Kitob oʻqish uchun qahvaxona ochildi

17:45 22 Yanvar 2025 Jamiyat
227 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahrida yosh tadbirkor Zebo Ismatullayeva tashabbusi bilan “Kitob” qahvaxonasi tashkil etildi. “Munshaot” nashriyoti homiyligidagi ushbu mutolaa maskanning boshqa kutubxonalardan farqli jihati shundaki, bu yerda qahva ichib, kitob oʻqish imkoniyati mavjud.

Odatda, restoran yoki oshxonada oʻtirganimizda asosan ovqatlarning turi, mazasi, tayyorlanish usuli, narxi va hokazolar bilan qiziqamiz, xohlagan mavzuda suhbatlashib ketaveramiz. “Ikkisi birda” boʻlgan “Kitob” qahvaxonasida esa ming turdagi kitoblar bor.

— Bahor va kuz faslida darsdan keyin deyarli har kuni yarim soat vaqtimni xiyobonda badiiy kitob oʻqishga sarflashni odat qilganman, — deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabasi Azizbek Gʻafforov. — Qishning sovuq, yozning issiq kunlarida buning imkoniyati yoʻq edi. Xorijda taʼlim oladigan doʻstim ana shunday sovuq yoki issiq kunlarda boʻsh vaqtini koʻproq “Book kafe”da oʻtkazishini aytardi. Unga havas qilardim. Shahrimizda ham shunday maskanlar boʻlishini xohlardim. Bugun shu istagim amalga oshdi. Bu yerda kitoblardan foydalanish bepul va biz istagan kitobni topib berishda maskan xodimlari beminnat xizmat koʻrsatyapti.

Kundalik yumushlardan charchagan kishilar mana shu qahvaxonada qahva ichib, kitob mutolaa qilib maʼnaviy hordiq olsa boʻladi. Kelgusida bunday maskanlarning yanada koʻpayishidan umidvormiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер