Kiyevda Zelenskiy, Moskvada Putin bilan uchrashgan Orban Szinpin oldida paydo boʻldi
Foto: Reuters
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Pekinda Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashdi.
Orban oʻz tashrifini “Tinchlik missiyasi 3.0» deb taʼriflab, Xitoyning Rossiya va Ukraina oʻrtasida tinchlikni oʻrnatishdagi potensial rolini taʼkidladi. Bu haqda “Deutsche Welle” nashri xabar bermoqda.
Yevropalik siyosatchining taʼkidlashicha, Pekinning taʼsiri tinchlik yoʻlida sharoit yaratish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Uchrashuvda XXR raisi Yevropa Ittifoqi kuchlarini Rossiya va Ukraina oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri tinchlik muzokaralarini qayta tiklashni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Xitoy davlat teleradiokompaniyasi CCTV maʼlumotlariga koʻra, Si Szinpin xalqaro hamjamiyat ikki tomon oʻrtasidagi muloqot va muzokaralarga yordam berishi kerakligini aytgan. U yirik davlatlar oʻt ochishni toʻxtatishga erishishga ijobiy hissa qoʻshishi zarurligini taʼkidladi.
Xitoy, ayniqsa, Ukrainadagi mojaro boshlanganidan beri Rossiya bilan strategik hamkorlikni saqlab kelmoqda. Chin diyori oʻzini neytral, deb koʻrsatishiga qaramay, savdo hajmini oshirish orqali Rossiya iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatladi. Xalqaro izolyatsiyaga duch kelgan Rossiya uchun bu hamkorlik juda muhim edi. Shu sababli ham Yevropa Ittifoqi Pekinning Moskvaga soʻzi oʻtishiga ishonishmoqda.
Orbanning Pekinga tashrifi uning oʻtgan hafta Rossiya va Ukrainaga qilgan kutilmagan sayohatlaridan keyin sodir boʻldi. Rossiyada u prezident Vladimir Putin bilan uchrashib, davom etayotgan mojaroni muhokama qilgan. Uning xatti-harakatlari Kiyev va Yevropa Ittifoqi tomonidan tanqidga uchradi. Orbanning pozitsiyasi Yevropa Ittifoqining urush boʻyicha pozitsiyasiga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirda.
Vengriya iyul oyi boshidan Yevropa Ittifoqiga raislik qilishni boshladi. Orbanning tinchlik missiyasi uning Moskvaga eng xayrixoh Yevropa Ittifoqi rahbari sifatidagi oʻziga xos pozitsiyasini koʻrsatib beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring