Koʻpning rizqiga xiyonat qilish — gunohi azim!
Birgina 2020-yilda byudjet intizomining buzilishi natijasida 246,0 mlrd. soʻmlik byudjet mablagʻlari noqonuniy sarflanganligining aniqlanishi va uning ochiq-oydin eʼlon qilinishi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻzbekiston hukumatining byudjet mablagʻlarini xarj qilish borasida shaffoflikni taʼminlashga qodir emasligi”, “mansabdor shaxslarga nisbatan qattiq jazo choralarining qoʻllanilishi lozimligi”, “davlat sektorida korrupsiyaning kuchayganligi”, “davlatga yetkazilgan zararlarni tiklash (qoplash) va tegishli surishtiruv (qidiruv) ishlarini olib borishga ehtiyoj borligi” xususida turli-tuman fikrlar bildirilmoqda.
...Nimasini aytasiz?! Byudjet mablagʻlarining talon-toroj qilinganligi — nihoyatda achinarli va ayanchli holat. Oddiy va xalqona aytadigan boʻlsam, bu oʻrinda gap “byudjet puli”ning turli-tuman shakllarda xiyonatkorona “oʻgʻirlanayotgan”ligi va unga nisbatan munosabatning qanday boʻlishi kerakligi xususida ketmoqda. Shu bois nimani “oʻgʻirlayotgan”imizga bir eʼtibor beraylik-a?!
“Byudjet puli” — koʻpning “rizq”i. Uni shakllantirishda hammamiz ishtirok etamiz. Kimdir farzandlarining “rizq”ini qiyib, daromadining bir qismini byudjetga ravo koʻradi. Boshqa birov, oʻzi ilojsiz boʻlsa-da, baribir “pul”ining bir qismini byudjetga “berish”ga – majbur. “Korxonalar” toifasiga kiruvchilarning barchasi ham “pul”larining maʼlum qismini oʻz ixtiyori bilan byudjetga “topshirishmaydi”. Holbuki, ularning orasida “kasod” jarligi yoqasiga kelib qolganlari ham boʻlishi mumkin. Shunday boʻlsa-da, bu “masala”da ular ham «gʻiring» demaydi, “qulogʻini qimirlatmasdan” qoʻsh qoʻllab mablagʻlarining bir qismini byudjetga “joʻnatadilar”...
Shu maʼnoda “koʻpning rizqi” boʻlgan bu “pullar”ga qanday qilib xiyonat qilish mumkin? Nahotki, shunday tabarruk tabiatga ega boʻlgan bu pullarni, ularning asl tabiatiga mutlaqo zid ish tutib, shaxsiy yoki oilaviy ehtiyojlarimizni qondirishni ep koʻrsak?! Axir, “koʻpning rizqi”ni oyoq-ostiyu, poymol qilib, “oila boqish” mumkinmi?! U qanday qilib “halol luqma” boʻlishi mumkin? Bunday tarzda ish tutishning turgan-bitgani gunohi-azim emasmi?! “Gunohi-azim”ga botayotganlar esa faqat “u dunyo”da emas, balki “bu dunyo”da ham oʻz jazolarini olmoqlari lozim...
Bir paytning oʻzida, katta miqdordagi byudjet mablagʻlarining oʻzgalar tomonidan “tuya” qilinganligiga hech birimiz befarq qarashga haqli emasmiz. Eng yomoni, bunday holat yildan yilga takrorlanib kelmoqda. Buning ustiga, “Bu pullar davlatniki! Mening nima ishim bor!”, — ham deya olmaymiz. Zero, “gumdon” qilingan mablagʻlar, aslida, davlatniki emas, balki, yuqorida taʼkidlanganidek, soliq toʻlovchilarnikidir. Soliq toʻlovchilar esa kim? Jumladan, Siz bilan biz ham. Shu bois, “oʻzlashtirilgan” mablagʻlarning taqdiriga, eng avvalo, ana shu nuqtai-nazardan qarashimiz kerak.
Koʻtarilgan “muammo”ga shunday yondashiladigan boʻlsa, shaffoflikni taʼminlash, qattiq (keskin) jazo choralarini qoʻllash, korrupsiyani kamaytirish va yetkazilgan zararlarni qoplash borasida hali «aaaancha» ishlarni qilishimiz zarurligi maʼlum boʻladi. Quyida shularning biriga, qisqacha, toʻxtalmoqchimiz.
Aslida azaliy hayot “falsafa”si quyidagicha: har qanday intizomga va shu jumladan, byudjet intizomiga ham qatʼiy rioya etishga, xususan, qattiq (keskin) jazo choralarini qoʻllashsiz erishishning iloji yoʻq. Sodda qilib aytadigan boʻlsak, bu “masala”da pandu nasihat kor qilmaydi. Insofga chaqirish ham ish bermaydi. “Muammo”ni odamgarchilik, insonparvarlik, gumanizm gʻoyalariga tayanib hal etishning iloji yoʻq. Aybdorning keyingi “taqdir”iga qaramogʻida 4-5 ta “chirqillab turadigan” “jon”lar borligi, sogʻligining joyida emasligi va h.k. shunga oʻxshash “omil”larni hisobga olib yondashiladigan boʻlsa, byudjet intizomining hali-beri mustahkamlanishidan umid qilmasak ham boʻladi...
Hozirgi bizning sharoitimizda byudjet intizomiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlashning eng taʼsirchan yoʻllaridan biri bu yoʻnalishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan jazo choralarining keskin (qattiq) kuchaytirilishidir. Buning uchun “byudjet puli”ni “tuya” qilganlar, eng kamida, uni toʻliq summada qaytarib oʻz “joy”iga qoʻyishlari, “oʻzlashtirilgan davr” mobaynida Markaziy bankning foiz stavkasidan past boʻlmagan stavkada tovon toʻlashlari va bularga qoʻshimcha ravishda “aybdor”lar yaxshigina muddatda “oʻtirib” ham chiqishlari kerak. Buning natijasida ular muzdek qatiqni ham “puf”lab ichadiganlar, “byudjet puli” deganda esa “Xoʻsh-ey?!” deydiganlar, «tavbasiga tayanadigan»lar holiga tushishlari kerak...
Ha, “doʻst”larim! Shamol boʻlmasa, terak bargi qimirlamaydi! Muzdek qatiqni ham “puf”lab ichadigan davrlar yaqinlashmoqda! Shu bois, koʻpning haqiga xiyonat qilishning gunohi-azim ekanligi va taʼsirchan jazoning muqarrarligini hozirdanoq his etib, “byudjet pullari”ga nisbatan shunga monand qadam tashlasak, aslo kam boʻlmaymiz.
Tohir Malikov,
iqtisod fanlari doktori, professor
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring