Klasterga Vengriyadan naslli qoramollar olib kelinadi

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning mamlakatimizga tashrifi doirasida boʻlib oʻtgan ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi hamda biznes forumi tomonlar uchun birdek manfaatli kelishuvlarga boy boʻldi. Xususan, Quyi Chirchiq tumanidagi “TCT Cluster” klasteri va Vengriyaning “Agrota” kompaniyasi oʻrtasida chorvachilik yoʻnalishida dastlabki kelishuvga erishildi. Unga koʻra, chet ellik hamkorlar tez orada 200 bosh naslli qoramol yetkazib berishadi.
Chorvachilik “TCT Cluster” klasteri faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-dekabrdagi “Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida hududda klaster usulida chorvachilikni rivojlantirish vazifasi belgilab berilgan. Shundan kelib chiqib, “TCT Cluster” klasteri tomonidan boʻrdoqichilik fermasini tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan.
Klaster taʼsischisi, senator Murtazo Rahmatovning aytishicha, 2500 bosh qoramol parvarishlashga moʻljallangan mazkur chorvachilik majmuasi shu yilning ikkinchi yarmida foydalanishga topshiriladi. Ayni “Mehnatobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududida majmua bino-inshootlarini qurish ishlari jadal olib borilmoqda.
Chorvachilik majmuasining birinchi bosqichida 100 ortiq ish oʻrni yaratiladi. Ish klaster usulida olib borilib, chiqitsiz texnologiya joriy qilinishi evaziga ish oʻrni ham, mahsulotlar turi ham koʻpayib boraveradi. Chunki nafaqat goʻsht va konserva mahsulotlari ishlab chiqariladi, balki chorva terisi, hatto suyak, shox va toʻyoqlari ham chuqur qayta ishlanib, ichki va tashqi bozorga tayyor sanoat mahsulotlari yetkazib beriladi.
“TCT Cluster” klasterining marketing boʻyicha direktori Toʻlqin Xayrullayevning maʼlum qilishicha, vengriyalik hamkorlardan ikki yoʻnalishda chorva mollari keltiriladi. Yaʼni yuqori sifatli goʻsht yetishtirish va naslchilikni rivojlantirish uchun naslli qoramollar olib kelinadi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, “TCT Cluster” klasteri Vengriya ishbilarmonlari bilan baliqchilik va gʻallachilik yoʻnalishlarida ham hamkorlik qilish boʻyicha muzokaralar olib borishmoqda. Tez orada bu borada ham amaliy kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring