“Kim oladiyo shuginaniyo” yoxud “Liverpul” ikki hujumchisidan qutilmoqchi

13:21 15 Iyun 2025 Sport
220 0

“Napoli” jamoasi bosh murabbiyi Antonio Konte yozgi transfer oynasida tarkibni kuchaytirish maqsadida “Liverpul”dan ikki futbolchini xarid qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “La Repubblica” nashri xabar berdi.

Nashrga koʻra, Italiya klubi rahbariyati Kontega transferlar boʻyicha toʻliq qoʻllab-quvvatlashga tayyor. Maʼlum qilinishicha, Konte jamoasini yangi hujumchi va qanot futbolchisi bilan toʻldirmoqchi. Neapolliklar aynan “Liverpul” safidagi Darvin Nunyes va Federiko Kyezani asosiy nishonga aylantirgan. Konte ayniqsa Nunesning oʻyin uslubiga “oshigʻi” boʻlib, u bilan bogʻliq muzokaralar boshlab yuborilgan.

Xabarlarda aytilishicha, Konte boshchiligidagi klub bu ikki futbolchi boʻyicha “jiddiy aloqalar” oʻrnatgan va ular “barqaror nishonlar” sifatida koʻrilmoqda. Ayniqsa, Kevin de Bryoyne bilan shartnoma imzolangani ortidan, Nunes va Kyeza singari yuqori darajadagi futbolchilar jamoani butunlay oʻzgartirib yuborishi mumkinligi taʼkidlanmoqda.

“Liverpul” jamoasi esa oʻz navbatida yozda yana bir qancha transferlarni amalga oshirishni rejalashtirgan. Klub hozirda Florian Virs va Milosh Kerkez bilan shartnoma imzolash arafasida, Jeremi Frimpong esa allaqachon jamoaga qoʻshilgan. Bundan tashqari, “qizillar” hujum chizigʻini kuchaytirish maqsadida Aleksandr Isak va Ugo Ekitike kabi futbolchilarga qiziqish bildirmoqda.

Darvin Nunyesning transferi borasida “Liverpul” ochiq pozitsiyani egallagan: agar mos taklif boʻlsa, klub uni sotishga tayyor. Shu bilan birga, jamoa Nunyes oʻrnini bosadigan futbolchi topilishiga ham katta eʼtibor qaratmoqda. Klub 85 million funt sterling (qoʻshimchalar bilan) evaziga sotib olingan urugvaylik futbolchi uchun shu miqdorga yaqin narxni qaytarib olishni istamoqda.

Federiko Kyeza borasida esa vaziyat biroz boshqacharoq. Uzoq vaqtdan beri uni Italiyaga qaytish istagida boʻlgan futbolchi sifatida koʻrilayotgan boʻlsa-da, “Liverpul”dagi ichki manbalar murabbiy Arne Slot uni jamoada foydali oʻyinchi sifatida koʻrayotganini bildirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер