Kumush yurgan yoʻllarda

12:10 29 Sentyabr 2025 Jamiyat
119 0

Margʻilonda azaldan ichki va tashqi hovlilar ajoyib ipak mato bilan ajratiladi. Bu ota-bobolardan meros milliy qadriyat boʻlib, ipakchilar shahrida ushbu boqiy anʼana avloddan-avlodga bezavol oʻtib kelmoqda. Koʻhna kentda joy tanqisligi ham bor gap. Shu bois azaldan chorhunar keladigan margʻilonliklar moʻjazgina xonadonlarda yashab, hunari orqali tirikchilik qilishga odatlangan. Margʻilon kulchasi, shirmoy noni, shirinliklari hunarmandlar shahrining oʻziga xos brendi hisoblanadi.

Oʻtgan yilning 11-12-iyul kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev Margʻilonda bir guruh nuroniylar bilan samimiy suhbatlashdi. Yuzma-yuz muloqotda otaxonlar davlat rahbariga bu boradagi koʻp yillik orzularini izhor etishdi. Uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida “Yangi Oʻzbekiston” massivi bunyod etish tashabbusi ilgari surildi. Shuningdek, Renovatsiya dasturi doirasida maʼnan eskirgan uy-joylar oʻrnida koʻp qavatli uylar qurish, yangi mahallalarda barcha qulayliklarni muhayyo etish taklifi bildirildi.

Shu tarzda Margʻilon shahrining Navroʻz mahallasida “Yangi Oʻzbekiston” massivida qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Yangi massiv qad rostlashi uchun 82 gektar yer maydoni ajratilib, 6 ming xonadonli 12, 14 va 16 qavatli uylar qurilishi davom etmoqda. Bu yerda savdo majmualari, ijtimoiy soha obyekti qurilishi ham koʻzda tutilgan.

Yangi massivning bosh rejasiga koʻra, har bir inshoot zamonaviy arxitektura talablari asosida boʻlishi, birinchi navbatda, aholi uchun qulay sharoitlar yaratilishi, yashil xiyobonlar, manzarali daraxtlar alleyalari barpo etilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

— Unutilmas uchrashuvda davlatimiz rahbari yangi massivda qurilish ishlari sifatini nazorat qilishni biz nuroniylarga topshirgandi, — deydi mehnat faxriysi Muhammadjon Mirzayev. — Har kuni mazkur hududga tashrif buyurib, quruvchilar bilan suhbatlashamiz. Amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib, kerakli tavsiyalarimizni beramiz. Chunki nuroniylar jamoatchilik guruhida turli sohalarda ishlab, katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan mehnat faxriylari jamlangan.

Ayni paytda muhtasham shaharchada Burhoniddin Margʻinoniy ilmiy-maʼrifiy turizm markazi qurilishi ishlari ham olib borilmoqda. Bu yerda ilmiy-tadqiqot markazi, maqom teatri, muzey, musiqali favvoralar qurib bitkaziladi. Savdo va xizmat koʻrsatish majmualari, mehmonxonalar, hunarmandchilik markazi qad rostlaydi. Shuningdek, maktab, bogʻcha va boshqa inshootlar bunyod etiladi.

Oʻz navbatida jahon andozalari darajasida elektr, ichimlik suvi, tabiiy gaz taʼminoti yoʻlga qoʻyilib, shaharlararo va ichki yoʻllar barpo etilmoqda. Vodiyning dilbar tabiatiga xos yashil hududlar koʻpaytirilyapti.

— Yangi massivda “Otabek va Kumush uyi” tashkil etilayotgani bizni behad mamnun etmoqda, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi Ismoil Mahmud. — Bevosita oʻzim koʻp yillardan buyon Margʻilon shahrida “Kumush yurgan yoʻllarda” deb nomlangan turizm marshrutini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surib kelaman. Bu viloyatda turizm rivojida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

“Otabek va Kumush uyi” meʼmoriy ansamblida ham milliy uslubda quriladigan uylar, supachali ayvonlar, zilol suvli ariqlar, tandir va oʻchoqlar qurilishi koʻzda tutilgan. Mahalliy va xorijiy sayyohlar oilaviy mehmon uylarida hordiq chiqarib, shaharning tarixiy-madaniy obidalari bilan yaqindan tanishishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.

Eʼtiborlisi, Margʻilon shahar hokimligi tashabbusi bilan endilikda har yili bahor faslida “Kumushbiiblar paradi” tashkil etiladi. Shu yilning koʻklamida tashkil etilgan ilk paradda shahar koʻchalari boʻylab atlas va adras kiygan tadbir qatnashchilari ishtirokida turli maʼnaviy-maʼrifiy muloqotlar oʻtkazildi. Sheʼrlar aytildi, lapar va oʻlanlar kuylandi, qadrdon kuy-qoʻshiqlar jarang sochdi.

– Fargʻona turizmida shahrimiz hunarmandchiligining oʻrni beqiyos, – deydi margʻilonlik mashhur hunarmand Ibrohimjon Sultonov. — Viloyatga kelayotgan sayyohlarning salmoqli qismi Margʻilon va Qoʻqon shahrini koʻrish istagida boʻladi. Sayyohlarni 3,5, 7 kun davomida olib qolish, rang-barang va qiziqarli dasturlarni ishlab chiqishda bu kabi yangi obyektlar qurilishi muhim ahamiyatga ega.

Bugun shaharning eski va pastqam koʻchalari, chordevor uylari oʻrnida barpo etilayotgan muhtasham turar-joylar ham eʼtiborga loyiq. Xususan, yaqinda “Ipakchi” MFYda maʼnan eskirgan 68 ta uylar oʻrnida 440 xonadondan iborat 11 ta koʻp qavatli uy tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

— Bir paytlar bunday koʻp qavatli uylar yillar mobaynida qurilar, ayrim hollarda yillar mobaynida choʻzilishi ham mumkin edi, — deydi Mastura Saidmurodova. — Xalqimiz oʻrtasida toʻrt va besh qavatdan yuqori uy qurish mumkin emas, degan tushunchalar ham koʻp boʻlgan. Endilikda bu orzuni amalga oshirish, osmonoʻpar uylar qurish uchun hatto bir yil kutish ham shart emas.

Yashash uchun qulay sharoit boʻlgani eng yaxshi uy, albatta. Yangi uylarda milliy qadriyat va anʼanalarimiz inobatga olingan, hatto tandir-oʻchogʻigacha bor. Energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilgani uchun kommunal xizmatlar ham arzon va sifatli. Tashqi bezaklar ham yozda salqin, qishda issiq. Bolalar maydonchalari, hordiq maskanlari, yashil xiyobonlarni tashkil etishda ham bu yerda yashovchilar uchun qulay boʻlishi oʻylangan.

Xullas, bugun quruvchilarimizning bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyati yuksalgani, xalqimizning astoydil qilingan mehnatga yarasha har jihatdan toʻkis yashashga intilayotgani birgina Margʻilon moʻjizasi misolida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. Bunyodkor el – buyuk el. Bunday moʻjizalarni ezgu fazilatli xalq yaratadi.

Botir MADIYOROV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер