Kim haq: haydovchimi, yoʻlovchi?

17:25 03 Sentyabr 2025 Jamiyat
101 0

Bugun shaharlarimizda “Aqlli” bekatlar oʻrnatilmoqda. Bu qancha turishini bilmaymiz, lekin koʻpayib bormoqda. Ammo avtobus bekatlarida favvorali saroylar qursak ham agar madaniyat boʻlmasa befoyda.

Termiz shahrida ham koʻplab zamonaviy avtobus bekatlar qurilgan. Yoʻlovchilar uchun qulay sharoitlar, kutuvchi pavilyonlar, oʻrindiqlar, chiqindi qutilari, hatto baʼzi bekatlarda shinam kutubxonalar ham tashkil etilgan. Toʻgʻri, bu yaxshi. Muammo shundaki, bu imkoniyatlardan foydalanish madaniyati hali bizda shakllanmagan. Yoʻlovchilar uchun maxsus ajratilgan joylar turib, odamlar oʻttiz, qirq qadam narida avtobusni toʻxtatishga harakat qiladi. Haydovchi kunlik rejani topshirish uchun ularga toʻxtashga majbur. Lekin har qadamda yoʻl oʻrtasida toʻxtab oʻtishi nafaqat harakat xavfsizligiga tahdid, balki yoʻldagi barcha harakat ishtirokchilariga noqulaylik tugʻdiradi.

Baʼzida esa bekatlar atrofini taksi haydovchilari va mahalliy mashinalar egallab oladi. Toʻxtab turgan mashinalar tufayli haydovchilar ham, yoʻlovchilar azoblanadi. Bu na transport tizimi, na inson salohiyati, na yoʻl qoidalari nuqtayi nazaridan toʻgʻri emas. Bunday vaziyatlarda asosiy ogʻriqni his etayotgan qatlam — bu haydovchilar. Ular shahar infratuzilmasining jonli “dvigateli” boʻlsa-da, afsuski, bugun aynan ular eng ogʻir sharoitda mehnat qilmoqda. Xoʻsh, bu borada kim haq: haydovchimi, yoʻlovchi?

— Ishimiz ertalab soat 6:30 da boshlanadi. Kechqurun 20:00 gacha yoʻldamiz, – deydi termizlik avtobus haydovchisi Shavkat Valiqulov. – Uzoq yillardan beri Termiz shahrida avtobus haydayman. Har kuni bir xil holat: odamlar bekat borligini bilib turib ham unga eʼtibor qilmaydi. Koʻchami, mahallami yoki tor yoʻlakmi, qayerdan chiqsa, oʻsha joydan qoʻl koʻtaradi. Toʻxtamasak avtobus ortidan yuguradi yoki ovozini boricha baqiradi. Yoʻl oʻrtasida toʻxtasak, mashinalar tirband boʻladi. Har ikki tomonga yaqqol muammo. Ayb esa koʻpincha haydovchilarda qoladi. Keyingi paytlarda duch kelgan joydan odam olish tobora qiyinlashyapti. Zamonaviy bekatlar boʻla turib, bundan foydalanishni bilmaslik jamiyatimizning baʼzi bir qismi oʻqimagan va madaniyatsizligidan dalolat beradi.

Kun boʻyi anomal issiq yoki sovuqda konditsionersiz avtobus rulida oʻtirishning oʻzi boʻlmaydi. Charchaymiz, toliqamiz, lekin kimdir kechikyapti, kimdir tushib qolmoqchi, kimdir shoshilyapti — ularning har birining hayoti uchun bitta haydovchi javobgar. Rulda oʻtirgan odam baxtsiz hodisalarga yoʻl qoʻymasligi kerak. Keyin kunlik plan bor. Kuni boʻyi yurgan bilan yoʻlovchi olmasak, planni bajarolmaymiz. Bekatda uch kishi, yoʻlda oʻn kishi qoʻl koʻtarib tursa, ularni tashlab qayoqqa boramiz? Toʻxtashga majburmiz. Nazarimizda, yoʻlovchilarning madaniyatini shakllantirish uchun ajoyib bir tajriba oʻtkazilsa yaxshi boʻlardi. Ommaviy ravishda kunlik rejani topshirishimizga biroz vaqt yengillik berilsa, shundan foydalanib biz maʼlum bir vaqt mobaynida faqat bekatlarga toʻxtasak, belgilanmagan joydan odam olmasak, balki shunday qatʼiylik bilan yoʻlovchilar bekatdan avtobusga chiqishga majbur boʻladi. Bekatmi bekat, tamom, ikki metr boʻlsayam avtobus toʻxtamasligini tushunadi. Har ikki tomon uchun qiyin boʻlsa-da, shu yoʻl bilan aholi madaniyati shakllanadi.

Shavkat Valiqulovning bu gaplari nafaqat haydovchilarning ahvolini, balki butun transport tizimidagi muammoni ochiq koʻrsatadi. Chunki har qanday tizimdan avval — inson turishi kerak. Har qanday infratuzilmadan avval — tafakkur, tartib, tushuncha ustuvor boʻlishi darkor.

Yana bir jiddiy muammo shundaki, Termiz davlat universiteti shaharning asosiy avtomobil yoʻli boʻyida joylashgan. Universitetning markaziy darvozasi qarshisida svetofor oʻrnatilgan. Talabalar shu svetoforning ikki tomonini oʻzboshimchalik bilan “bekat”ga aylantirib olgan. Bu nafaqat harakat xavfsizligi, balki yoʻldagi umumiy tartib uchun ham jiddiy xavf tugʻdiradi. Axir, undan 100-150 metr nariroqda zamonaviy, barcha qulayliklarga ega avtobus bekati bor. Afsuski, oʻsha bekatdan deyarli hech kim foydalanmayapti. Universitetning boshlanish qismida, oʻrta nuqtasida va oxirida — jami uchta svetofor oʻrnatilgan. Qizigʻi, ular taxminan 100-200 metrlik oraliqda joylashgan. Bunday holat tirbandliklarning ortishi, transport oqimining izdan chiqishiga sabab boʻlmoqda. Bu muammoni nazardan chetda qoldirmaslik, yoʻl infratuzilmasini qayta koʻrib chiqib, zarurat boʻlsa, svetofor va bekatlarning oʻrni, vazifasi va samaradorligini qayta baholash lozim.

Ayrim zamonaviy bekatlar qarovsiz yotibdi. Axir, qancha mablagʻ evaziga qurilgan bekatlarni odamlarga nafi tegmasa, bundan nima foyda! Ularning ahamiyati yetarli darajada anglanmayotgani tufayli ular abgor va yaroqsiz holatga kelib qolgan.

Surxondaryo viloyatida jamoat transportini yaxshilash maqsadida 2025-yil yakuniga qadar 100 ta zamonaviy, past polli avtobus olib kelish, mavjud 90 ta bekatga yana 93 ta yangi bekat qurish koʻzda tutilgan. Bu boʻyicha Xitoyning “Zhongtong Bus Holdings Co., Ltd” kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazilgan. Ammo eng asosiy masala shundaki: yangi avtobuslar kelsin, zamonaviy bekatlar qurilsin, hatto transport tizimi ilgʻorlashsin — agar odamlar ulardan oqilona foydalanmasa, bunday harakatlar qanchalik samara beradi? Bu muammolarni bartaraf etish uchun nafaqat jismoniy, balki axloqiy, maʼnaviy yechimlar kerak.

Surxondaryo viloyati hokimligi, YHXB hamda “Termiztransportxizmat” MCHJ bu masalada jips hamkorlikda harakat qilishi zarur. Yoʻllarda maxsus kameralar oʻrnatilib, avtobuslar GPS qurilmalari orqali masofadan turib nazorat qilinishi kerak. Belgilanmagan joyda toʻxtagan haydovchilarga nisbatan jarimalar qoʻllash, bunday harakatga qoʻl urgan piyodalarga nisbatan ham taʼsirchan choralar koʻrishi lozim. YHXB tomonidan maxsus reydlar tashkil etish bu yoʻlda muhim qadam boʻladi. Bunday vaziyatda barcha javobgarlikni faqat davlat idoralari zimmasiga yuklash adolatdan emas. Jamiyat oʻzgarishi, infratuzilma toʻgʻri ishlashi uchun har bir fuqaro – u piyodami, yoʻlovchimi, haydovchimi oʻzining masʼuliyatini his etishi kerak. Shaharning har bir koʻchasi, har bir bekati — bu faqat temir-beton inshoot emas, balki jamiyatning madaniy yuzi, tafakkur darajasidir.

Termiz kabi tarixiy va strategik ahamiyatga ega shahar uchun bunday holatlar nafaqat achinarli, balki uyatlidir. Chunki zamonaviy infratuzilma bilan madaniy qarashlar uygʻunlikda rivojlanmasa, shahar hech qachon ravnaq topmaydi. Madaniyatsiz foydalaniladigan infratuzilma oqibatda faqat chiroyli, ammo egasiz inshootlarga aylanadi.

Farhod ESONOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер