Kitobxon avlod ezgulik va bunyodkorlikka xizmat qiladi
Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”
Kitob mutolaasi insonning maʼnaviy, badiiy-axloqiy madaniyatini shakllantirish, milliy gʻururi va vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirish, ijodiy mahorati hamda badiiy didining oʻsishida muhim oʻringa ega. Shu bois mamlakatimizda kitobxonlikka, yoshlar oʻrtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirishga, kutubxonayu kutubxonachilarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan Respublika bolalar kutubxonasi qariyb 150-yillik tarixiy binosining oʻziga xosligi saqlab qolingan holda qayta taʼmirlanib, yana kitobsevarlar uchun ochilgani navqiron avlod kamoloti yoʻlidagi yana bir muhim qadamlardan biri boʻldi.
Kutubxona qisqa vaqtda bolalar va oʻsmirlar hamda ularning ota-onalari jamlanadigan jozibador maskanga aylanib ulgurdi. Mutolaa uchun shinam joylar, barcha yoshdagi insonlarga mos kitoblar, sifatli jihozlangan kompyuter xonalari va tamomila ijodiy muhit — bari kitobsevarlar uchun keng imkoniyatlarni yaratadi, desak, mubolagʻa emas.
— Kutubxona shunchaki yoʻlingiz tushib, zerikkaningizda bir aylanay deb emas, oʻz nurini qalbingizga singdirishga oshiqayotgan, sahifalari barmoqlaringizni sogʻingan kitoblar bilan toʻla, qadamingiz tortib, yuragingiz istab, aqlingiz oshiqib kiriladigan xazinalar makoni, — deydi ziyo maskaniga oʻgʻli bilan kelgan Maʼsuma Ismoilova. — Otam umri davomida kitob yigʻgan, maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlagan. Balki, shuning uchundir bolaligimizdan kitobga mehrimiz boʻlakcha. Respublika bolalar kutubxonasi oilaviy sevimli joyimiz. Uning taʼmirlana boshlaganini eshitib, juda sevindik, biroq ichimizda oʻzining tarixiy jozibasini saqlab qolarmikan, deya hadiksiradik.
Qayta ochilganida amin boʻldikki, kutubxonamiz yanada koʻrkamlashgan, oldingi oʻziga xosligi ham saqlab qolingan. Eski xonadonimiz bu yerga yaqin edi, biroq yaqinda yangi uyga koʻchib oʻtdik. Shunga qaramay, bu joydan qadamimiz uzilgani yoʻq.
Taʼkidlash joizki, kutubxona binosi boy tarixga ega. U XIX asr oxirlarida qoʻqonlik tadbirkorlar tomonidan qurilgan, koʻp oʻtmay bino sotib yuborilib, unga Toshkent shahar dumasi va jamoat yigʻini joylashadi, bir qismi esa bolalar kutubxonasiga aylantiriladi. Oʻtgan asrning 60-yillarida Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasining Oʻsmirlarga xizmat koʻrsatish boʻlimi bu yerga koʻchadi. Keyinchalik u toʻliq Respublika bolalar kutubxonasi tasarrufiga berilgan. Maʼlumotlarga koʻra, kutubxona fondi 1965-yildan boshlab shakllantirilib, 200 ming jildga yaqin nashrdan iborat. Qayta taʼmirlash ishlari mobaynida kengaytirilib, yana 21 ming dona kitob qoʻshildi. Bunda, ayniqsa, sanʼatga oid kitoblar jamlanmalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Maskanda kitob fondining sifat darajasini nazorat qilish maqsadida “Irbis” elektron kutubxona boshqaruv tizimi joriy etilgan. Bu yerda tizimlashtirish, toifalashtirish, oʻquvchilarni izlash, kitoblarni berish va maʼmuriy boshqaruvga oid zamonaviy texnologiyalar tatbiq qilingan.
Yangilangan kutubxona shunchaki oʻqish zallaridan iborat emas, xalqaro standartlarga javob beruvchi, koʻp funksionalli binoga aylangan. Bu yerda oʻziga xos dizaynga ega qulay partalar, oʻrindiqlar, maʼruzalarni tinglash, oʻqish, dam olish uchun modullar, audio kontent bilan ishlash, kompyuter sinflari, kichik bosmaxona, hatto hovlida kichik amfiteatr ham mavjud.
Kutubxonada zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanilayotgani xodimlar ishini yengillashtirib, kitobxon bolalarga qoʻshimcha qulaylik yaratmoqda. Yaʼni, tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta olishadi, buning natijasida kitobxonlarni roʻyxatga olish, kitob olish va topshirish jarayonlari elektron tarzda tashkil etiladi. Bu jarayonda foydalanuvchilar ovora boʻlmaydi, ularning vaqti tejaladi.
Kitob oʻqishga vaqtingiz kamroq yoki ish-yumushlaringiz koʻp boʻlsa, siz uchun bu yerdagi audiokitoblar ayni muddao. Koʻzingizni toliqtirmaydi, qimmatli vaqtingiz behuda ketishidan asraydi. Ham ishingiz bitadi, ham bilimingiz ortadi.
Kutubxona fondidan masofadan turib ham foydalanish mumkin. Kitobxon yoshlar “kitob.uz” platformasi orqali 3 ming 203 ta elektron kitobni mutolaa qilishlari va 1 ming 57 ta audio hamda 5 nomdagi qardosh tillarda yaratilgan audio ertak kitoblarni bepul tinglashlari mumkin. Ziyo maskanida elektron kutubxonani rivojlantirish, video va audio resurslar fondini boyitish, foydali veb-kontentlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan. Alohida audio kitoblarni tinglash xonasi ham bor. Endilikda bolalar mabodo kitobni kutubxonada oʻqib tugatolmay qolishsa, hech qanday muammo yoʻq, bemalol ota-onasining telefoniga QR-kodlarni skanerlab, kitobni yuklab olishi hamda yana kelgan joyidan mutolaa qilishi mumkin.
Davlatimiz rahbari kutubxon ochilishiga tashrifi chogʻida kutubxonani maktablar bilan bogʻlab, 180 ming kitob fondidan ularni bahramand qilish, bu yerga koʻproq yoshlarni jalb etish zarurligini taʼkidlagan edi. Bu koʻp kechiktirilmadi, ziyo maskani oʻz avtobusiga ega boʻldi. Oʻtgan yilning 1-oktyabridan boshlab “Men Respublika bolalar kutubxonasiga ketyapman”, yozuvli avtobus Toshkent koʻchalari boʻylab harakatlanishni boshladi. Natijada Toshkent shahri va respublikaning boshqa shahar va viloyatlaridan koʻplab bolalar kutubxona xazinasidan bahramand boʻlmoqda.
— Kutubxona uyimizga unchalik uzoq emas, gohida onam, gohida otam, gohida esa opalarim bilan bu yerga kelamiz, — deydi yosh kitobxon Sabina Yangiboyeva. — Men boshqa bolalarga oʻxshab zerikkanimdan kitob oʻqimayman. Ertaklar, sheʼrlar, ayniqsa, suratli kitoblarni mutolaa qilishni yaxshi koʻraman. Baʼzida ota-onam ishdan kelishini orziqib kutib turaman, kelishlari bilan kutubxonaga boraylik, deb holi-joniga qoʻymayman.
Uyimizda ham kitoblar koʻp, lekin kutubxonada kitob oʻqish baribir boshqacha. Chunki bu yerdagi muhit oʻqiyotgan asarimni toʻla his qilishimga yordam beradi.
Respublika bolalar kutubxonasi deyarli har kun navqiron avlod vakillari bilan toʻla, chunki bu yerda tez-tez yozuvchi-shoirlar, sanʼatkorlar, kutubxonachilar ishtirokida badiiy kechalar, anjumanlar, koʻngilochar dasturlar, mahorat darslari tashkil etiladi.
Kunora kutubxonaga turli maktablardan ustozlar oʻquvchilari bilan birga ekskursiyaga kelishadi va mazmunli hordiq chiqarishadi. Kutubxona xodimlari bolalar kulgusining jarangi, hatto shovqini ham bu yerga oʻzgacha fayz bagʻishlashini alohida taʼkidlashdi.
Kitobxon avlod, albatta, ezgulikka, bunyodkorlikka xizmat qiladi, hamisha yaxshilik tomonda boʻladi. Butun dunyoda bolalar hayotiga ochlik, notinchlik, turli xunrezliklar tahdid solayotgan bir paytda yurtimizda ertamiz egalari kamoloti, maʼnaviy yetukligi yoʻlida katta mablagʻ, vaqt va kuch sarflanib, ulugʻvor ishlar qilinayotgani istiqbolimiz, taraqqiyotimiz aynan yoshlar taqdiri bilan bogʻliq koʻrilayotganining yaqqol ifodasidir. Bunday gʻamxoʻrlik va ishonch har bir yoshni quvontirishi bilan birga yangi marralar sari dadil intilishga undayveradi.
Rahmatjon BOBOJONOV
(“Xalq soʻzi”).
Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Hotdogdan choʻchqa yogʻigacha: maktab oshxonasida qanday oziq-ovqatlarni sotish taqiqlangan?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- “Mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat!”: Davlat soliq xizmati va Bolalar ombudsmani Qashqadaryodagi holatga munosabat bildirdi
- Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasidagi uzoq yildan beri yopiq turgan nazorat-oʻtkazish punkti ochiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring