Kredit mablagʻlarini talon-toroj qilganlarga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

12:58 24 Yanvar 2023 Jamiyat
418 0

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablagʻlarining talon-toroj qilinishi boʻyicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan oʻz vaqtida qonuniy choralar koʻrilmoqda.

Xususan, Departamentning Samarqand shahar boʻlimi tomonidan AT “Aloqabank” Samarqand hududiy filiali murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ushbu bank filialining Ishtixon kompleks xizmatlar koʻrsatish markazi sobiq rahbari A.S. “M.A.” va “H.T.” xususiy korxonalari masʼul shaxslari bilan oʻzaro til biriktirib, “M.A.” XKga 2 ta “ISUZI” rusumli yuk avtotransport vositasini sotib olish uchun ajratilgan 900 mln soʻm kreditni naqdlashtirib olganliklari, shuningdek 9 nafar fuqaroning xabardorligisiz ularning nomiga 262,2 mln soʻm mikroqarz ajratib oʻzlashtirganligi hamda “A.F.” XKga ajratilgan kreditning 150 mln soʻmini “S.I.” MCHJ orqali naqdlashtirib olib talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Departamentning Chirchiq shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Sh.S.” MCHJ rahbari R.T. va boshqalar fuqaro D.D.ga tegishli noturar binoni garovga qoʻyib, bank filialidan ajratilgan kredit evaziga xarid qilingan 430 mln soʻmlik qurilish materiallarini sotib yuborib talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Xuddi shunday, Departamentning Guliston shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “D.Q.” MCHJ rahbari D.T. qurilish materiallari sotib olish uchun hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan kredit evaziga olingan qurilish materiallarini sotib yuborib, jami 400 mln soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?