Koʻngil koʻngildan suv ichadi

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Oʻzaro diydorlashish, fikr almashish, hayotiy tajribani baham koʻrish, shu asnoda tariximiz, bugungi va ertangi kunimiz haqidagi tasavvurlarimizni boyitishga nima yetsin? Gʻijduvon tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh nuroniylar, faollar va yoshlar vakillari shu maqsadda Qorakoʻl tumanida boʻldi.
Mehmonlar dastavval qadimiy Poykent sari yoʻl oldi. Bu goʻshaga oʻrta asr muarrixlari tomonidan “Madina al Tujjor” – “Savdogarlar shahri”, “Mis shahar” deya taʼrif berilgan. Eʼtirof etilishicha, u Buxorodan ham qadimiy.
1981-yildan buyon Poykent xarobalarida arxeologlar tomonidan tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu yerda faoliyat koʻrsatayotgan muzeyda shu izlanishlar natijasi boʻlgan 2200 dan ziyod eksponat saqlanmoqda. Eʼtiborlisi, Poykentdan VIII asrga taalluqli dorixona ham topilgan. Muzey eksponatlari orasida oʻnga yaqin jarrohlik buyumlari bor. Qadimiy shaharda suv quvurlari mavjud boʻlgan.
Shundan soʻng gʻijduvonliklar “Yangi Oʻzbekiston” massivida boʻlib, bu yerda aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoya mujassam mazkur goʻshada 240 ta xonadonga moʻljallangan 12 ta koʻp qavatli uy, 330 oʻrinli maktab, 240 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, oilaviy poliklinika qad rostlagan. Yaqin istiqbolda koʻp qavatli uylar sonini 70 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Yangidan barpo etilgan “Qobul ota” jome masjidi Qorakoʻlda diniy qadriyatlarimiz alohida eʼzozda ekanining timsoliga aylandi. Salkam ikki gektar hududni egallagan masjidning ichki qismi qariyb 5 ming namozxonni oʻz bagʻriga oladi. Gʻijduvonlik va qorakoʻllik otaxon-u onaxonlar bu kabi oʻzgarishlarni koʻrib, koʻngillarida shukronalik hissini tuydi.
— “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida tashkil etilgan sayohat davomida “Uch avlod uchrashuvi”, “Keksalarning hayoti biz uchun ibrat” mavzularida tadbirlar uyushtirildi, — deydi gʻijduvonlik mehnat faxriysi Samad Daminov. — Koʻngil koʻngildan suv ichar deganlaridek, oʻzaro diydorlashib, Qorakoʻldagi oʻzgarishlar, yangilanishlarni koʻrib, bir olam taassurot oldik.
Buxoro viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33-yilligi munosabati bilan oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar yoshlarimizni istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga hissa qoʻshadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring