Kiber jinoyat — aldamchi yuzlar ortidagi “haqiqat” yohud ishonch oʻgʻrilari faollashdi

Raqamli texnologiyalar tez surʼatlarda rivojlanayotgan hozirgi davrda kiber jinoyatlar insoniyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Mamlakatimizda mazkur muammoga eʼtibor qaratilgan holda bir qator qonuniy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining 278-moddasida kompyuter axborotiga ruxsatsiz kirish, 141-moddasida esa shaxsiy hayot daxlsizligini buzish kabi holatlar yuzasidan jinoiy javobgarliklar belgilangan. Shuningdek, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi hamda “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari ham kiber jinoyatlarga qarshi qurashishda huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Qayd etish joizki, ijtimoiy tarmoqlar bugun hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Ular orqali bemalol kerakli maʼlumotlarga tezkorlik bilan ega boʻlishimiz, yangiliklardan xabar topishimiz, bilim va tajriba almashishimiz mumkin. Biroq bu qulayliklar ortida turli xavf-xatarlar, ayniqsa, kiberfiribgarlik holatlari ham yoʻq emas. Soʻnggi yillarda bunday firibgarlarning ijtimoiy tarmoqlarda soxta hisoblar ochib, foydalanuvchilarning ishonchiga kirish va pullarini oʻmarish holatlari tobora avj olmoqda. Ular shaxsiy maʼlumotlarni oʻgʻirlab sotish, bank kartasi maʼlumotlarini aldov yoʻli bilan qoʻlga kiritish, yolgʻon sovrinlar yutganlik haqida xabar yuborib, odamlarni chuv tushirishmoqda.
Yana bir xavfli holat esa fayl koʻrinishida tarqatilayotgan zararli dasturlardir. Masalan, Telegram orqali “1 soatda 2 million soʻm toping”, “Mahallada pul tarqatilyapti”, “Rasmlaringiz internetga tarqalib ketdi” kabi sarlavhalar ostida xabarlar yuborilyapti. Baʼzi foydalanuvchilar ushbu faylni ochishi bilan firibgarlar hujumiga uchrab, oradan koʻp oʻtmay pul mablagʻlari yechib olinyapti. Bunday holatlar albatta kiber jinoyat hisoblanadi va ularga qarshi qonuniy choralar koʻriladi.
— Oldinlari yurtimizda kiberjinoyatlar unchalik keng tarqalmagan, jinoyatchilar nigohi faqat yirik tashkilotlariga qaratilgan boʻlsa, hozir oddiy fuqarolar ham nishonga olinmoqda, — deydi Toshkent shaxar Ichki ishlar vazirligi akademiyasi doktoranti, katta leytenant Manzura Axmedova. — Ayni paytda kiberjinoyatlar bilan bogʻliq arizalar soni sezilarli darajada oshgan. Ichki ishlar vazirligi va kiberxavfsizlik markazlarining maʼlumotlariga koʻra, kuniga oʻrtacha 80 — 100 ta ariza kelib tushmoqda. Bu son yildan-yilga ortib borayotgani ham achinarli hol. Arizalarning asosiy qismi bank kartalari orqali pul oʻgʻirlanishi, soxta sahifalar orqali aldash, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy maʼlumotlarni oʻgʻirlatish va shantaj bilan aloqador. Shu bois, fuqarolardan hushyor boʻlish, aldanib qolmaslik, buning uchun esa har qanday holatda ham eʼtiborli boʻlishni soʻragan boʻlardik.
Albatta, har qanday ish qonun bilan qatʼiy belgilab qoʻyilsa, natijadorlik yanada oshadi. Shu maʼnoda, yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ham muhim ahamiyatga ega. Mazkur qonun axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan boʻlib, bunda banklar va toʻlov tashkilotlari kiberxavfsizlik talablariga rioya qilmaslik natijasida yuzaga kelgan zararlar uchun moliyaviy javobgarlikka tortilishi belgilangan. Shuningdek, soxta qoʻngʻiroqlarga qarshi tizim ishlab chiqilmoqda, bu orqali firibgarlarning telefon orqali aldovlariga chek qoʻyish koʻzda tutilgan.
Albatta, firibgarlar changaliga tushib, aldanib, barmogʻini tishlab qolmaslik har kimning oʻz qoʻlida. Buning uchun esa ijtimoiy tarmoqlarda ikki bosqichli tekshiruvni yoqish, faqat rasmiy ilovalar va saytlar orqali toʻlov qilish, shuningdek, internet xavfsizligi boʻyicha doimiy bilim olib borish darkor.
Kuni kecha yaqin dugonam Zilola Bozorboyeva shaxsiy rivojlanish hamda qisqa muddatda katta miqdorda pul ishlab topish ilinjida telegramda bir kanalga ulanibdi. Pirovardida, aldanib, pullarini oʻgʻirlatgani haqida yigʻi aralash soʻzlab berdi.
— Men Telegramda bir kursni sotib olish ilinjida firibgarlarga duch keldim, — deydi u. — Ular tredingni oʻrgatish va halol pul bilan daromad olish imkoniyatini taqdim etayotganini aytib, menga koʻp pul topishim hamda muammolarimni hal qilishim mumkinligiga ishontirishdi. Shuningdek, ota-onamga ogʻirligim tushmagan holda kontraktimni oʻzim toʻlashim haqida soʻz berishdi. Keyin esa oʻz kurslariga qiziqish uygʻotish uchun turli insonlarning tajribalari haqida xabarlar yuborishdi, baʼzi mijozlari hatto kreditlarini toʻlab boʻlgani, baʼzilari esa ota-onalariga mashina sovgʻa qilishgani haqida yozishdi. Shundan soʻng mening ham qiziqishim ortdi, ulardan kurs sotib oldim. Soʻngra ulardan “Hurmatli mijoz! Biz sizning toʻlovingizni qabul qildik va siz hozirda 16 mln. soʻm pul yutib oldingiz, shundan 13 mln. soʻm mablagʻ sizniki, faqat yutugʻingizni olish uchun 690 ming soʻm toʻlashingiz kerak” degan mazmundagi xabarni oldim. Shundan soʻng ulardan xat-xabar boʻlmadi, aldanganimni tushunib yetganimda esa kech boʻlgandi.
Inson hayoti davomida koʻp narsalarni kech anglab yetadi, deymiz. Ammo oʻzimizni oʻnglab, boshqalarga boshimizdan oʻtganlarni aytib saboq chiqarishlarida yordam berar ekanmiz hech qachon kech boʻlmaydi. Zero, bunday firibgarlikdan himoyalanish uchun har birimiz hushyor va ogoh boʻlishimiz, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishimiz zarur.
Dildora OʻRINOVA,
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring