Kichik sanoat zonalaridagi imkoniyatlardan qanday foydalanilyapti?

12:06 04 Iyul 2022 Iqtisodiyot
631 0

Taraqqiyot strategiyasida sanoatning yetakchi tarmoqlarini va iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravarga oshirish, toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga, charm-poyabzal ishlab chiqarishni 3 baravarga, qurilish materiallarini 2 baravarga koʻpaytirish, shu bilan birgalikda hududiy iqtisodiyotni 1,4 – 1,6 baravarga oshirish koʻzda tutilgan.

Bularning barchasiga esa, kichik sanoat zonalaridagi mavjud imkoniyatlarni kengaytirish, mamlakatda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, xorijiy va mahalliy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash orqali erishish mumkin.

Shu nuqtayi nazardan, kichik sanoat zonalaridagi mavjud imkoniyatlar, mahalliy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, tadbirkorlar tomonidan koʻtarilayotgan masalalar bilan yaqindan tanishish maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Namangan viloyatiga safari asnosida, Namangan viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Botirjon Nuriddinov hamda Namangan shahar hokimi Gʻafurjon Jamolov hamrohligida Namanganning Eski shahar qismida tashkil etilgan kichik sanoat zonasiga tashrif buyurdi.

Tashrif asnosida E.Tulyakov tadbirkorlar bilan uchrashdi va ular tomonidan koʻtarilgan masalalar bilan atroflicha tanishdi. Shuningdek, kichik sanoat zonasidagi korxonalar faoliyati, ish jarayoni, shart-sharoitlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati ham koʻzdan kechirildi. Tadbirkorlar bilan suhbat asnosida Markaz rahbari mahsulotlarning zamon talablariga javob berishi, yuqori sifatli, eng muhimi, xalq uchun hamyonbop boʻlishi lozimligini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Shuningdek, E.Tulyakov poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Master Klass” MCHJ, koʻrpa-toʻshak ishlab chiqaruvchi sexlar, qurilishi yakunlanayotgan tikuvchilik sexida ham boʻldi. U yerda ham Markaz rahbari ishlab chiqarish jarayoni, tatbiq etilayotgan zamonaviy texnologiyalar, ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Uchrashuv davomida tadbirkorlarni qiziqtirayotgan masalalar tinglandi, shu bilan birgalikda ularga ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash boʻyicha bir qator tavsiyalar ham berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?