudodan!”
Qaytdi, yomon qaytdi bu safar,
Boshiga ne koʻrgulik soldi.
Endi hatto avvalgi rizqi-
Burda nonga zor boʻlib qoldi.
Tilanardi eshikma-eshik,
Qoʻllarini yopmay duodan.
Va tilidan qoʻymas bir gapni
“Xudoyimdan qaytsin, Xudodan!”
Nochor edi, bedavlat edi,
Jilmayardi mamnun duodan.
Boy edi va badavlat edi...
Xudoyimdan qaytdi, Xudodan!!!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring