Ko‘hna va muazzam manzilning bugungi jamoli

14:52 27 Oktyabr 2021 Jamiyat
180 0

Foto: Faxriddin Bozorov,“Xalq so‘zi”

Qarshi shahri bugun chin maʼnoda obodlik va bunyodkorlik timsoliga aylanib bormoqda.  Istiqlol qudratidan bahra olib,  kun sayin yasharayotgan, yangilanayotgan shahar jamoliga boqib, qalbingizni cheksiz shukuh egallaydi. Qolaversa, bu shahar sanoat salohiyati, noyob tabiiy boyliklari, transport-kommunikatsiya tarmoqlari gurkirab rivojlanayotgani, fan, madaniyat, maʼrifat hamda sanʼat sohasi ravnaq topayotgani bilan ham mamlakatimiz taraqqiyotida munosib o‘rin tutmoqda.

Qarshi shahrining hozirgi kungacha saqlangan meʼmoriy yodgorliklari – Ko‘kgumbaz, Qashqadaryo ko‘prigi, Qarshi hammomi, Sharofboy, Bekmurodboy, Qilichboy, Abulazizboy madrasalari, Odina jomeʼ masjidi, Qarshi sardobasi, Abu Ubayda bin al-Jarroh ziyoratgohi va Xonaqoh masjidi majmuasi o‘zbek meʼmorchiligining noyob namunalari bo‘lib, ularning har biri o‘z tarixiga ega. Bu qadimiy osori atiqalarga zarar  yetkazmagan holda zamonaviy bino-inshootlar, turar joylar hamda tadbirkorlik subyektlari barpo etilayotgani esa yana bir eʼtiborli jihatdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan “UzShoes" MCHJ shaklidagi O‘zbekiston-Belarus qo‘shma korxonasi timsolida Qarshi shahri sanoatiga bir qur nazar tashlaymiz. 

Umumiy loyiha qiymati 6 mln. AQSH dollarini tashkil etuvchi bu qo‘shma korxonaga Belarus investori tomonidan 1 mln. 200 ming AQSH dollari qiymatida investitsiya kiritilgan.

-2019 yilning iyul oyida Minskda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Belarus forumi doirasida Qashqadaryo viloyatida poyabzal ishlab chiqaruvchi yangi qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha istiqbolli bitim imzolangan edi,- deydi  “UzShoes" korxonasi rahbari Dilshod Muftullayev. - Bugungi kunga kelib ushbu loyihaga oid ishlarning birinchi bosqichi ishga tushdi. Hozirgi paytda 100 nafar mahalliy xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, ular belaruslik mutaxassislar tomonidan o‘quv-tajriba kurslariga jalb etilgan holda mahoratlarini oshirib bormoqda. Qo‘shma korxona to‘la quvvat bilan ishlay boshlagach,  yana 525 ta ish o‘rni ochiladi.

Qo‘shma korxonada erkaklar, ayollar va bolalar uchun mo‘ljallangan turli ko‘rinishdagi poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda va tayyor mahsulotlarning bir qismi  xorijga eksport qilinmoqda.

Qarshi shahridagi yana bir sanoat obyekti - “Alp texno servis” xususiy korxonasida yiliga SMART rusumida 30 ming dona zamonaviy yupqa ekranli televizor ishlab chiqarilayotir.

- Dastlab televizorlar ehtiyot qismlarini to‘liq xorijdan olib kelib yig‘ayotgan bo‘lsak, ayni paytda 40 foiz  ehtiyot qismlar o‘zimizda mahalliy xomashyolardan tayyorlanmoqda, - deydi xususiy korxona rahbari Shuhrat Murotov. – Kelgusida bu ko‘rsatkichni yana-da oshirish ustida qizg‘in ish olib boryapmiz. Eng muhimi, Qarshida ishlab chiqarilayotgan 6 turdagi televizorlarning bozori chaqqon. Yaqinda ozarbayjonlik hamkorlar bilan eksport shartnomasini imzoladik va bu xorijlik biznes hamkorlar bilan samarali faoliyatni yo‘lga qo‘ysak, Qarshi televizorlari eksportga chiqa boshlaydi. Mana shunday eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda korxonada mehnat qilayotgan 70 nafardan ziyod malakali ishchi-xodimlarning xizmati katta.

 Qarshi shahrida nafaqat ishlab chiqarish, balki zamonaviy xizmat ko‘rsatish manzillari ham kun sayin ko‘payib bormoqdaki, ularda yaratilgan qulayliklar va keng ko‘lamdagi xizmat turlari aholining mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilmoqda.

Yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi bu ko‘hna kentda ham xususiy tibbiy klinikalar safi keng. Ular orasida “Nasaf  Medical center”ning alohida o‘rni bor. Tadbirkor Dilrabo Sharipova rahbarlik qilayotgan mazkur xususiy ko‘p tarmoqli davolash muassasasi sifatli tibbiy xizmatlari bilan allaqachon aholi ishonchini qozonib ulgurgan. Bu yerda asosan  urologiya, ginekologiya, gastroenterologiya, xirurgiya, nevrologiya, terapiya,  endokrinologiya, kardiologiya,  rentgen-radiologiya va  fizioterapiya yo‘nalishlarida tashxis qo‘yilib, shu yerning o‘zida davolash ishlari malakali amalga oshirilayotgani bemorlar uchun qulaylik yaratmoqda.

Tabiatan saranjom-sarishtalikni xush ko‘radigan yana bir tadbirkor - Matlubaxon O‘taganova  Qarshi shahrida barpo etgan “Tozalik malikasi” MCHJ faoliyati ham eʼtirofga loyiq, albatta. Ushbu korxona sexlarida bugungi kunda xo‘jalik sovuni, idish yuvish geli, kir yuvish kukuni, antiseptik vositalar tayyorlanmoqda.  Tinib-tinchimas M. O‘taganova rahbarligidagi korxonada shaharning Gungon mahallasida yashovchi 15 nafar yigit-qiz doimiy ish bilan band.

Umuman, bugun Qarshi shahrida odamlar hayoti va turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilayotgan mana shunday tadbirkorlik subyektlarini deyarli har qadamda uchratasiz. Shahar ijtimoiy infratuzilmasi va iqtisodiyoti rivojiga ulush qo‘shayotgan bunday korxonalaru xizmat ko‘rsatish maskanlarining har birida qizg‘in jarayonning guvohi bo‘lasiz.

2700 yillik tarixga ega Qarshi shahri bilan birgina qashqadaryoliklar emas, butun xalqimiz faxrlanishi ham bejiz emas aslida. Qadimgi Nasafning Islom sivilizatsiyasidagi tutgan o‘rni – bu endi bo‘lak mavzu. Shunisi ayonki, bugun dunyo bo‘ylab nainki sayyohlarni, balki salohiyatli investorlarni o‘ziga tobora maftun etayotgan muazzam Qarshida o‘zgarishni, yangilanishni ko‘rasiz. Demak, bu yerda  o‘sish bor,  ulug‘vor maqsadlar sari intilish va dadil rejalar bor.

 

Faxriddin BOZOROV, “Xalq so‘zi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?