Xotin-qizlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligini taʼminlash — pirovard maqsad

10:22 21 Sentyabr 2024 Jamiyat
281 0

Keyingi yillarda yangi Oʻzbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhalarida ulkan ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda. Ayniqsa, yurtimizda ayollar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani diqqatga sazovordir. Turli vazirlik va idoralar qatorida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati jamoasi tomonidan ham xotin-qizlar faolligini oshirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga koʻmaklashish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlar faolligini oshirishga qaratilgan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Milliy dastur qabul qilindi.

Hujjatda bir qator boshqarma va muassasalarda ayollar sonini kamida 30 foizga yetkazish, xotin-qizlarni oʻqitish hamda tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash uchun mablagʻ va uy-joy sharoitini yaxshilashga subsidiyalar ajratish singari muhim vazifalar belgilab berildi.

Bugungi kunda “Oʻzkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalarida 28 ming 301 nafar mutaxassis faoliyat yuritadi, shulardan 9 ming 883 nafari, yaʼni 35 foizi ayollardir.

Taʼkidlash joizki, aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi tashabbusi bilan davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tizim korxonalarida xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimini joriy qilish belgilandi.

Maslahatchilarning vazifalari qatoriga ayol xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalash, ayollar hamda erkaklar uchun teng mehnat sharoitlarini taʼminlash, shuningdek, jamoa aʼzolarining oilalari farovonligini qoʻllab-quvvatlash kabi muhim tadbirlar kiradi. Oilada zoʻravonlik, ayollar hamda qizlarning huquqlarini poymol qilish holatlarining oldini olish, maktabgacha taʼlim muassasalarida baxtli onalik va bola parvarishi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash, xalqaro konvensiyalar va Oʻzbekiston milliy qonunchiligi meʼyorlarida belgilangan xotin-qizlar huquqlariga rioya etish jarayonlarini muntazam nazorat qilib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy faolligi, davlat va jamiyat boshqaruvidagi, onalik hamda bolalikni muhofaza qilishdagi rolini oshirish uchun shart-sharoit yaratilmoqda. Xodimalarimizning kasbiy oʻsishi, ilm-fan va ijod, jismoniy tarbiya hamda sport bilan shugʻullanishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun imkoniyatlar mavjud.

Ehtiyojmand xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasi taʼminlangan. Xususan, yolgʻiz onalarga yoki nogironligi bor bolalarni tarbiyalayotgan ayollarga dori-darmon sotib olish, uy-joyni taʼmirlash uchun toʻlov, bolalar ovqatlari xaridi uchun moddiy yordam koʻrsatilmoqda.

Xotin-qizlar orasida tarbiyaviy ishlarni faollashtirish, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishning zamonaviy usullarini joriy etish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida 500 dan ziyod ayollar mehnat qilayotgan korxonalarda xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchi, bosh mutaxassislar, psixolog lavozimlarini joriy etish yoʻlga qoʻyilgan. Hozirgi kunda “Navoiyazot” va “Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyatlarida xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchi hamda psixologlar, “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati, “Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyati va Qoʻngʻirot soda zavodida xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchilar faoliyat yuritib kelishayotir.

Oʻtgan yilda “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan moddiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish doirasida 5 nafar xodimaning xonadonida taʼmirlash ishlari olib borildi. 2 ming 766 xotin-qizga dori-darmon sotib olish xarajatlari toʻlab berildi, 3 ming 779 nafar kam taʼminlangan oilaga oziq-ovqat paketlari, 26 nafar yolgʻiz onaga oliy oʻquv yurtlarida oʻqiyotgan farzandlarining taʼlim olishi uchun shartnoma pullari toʻlab berildi. 134 nafar koʻp bolali onaga moddiy yordam koʻrsatildi.

Mamlakatimiz va korxonalar rahbariyatining bunday gʻamxoʻrligiga xotin-qizlar mehnatdagi muvaffaqiyatlari, yuksak ijtimoiy faolligi bilan javob berishmoqda. Jumladan, oʻtgan yilda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati polipropilen qop ishlab chiqarish sexi operatori Nasiba Fayzullayeva Prezident Farmoniga binoan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan boʻlsa, bundan bir yil avval shu korxonaning polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi xodimasi Mahliyo Sharipova “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan edi.

Aytish kerakki, yurtimizda aksiyadorlik jamiyatining xotin-qizlar faolligini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasidagi faoliyati yuksak baholanmoqda. Aynan Oʻzbekiston Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan “Ayolga saodat bering!” shiori ostidagi ijtimoiy roliklar tanlovida “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati ayollari haqida tayyorlangan videorolik ikkinchi oʻringa munosib deb topildi.

Bu hali hammasi emas. Oliy Majlis Senati tomonidan oʻtkazilgan “Gender tenglik faoli — 2022” milliy tanlovida ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan eng faol korxona sifatida “Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyati jamoasi gender tenglikni taʼminlagani uchun eʼtirof etildi. Mazkur korxonaning xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahat kengashi raisi Muxtasar Karimova joriy yilda “Ibratli oila” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Qolaversa, oʻtgan yili mazkur tanlovda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati gʻolib boʻlgan boʻlsa, ushbu korxonaning oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Nasiba Sodiqova “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan ragʻbatlantirildi.

Joriy yilda aksiyadorlik jamiyati korxonalarida ilk bor “Faol innovator ayol” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. Unda kimyogar ayollar 22 ta loyiha bilan ishtirok etdi. Gʻoliblar qimmatbaho sovgʻalar va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Eʼtiborlisi, tanlovda gʻolib boʻlgan xotin-qizlar malaka oshirib, oʻz korxonalarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxiraga kiritildi. Eng yaxshi loyihalar korxona mablagʻlari hisobidan amalga oshirish uchun taklif etiladi. Kelgusida oʻrta maxsus maʼlumotga ega ishtirokchilar gʻolib boʻlsa, unga ixtisoslashtirilgan oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirish uchun tavsiyanoma beriladi, shartnoma asosida qabul qilingan iqtidor egalariga esa xarajatlar korxona tomonidan toʻlanadi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 21-dekabrdagi “Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida xotin-qizlarni ilm-fan, taʼlim hamda ilmiy-ijodiy faoliyatga keng jalb etish, zamonaviy kadrlar tayyorlashda, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar, ayollar bandligini taʼminlashning yangi mexanizmlarini qoʻllash borasida aniq vazifalar belgilangan edi.

Uning ijrosi doirasida aksiyadorlik jamiyatining toʻrt nafar xodimasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Korporativ boshqaruvning zamonaviy amaliyoti va tamoyillari” boʻyicha qisqa muddatli kursda tahsil olib sertifikatlarga ega boʻldi. Va bu bilan Kuzatuv kengashi tarkibiga kirish huquqini qoʻlga kiritdi.

Maʼlumki, bugungi kunda ayollar bandligini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Shu bois “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bu borada xayrli tashabbuslar amalga oshirilayotir. Xususan, davlatimiz rahbarining tegishli qarori ijrosi yuzasidan ipakchilik yoʻnalishi boʻyicha kimyo sanoati korxonalari xodimalarining oila aʼzolari uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratildi. Shu bilan birga, har bir korxonada yuqoridagi muammolarni hal qilishda oʻziga xos yondashuvlar qoʻllanildi.

Masalan, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xodimalarning ishsiz oila aʼzolari roʻyxati shakllantirildi. Karmana tumanidagi “Navoiy Silk Production” aksiyadorlik jamiyati, Navbahor tumanidagi “Al-Aziz Ipagi” klasteri bilan 100 nafar pillakorning hamkorligi asosida 112 nafar ipakchining bandligini taʼminlash maqsadida mehnat shartnomalari imzolandi. Jami 212 nafar ishsiz fuqaro mavsumiy ish bilan taʼminlandi. Natijada pillachilar 10200 kilogramm pilla topshirdi. Shuningdek, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli boʻsh hududlarga 20 ming tup tut koʻchati ekildi.

Yana bir tizim korxonasi — “Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyati bilan 125 kishini mavsumiy ishga joylashtirish boʻyicha shartnomalar tuzildi. Toshkent viloyatining Boʻka tumanida “Toshkent Silk Pro” MCHJ bilan hamkorlikda 65 nafar, Ohangaron tumanida “Jinjuz Silk Co” MCHJ XK bilan hamkorlikda 60 nafar fuqaro ishga joylashtirildi. Pillachilar sakkiz tonnadan ziyod pilla topshirdi, korxona hududiga 20 ming tup koʻchat ekildi.

“Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati “Nurafshon Silk Co” MCHJ bilan shartnoma tuzib, yana 100 nafar fuqaroni vaqtincha ish bilan taʼminlash maqsadida ipak qurti yetkazib berishni tashkil etib, ularga 5900 kilogramm pilla, maydonlarga ekilgan sakkiz ming tut koʻchati topshirildi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Maksam-Chirchiq” va “Ammofos-Maksam” aksiyadorlik jamiyatlari hududlarida “Kimyogar ayollar bogʻi” barpo etildi.

Shuni ham taʼkidlash joizki, xotin-qizlar bandligini taʼminlashga koʻmaklashish dasturi asosida “Oʻzkimyosanoat” va “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatlarida milliy matolar — atlas, adras, beqasam, tabiiy ipak, kalava, jun va milliy matolarni qoʻlda ishlab chiqarish boʻyicha hunarmand ayollarni jalb etadigan “Navoiy adrasi” kasanachilik sexi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Pirovard maqsad esa xotin-qizlar bandligini taʼminlash, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan.

Sanobar ABDURAHMONOVA,

“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер