Koronavirusga qarshi emlanuvchilar guruhi yana kengaydi

08:39 22 Iyun 2021 Jamiyat
496 0

Respublika maxsus komissiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va ilmiy markazlar olimlari ishtirokida navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bogʻliq epidemiologik vaziyat hamda ushbu infeksiya bilan kasallanish holatlarini oldini olishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.

Yigʻilishda masʼul rahbarlar hisobotlari eshitilib, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlarini oldini olishga qaratilgan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Birinchi navbatda kasallik profilaktikasiga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, aholi tomonidan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash kabi sanitariya-epidemiologiya talablari nazoratini olib borish yuzasidan tegishli idoralarga topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tadbirlarida aholi faolligini oshirish maqsadida, 50 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolarni hamda oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarini xavf osti guruhiga mansub aholi qatlami qatorida bosqichma-bosqich Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan emlash tadbirlarini jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, soʻnggi kunlarda infeksiya bilan kasallanish holatlari biroz ortganligini inobatga olib, hududlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga yoʻnaltirilgan tibbiyot massalarining tayyorgarlik holatini tahlil qilish va zarur dori vositalari zaxirasini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi soʻnggi kunlarda ayrim qoʻshni mamlakatlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortib borayotganligi, shu jumladan mamlakatimizda ham ushbu infeksiya bilan kasallanish biroz ortganligini inobatga olib xalqimizdan shaxsiy masʼuliyatni oshirgan holda jamoat joylarida niqobda boʻlish va ijtimoiy masofani saqlash kabi talablarga rioya etishlarini soʻrab qoladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?