Kosonlik ayol 44 yoshida tugʻilganlik haqidagi guvohnoma oldi

16:34 01 Aprel 2024 Jamiyat
373 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qashqadaryo viloyati Koson tumanining Yangiobod mahallasida yashovchi Mavjuda Ollamurodova 1980-yilda tugʻilgan. Eʼtiborsizlik tufayli unga oʻsha vaqtda tugʻilganlik haqidagi guvohnoma olinmagan.

— Natijada yillar davomida ushbu hujjat bilan bogʻliq juda koʻp muammolarga duch kelganman, — deydi Mavjuda Ollamurodova. — Ayrim imkoniyatlarimdan mahrum boʻlganman.

Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi Huquqiy axborot boʻyicha bosh maslahatchisi Nilufar Sattarovaning aytishicha, Adliya vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 20-yanvaridan 1-apreliga qadar oʻtkazilgan «Hech kim hujjatsiz qolmaydi» aksiyasi doirasida Mavjuda Ollamurodovaning ushbu muammosi aniqlangach, unga tuman FHDYO boʻlimi tomonidan tugʻilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirib berildi.

Dehqonobod tumanining Avjin qishlogʻida yashovchi Safar Xurramov va uning turmush oʻrtogʻi Malohat Normatovalar esa 35-yildan buyon sharʼiy nikoh asosida yashab kelayotgan. Aksiya doirasida mahallada oʻtkazilgan xatlovda ularning muammosi aniqlanib, er-xotinning nikohi rasmiy qayd etildi va ularga nikoh guvohnomasi topshirildi.

Umumiy hisobda esa Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi hamda uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan «Hech kim hujjatsiz qolmaydi» aksiyasi doirasida viloyatdagi barcha mahallalarda xatlovlar oʻtkazilib, uning natijasida 15 ming 823 nafar hujjatga ega boʻlmagan kishi aniqlandi va shundan 14 ming 754 nafar fuqaroga tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berildi.

Xususan, 1 235 ta tugʻilganlik guvohnomasini yoʻqotgan yoki olmaganlar, 205 ta oʻlim guvohnomasini yoʻqotganlarga ushbu guvohnomalar qayta rasmiylashtirilib berildi. Qonuniy nikohdan oʻtmasdan yashab kelayotganlar 3 519 ta oilaga nikoh guvohnomalari topshirildi.

Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 580 ta ID-karta rasmiylashtirilib, 2 723 ta tadbirkorlik subyektlari roʻyxatdan oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер