Koronavirus mutatsiyaga uchrashda davom etmoqda — JSST

10:03 20 Dekabr 2023 Dunyo
413 0

COVID-19 ning ilk oʻchoqlari aniqlanganidan buyon toʻrt yil vaqt oʻtdi. Ammo virus hanuz oramizda, atrofimizda. Hamon odamlar hayoti va salomatligiga xavf solib turibdi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi rasmiy vakili Melita Vuynovichning taʼkidlashicha, oʻtgan davrda koronavirus insoniyatga moslashdi va mutatsiyaga uchrashda davom etmoqda.

Mutaxassis soʻzlariga koʻra, qish mavsumi kelishi bilan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida COVID-19 bilan birga nafas yoʻllarining boshqa patogenlari ham koʻp uchramoqda. Ushbu infeksiya hamon ogʻir holatlar va bemorlar oʻlimiga sabab boʻlayotgani achinarlidir.

Ayni paytda shifoxonaga yotqizish holatlari boʻyicha JSSTga maʼlumot taqdim etib borayotgan mamlakatlarning qariyb yarmida kasallikning oʻsish tendensiyasi kuzatilmoqda. Finlyandiya, Slovakiya va Italiya shular jumlasidan.

Ekspert mavjud epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, aholi gavjum joylarda tibbiy niqob taqish zaruriy profilaktika chorasi ekanligini taʼkidladi. Bunga, birinchi navbatda, xavf guruhiga mansub aholi qatlami — keksalar, qandli diabet va yurak-qon tomir xastaliklari bor bemorlar, immuniteti zaif kishilar va homilador ayollar amal qilishlari kerak.

Eslatib oʻtamiz, hozir Yer yuzida qayd etilayotgan barcha shtammlar “omikron” mutatsiyalaridir. Xususan, “Eris” deb nomlangan EG.5 varianti sayyoramiz boʻylab tarqalgan SARS-CoV-2 versiyalarining yarmidan koʻpini tashkil qiladi. Bundan tashqari, baʼzi mamlakatlarda HV.1, “Kraken”, JN.1 hamda VA.2.86 mutatsiyalari dominant variantlarga aylangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер