Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Foto: president.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Respublikada kibersportni xavfsiz rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha ekotizim yaratish, musobaqalar va turnirlarni tizimli ravishda oʻtkazish orqali iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional kibersportga yoʻnaltirish, axborot texnologiyalari va IT-industriya uchun salohiyatli kadrlarni tayyorlash va ularni sohaga jalb qilish ishlarini yanada kengaytirish maqsadida:
1.Respublikada kibersport rasman alohida sport turi sifatida eʼtirof etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2.Quyidagilar kibersport turlarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
kibersport turlari boʻyicha professional sportchilar (kibersportchilar) va trenerlar, malakali hakamlar va sharhlovchilar hamda boshqa mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash tizimini joriy qilish;
kibersport turlari boʻyicha respublika va xalqaro chempionatlar va turnirlar tashkil etish, shuningdek, nufuzli xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda munosib ishtirok etish;
kibersport turlari boʻyicha ilmiy va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va adabiyotlar ishlab chiqish hamda nashr etish;
kibersport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va kengaytirish, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilishni ragʻbatlantirish;
kibersport turlariga nisbatan ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish.
3. Sportni rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi respublikada kibersport turlarini rivojlantirish va keng ommalashtirishga masʼul vakolatli davlat organlari etib belgilansin.
Bunda, ularning vazifalari quyidagicha belgilansin:
Sportni rivojlantirish vazirligi – kibersportni rasmiy sport turi sifatida targʻib qilish, u boʻyicha mahalliy va xalqaro chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarni tashkil etish, jahon kibersport maydonida Oʻzbekistonning mavqeini yaxshilash boʻyicha choralarni koʻrish;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi – kompyuter oʻyinlari sanoati boʻyicha mahalliy va xorijiy kompaniyalarga zarur shart-sharoitlar yaratish, respublika miqyosida kibersport chempionatlari, turnirlari va boshqa musobaqalarni tashkil etishga koʻmaklashish;
Yoshlar ishlari agentligi – oʻquvchi-yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida kibersport turlariga yoshlarni, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan yoshlarni keng jalb qilish va ularning ushbu yoʻnalishdagi yutuqlarini qoʻshimcha ragʻbatlantirish, kibersport boʻyicha xalqaro chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarda mahalliy kibersportchilar ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
4. Sportni rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligining 2023-yildan boshlab anʼanaviy tarzda kibersport turlari boʻyicha:
har yili aprel oyida “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatini;
har yili dekabr oyida “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” turnirini;
har yili iyun oyida “Yoshlar kubogi” turnirini oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
5.Belgilansinki:
a) “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va “Yoshlar kubogi” turnirlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi PQ–201-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq uch bosqichda tashkil etiladi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat bosqichlari onlayn tarzda oʻtkaziladi;
b) “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati 2024-yil 1-yanvardan boshlab, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” turniri esa 2023-yil 1-yanvardan boshlab sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublikakalendar rejasiga kiritiladi;
v) “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va “Yoshlar kubogi” turnirlari, shuningdek, kibersport turlari boʻyicha boshqa chempionatlar, turnirlar va musobaqalarni oʻtkazish boʻyicha maxsus portalni (keyingi oʻrinlarda – Portal) yaratish va moliyalashtirish hamda doimiy texnik qoʻllab-quvvatlash Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi (keyingi oʻrinlarda – IT-park) tomonidan amalga oshiriladi. Bunda, Portalni yaratish uchun mablagʻlar IT-parkka Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan ajratiladi;
g) “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatini oʻtkazish bilan bogʻliq barcha xarajatlar 2023-yilda quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
chempionatning respublika final bosqichini oʻtkazish uchun – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan IT-parkka bir martalik ajratiladigan 1,5 milliard soʻm mablagʻlari hisobidan;
chempionatning tuman (shahar) va viloyat bosqichlarini oʻtkazish uchun – sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining hududiy kalendar rejasi, Yoshlar ishlari agentligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasidan teng ulushlarda ajratiladigan jami 2 milliard soʻm mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi;
d) 2024-yildan boshlab “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar hisoblanadi:
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga mazkur maqsadlar uchun Davlat byudjeti hisobidan ajratilgan mablagʻlar;
hududiy “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari mablagʻlari;
jamgʻarmalar, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari, klublari, xorijiy investorlar, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6.Soliq kodeksining 369-moddasi 1-bandiga muvofiq “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va “Yoshlar kubogi” turnirlari, shuningdek, kibersport turlari boʻyicha chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarda gʻolib hamda sovrindor boʻlgan kibersportchilarga biryoʻla beriladigan pul mukofotlari va sovgʻalar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmasligi va, oʻz navbatida, soliqqa tortilmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirish boʻyicha idoralararo kengash (keyingi oʻrinlarda – Idoralararo kengash) tashkil qilinsin hamda uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Quyidagilar Idoralararo kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
mamlakatimizda kibersport turlari salohiyatini oʻrganish, ushbu sohada zamonaviy standartlarni joriy qilishni tashkil qilish;
yoshlar oʻrtasida kibersport turlari boʻyicha chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarni (shu jumladan, “Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va “Yoshlar kubogi” turnirlari) tashkil etish va ommalashtirish;
kibersport turlari boʻyicha chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash, shu jumladan, ular doirasida oʻtkaziladigan kibersport turlarini belgilash;
kibersport turlari boʻyicha chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarni oʻtkazish uchun xarajatlar smetasini tasdiqlash va moliyalashtirish hajmlarini belgilash;
kibersport turlari boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalarining jahon va Osiyo chempionatlari hamda boshqa xalqaro turnirlarda ishtirokini taʼminlash;
kibersport turlari boʻyicha chempionatlar, turnirlar va boshqa musobaqalarda gʻolib va sovrindor boʻlgan jamoalarni ragʻbatlantirish choralarini belgilash;
kibersportni yanada rivojlantirish va keng ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish.
9. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirish chora-tadbirlari dasturi
2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
kibersport ligasini tashkil qilish va uning doirasida kibersport klublari oʻrtasida tizimli ravishda kibersport liga musobaqalarini oʻtkazish;
kibersportni yanada rivojlantirish va keng ommalashtirish borasida sport federatsiya (assotsiatsiya)lari faoliyatini kuchaytirish;
kibersportni rivojlantirish sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish;
kibersportchilarning sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan omillarni kamaytirish;
kibersportda “ping” muammosini bosqichma-bosqich bartaraf qilish;
jahon bozorida raqobat qila oladigan kibersport oʻyinlarini ishlab chiqish va tijoratlashtirish;
kibersportning istiqbollari haqida targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish;
kibersport bilan shugʻullanayotgan yoshlarda sogʻlom sport madaniyatini shakllantirish, ular tomonidan qonunga xilof va gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish.
10. Sportni rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligining:
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab “Sport faoliyati: kibersport” bakalavriat taʼlim yoʻnalishini ochish hamda ushbu yoʻnalish boʻyicha oʻqish muddatini 3 yil etib belgilash;
“Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionatida oxirgi bir yilda gʻolib (1-oʻrin) boʻlgan kibersportchilarni 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Sport faoliyati: kibersport” bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga kasbiy (ijodiy) imtihonlarni topshirishdan ozod qilish va ularga maksimal ball berish;
kibersport faoliyatini oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga kiritish;
Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida kibersport turlari boʻyicha trenerlar,sharhlovchilar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
11. Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) Sportni rivojlantirish vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, kibersport boʻyicha samarali faoliyat olib borayotgan sport federatsiya (assotsiatsiya)lari va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda milliy kibersport oʻyinlarini yaratish va targʻib qilish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar institutiga 2023-yilda grant ajratsin.
12.Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) Sportni rivojlantirish vazirligi va Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga (XALIKK-2020) kibersport treneri, kibersport hakami va boshqa kibersport mutaxassislari kiritilishini taʼminlasin.
13.Yoshlar ishlari agentligi, Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
kibersport klublariga ularning bino va inshootlar ijara toʻlovi xarajatlarini qoplash uchun hududiy “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan har oyda 3 oy davomida 15 million soʻmgacha pul mablagʻlarini ajratish;
ajratilayotgan mablagʻlarni kibersport klublariga alohida shartlar (kibersportchilarni tayyorlash, trener jalb qilish, musobaqalarda ishtirok etish va boshqalar) asosida berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Yoshlar ishlari agentligi, Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda kibersport klublariga pul mablagʻlarini ajratish shartlarini belgilasin va eʼlon qilsin.
14. Olimpiya shaharchasi obyektlarini loyihalash, qurilish-montaj, jihozlash va moliyalashtirish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruhining Toshkent shahri, Yashnobod tumanida barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasida kibersport turlari boʻyicha chempionatlar, turnirlar va musobaqalarni oʻtkazish uchun zamonaviy kiberzonani tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Bunda, kiberzona, shu jumladan, quyidagilardan iborat boʻlishi belgilab qoʻyilsin:
chempionatlar, turnirlar va musobaqalar oʻtkaziladigan maxsus zal;
mobil kibersport mashgʻulotlari zali;
server uskunalari saqlanadigan joy;
oʻquv-mashgʻulot markazi;
chempionatlar, turnirlar va musobaqalarni toʻgʻridan-toʻgʻri yoritish, ssenaristlar, rejissyorlar, tahlilchilar va sharhlovchilar uchun studiya;
kibersport mahsulotlari va tovarlarini reklama hamda realizatsiya qilish shoxobchasi.
Belgilansinki, kiberzona faoliyatini tashkil qilish bilan bogʻliq xarajatlar Olimpiya shaharchasi obyektlarini loyihalash, qurilish-montaj va jihozlash ishlari uchun belgilangan manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Olimpiya shaharchasi obyektlarini loyihalash, qurilish-montaj, jihozlash va moliyalashtirish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruhi (A.Aripov) kiberzonaning loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ishlab chiqilishi hamda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin, shuningdek, loyiha obyektlari oʻz vaqtida va sifatli qurilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
15. Sportni rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi:
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2023-2024-yillarda zamonaviy kibersport arenalarini tashkil qilish, ularni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlash, kibersport turlari boʻyicha xalqaro turnirlarni oʻtkazish uchun xalqaro tashkilotlar grantlari, texnik koʻmak va boshqa tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin;
“Uzbekistan Esports Championship” respublika chempionati, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kubogi” va “Yoshlar kubogi” turnirlarining saralash bosqichlari oʻtkazilishini taʼminlasin.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Sportni rivojlantirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda kibersport boʻyicha samarali faoliyat olib borayotgan sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan birgalikda ikki oy muddatda har bir hududning bitta tumani (shahri)da kibersportning kamida ikkita turini ommalashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlasin. Bunda, 2023-yildan boshlab hududlarda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi nazarda tutilsin:
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining hududiy kalendar rejalariga kibersport turlari boʻyicha musobaqalarni kiritish hamda tizimli ravishda hududiy sport musobaqalarini oʻtkazish, shu jumladan, har yili bir marotaba “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi kubogi” va “Hokim kubogi” turnirlarini tashkil qilish;
kibersport boʻyicha tizimli ravishda hududiy sport musobaqalarini oʻtkazish uchun mahalliy byudjetlar mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalarini jalb qilish;
musobaqalarda gʻolib va sovrindor boʻlgan jamoalarni pul mukofotlari, diplom, medal, kubok va boshqa sovgʻalar bilan taqdirlash;
kibersport boʻyicha hududiy sport federatsiya (assotsiatsiya)larini tashkil qilishni qoʻllab-quvvatlash, mavjud sport federatsiya (assotsiatsiya)lari hududiy boʻlinmalarining faoliyatini kengaytirishga koʻmaklashish.
17.Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) bir oy muddatda kibersport turlariga nisbatan ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishga qaratilgan maqolalar eʼlon qilish, tematik telekoʻrsatuvlar namoyish etish boʻyicha media-reja qabul qilsin.
18. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X.Shermatov hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Saʼdullayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring