“Bu yomgʻirlar...”
Bu yomgʻirlar bahor pardozchisidir: unga bezak va oro beradi, chiroyini chunon ochadi. Koʻklamni kiroyi koʻkartiradi, chinakam koʻklam qiladi, yashnatadi, yashillantiradi. Oʻt-oʻlanni boʻychan qiladi, ular shunchalar baland oʻsadiki, choʻkkalaganni koʻmadi. Qizgʻaldoqzor misli alvon dengiz boʻladi, quyosh nuridan olovlanadi. Millionlab yangi ekilgan koʻchatlar tomiriga obi rahmat yetib boradiki, bu tabiiy nam koʻkarolmay turgan niholni ham amal oldirib yuboradi.
Bu yomgʻirlar fayz-u baraka, rizq keltiruvchidir: lalmi dehqonchilikka, chorvaga baraka olib keladi. Qoʻy-qoʻzi-yu, echki-uloq, qoramollar koʻp oʻtlaganidan kun adogʻida qornilarini koʻtarolmay qoladi. Qoʻylar qoʻrasiga kelmay qoʻyadi: qir-adirda tunaydi. Oqshom mahal adirdan sigirlar har qachongidan-da bahaybat yelinlarini misli sudrab qaytadi. Ulardan kelinlar-u qiz-juvonlar sogʻayotgan sut chelaklarni toʻldiradi, koʻpirib, toshadi. Kuvilar guvaladay-guvaladay sarimoy chiqarib beradi, suzma-yu qatiq moʻl boʻladi.
Bu yomgʻirlar borliq va koʻngilni poklovchi hamdir: illo, havoni shunchalar tiniq qiladiki, uzoqdagi Turkiston togʻlari choʻqqisidagi qorning tovlanishini Gulistondan ham ilgʻash, osmonning Yerdan koʻrinadigan asl rangi moviy ekanligini anglash va musaffo havoning naqadar totliligini his etish mumkin boʻladi. Uning qaysidir ummon bagʻridan bugʻlanib, farishtali falakda obdon pokiza boʻlib, soʻngra bulutlardan uzilib zaminga intilayotgan hech bir gardsiz, toza tomchilari sochlardan yuzlarga, koʻzlarga tomib, yumalab, erkalab choʻmiltirgandek boʻladi. Va albatta, bu ajib poklanish koʻngillar tubigacha boradi. Qalbdagi gʻuborlarni quvib solib, uning oʻrniga koʻklamiy kayfiyatni joylab qoʻyadi.
Ahmadali ShERNAZAROV,
jurnalist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring