Kitobdan bezdirayotgan bozor adabiyoti

15:39 02 Aprel 2025 Jamiyat
137 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bugun yurtimizda yangi avlod vakillari oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazilsa, ular qanday kitoblarni tanlaydi? Afsuski, ushbu tanlov aksariyat hollarda bizni quvontirmasligi aniq. Kitob doʻkonlarida oʻzbek adabiyoti namoyandalari, taniqli yozuvchi-shoirlarimiz, jahon adabiyoti durdonalari qatorida milliy mentalitetimizga toʻgʻri kelmaydigan, axloqsizlik va jangarilikni targʻib etuvchi, ruhiy-psixologik muvozanatni izdan chiqaruvchi, bir zumda katta tadbirkorga aylantirishni daʼvo qiluvchi zoʻrma-zoʻraki tarjima asarlari istagancha topiladi.

Fargʻona shahridagi kitob doʻkonlari, viloyatning boshqa-shaharlarida keyingi yillarda kitoblar savdosi, marketingi havas qilsa arziydigan darajada rivojlandi. Biroq, mazkur ziyo maskanlarini aylanish asnosida koʻngilda xavotir paydo boʻlishi aniq. Sababi, mamlakatimizning turli nashriyotlari, ayniqsa, xususiy nashriyotlar tomonidan kitobxonlar uchun tavsiya etilayotgan baʼzi adabiyotlarning mavzusi har qanday sogʻlom fikrli insonni tashvishga soladi. Birgina Fargʻonada faoliyat koʻrsatayotgan ayrim kitob doʻkonlarini aylanib, bir qarashdayoq eʼtiborni jalb qiladigan “Meni kuchliroq sev”, “Ishq haqida 40 qoida”, “Ishq sirlari”, “Ichingdagi shayton”, “Kimga tegishli boʻlsang seni albatta topadi” kabi oʻnlab kitoblar eʼtiborimizni tortadi. Bularning aksariyati tarjima kitoblar boʻlib, yoshlar koʻproq muqovasida jilmayib turgan chiroyli qiz surati tushirilgan, nomi jimjimador asarlarni koʻproq sotib olmoqda. Kitob savdosida inson ruhiyati, tadbirkorlik, biznes, boy boʻlish sirlarini oʻrgatuvchi tarjimalar ancha xaridorgir.

Maʼlum bir daromad manbaiga ega baʼzi qalamkashlar tomonidan chop ettirilayotgan bir necha qismli “eʼjod” namunalari ham istagancha topiladi. Bozor iqtisodiyotining shafqatsiz qonunlaridan biri shu – pulini toʻlagan kitoblarini istagancha chiqaraveradi. Baʼzan bir yilda ikkita-uchta detektiv asarlar yozib tashlashini daʼvo qilayotgan ustomon “yozgʻuvchi”larning bemaza kerikligiga koʻzimiz tushganida miyigʻimizda kulib qoʻyamiz.

Ammo bu toifalar kitobni allaqachon biznesga aylantirib olgan. Har yili kitob chiqaradi. Shilliqqurtdek kerakli joylarga kirib boradi. Har qanday usul bilan boʻlsa ham maqsadiga erishadi. Bundan eng katta zararni kitobxon koʻradi, albatta. Chunki u tanlov qilayotganda bugungi kundagi mashhur asarlar sifatida koʻproq shu kitoblarga koʻzi tushadi. Oʻz navbatida, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham bunday kitoblar targʻiboti boʻyicha tinmay harakat qilinmoqda. Qarabsizki, adabiyot deganda yosh kitobxonning koʻz oʻngida usti yaltiroq, ichi qaltiroq kitoblar keladi. Toʻgʻri, oʻzbek adabiyotida hamisha maʼlum bir davr uchun vaqtinchalik mashhur boʻlib, qarsak va olqishlarga sazovor boʻlgan ijodkorlar boʻlgan. Ammo ularning adabiyotdagi umri uzoq boʻlmagan. Haqiqiy adabiyot aslo zavol topmaydi. Demak, bu farqni ajrata bilish hamda vaqtinchalik olqish va qarsaklar adabiyotining oʻziga xos taʼsir doirasiga tushib qolishdan ehtiyot boʻlishimiz lozim.

— Hozirgi kunda ayrim ustomonlar tomonidan tijorat maqsadida chiqarilayotgan kitoblar haqiqiy adabiyot emas, balki sunʼiy ravishda yaratilgan his-tuygʻular, qiziquvchanlikka qurilgan marketing mahsulotidir, — deydi fargʻonalik yosh ijodkor Shohrux Oʻktamov. — Ayniqsa, baʼzi xususiy nashriyotlar bozor iqtisodiyoti tamoyillariga koʻra harakat qilib, koʻproq tijoratlashgan adabiyotlarni chop etmoqda. Bu sanʼat asarlari emas, bozorga yoʻnaltirilgan mahsulotlar yaratilishiga olib kelmoqda. Qolaversa, global ijtimoiy tarmoq adabiyotga shunday taʼsir oʻtkazmoqdaki, natijada oʻquvchi uzoq fikr yuritishga undovchi kitoblarni emas, tez hazm boʻladigan, sodda va koʻngilochar, maishiy bestsellerlarni afzal koʻrmoqda. Kitobxonlarning boshlangʻich qiziqishi ham koʻproq tarjima kitoblarga boʻlmoqda. Taajjublanarlisi, ayrim tarjima asarlarda qoʻpol xato va kamchiliklar koʻpligi uning internetdagi dasturlar yordamida texnik tarjima qilinganligini anglatadi. Aksariyat hollarda tijorat maqsadida chop etilayotgan kitoblarda axloqiy meʼyorlar yetishmaydi. Natijada bu kabi qoʻlbola asarlar bilimsizlik va zoʻravonlikni targʻib etadi.

Aytish joiz, keyingi yillarda oʻzbek tiliga tarjima qilinayotgan kitoblar jamiyat tafakkuriga katta taʼsir koʻrsatyapti. Tabiiyki, jahon adabiyotining turli yoʻnalishlariga mos, turli madaniyat va mafkuralar timsoli boʻlgan asarlar tarjima qilinar ekan, ushbu jarayonning ijobiy va salbiy jihatlaridan aslo koʻz yumib boʻlmaydi. Boisi ayrim tarjima kitoblar yoshlar qalbiga begona gʻoyalarni singdirib, milliy qadriyatlardan uzoqlashtirayotgani ayni haqiqat.

Hozirgi kunda koʻcha-kuyda milliy mentalitetimizga raxna soluvchi axloqsizlikni targʻib etuvchi turli yozuvlar tushirilgan kiyimlarni kiyib yurgan yangi avlod vakillarini koʻrish tashvishlanarli. Lekin ular hech kimdan uyalayotgani yoʻq. Aksincha oʻz jirkanchligini koʻz-koʻz qilayotgandek, beoʻxshov xatti-harakatlari bilan barchaning eʼtiborini oʻziga jalb etishga intiladi. Demak, bu oʻrinda ham bizga haqiqiy adabiyot, kitobxonlik madaniyati yordamga kelishi zarur. Unutmang, kitob tanlash – bu shunchaki oʻquv jarayoni emas, balki oʻz kelajagimizni belgilash tanlovidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер