“Koʻrfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi — Markaziy Osiyo” Strategik muloqotining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati
2022-yil 7-sentyabr kuni Ar-Riyod shahrida “Koʻrfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo” Strategik muloqotining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Kengashga aʼzo davlatlar — BAA, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Kuvayt, Ummon hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari - Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda siyosat, xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, yoshlar va sport sohalarida Kengashga aʼzo mamlakatlar va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov oʻz nutqida Kengashga aʼzo davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.
Kengash va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish maqsadida Ishbilarmonlar kengashini tuzish, transport sohasida loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻli qurilishini jadallashtirish, shuningdek transport vazirlari yigʻilishlari formatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar bildirildi.
Birgalikda klinikalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish, oliy oʻquv yurtlari va kasb-hunar taʼlimi markazlarining filiallarini ochish, ilmiy va akademik almashinuvlarni jadallashtirish, innovatsion ishlanmalar va startaplarni qoʻllab-quvvatlashning muhimligi qayd etildi.
Kengash va Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy merosini asrab-avaylash maqsadida hamkorlikda koʻrgazma va konferensiyalarni tashkil etish, qoʻlyozma fondini raqamlashtirish va qoʻshma virtual kutubxonalarni yaratish, muzeylarning bevosita aloqalarini ragʻbatlantirish, tarixiy-arxeologik tadqiqotlar oʻtkazishni nazarda tutuvchi qoʻshma tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan tashabbuslar bildirildi.
Uchrashuv ishtirokchilari eʼtiboriga Afgʻonistondagi vaziyat haqida maʼlumot taqdim etildi. Delegatsiyalar Oʻzbekistonning Afgʻonistonga gumanitar yordam koʻrsatish va mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadilar. Joriy yilning iyul oyida boʻlib oʻtgan “Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” xalqaro konferensiyasining amaliy ahamiyati qayd etildi.
“Koʻrfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi - Markaziy Osiyo” Strategik muloqotining ikkinchi yigʻilishini 2023-yili Samarqand shahrida oʻtkazish taklif qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Innovatsion ishlanmalar va ilg‘or texnologiyalar namoyishi
- Surxondaryolik olimlar yangi boʻyoq turini yaratishdi
- Insoniyat yangi rekordni qayd etdi
- Toshkentda O‘zbekiston va Turkiyaning uchta vazirlik va idoralari rahbarlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi
- 23 kun: Toshkentdagi ayrim koʻchalarda transport harakati qisman cheklanadi
- Quvayt elchisi Oʻzbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlamoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring