Xorijiy sayyohlar nimadan hayratda?
Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahridan yurtimizga sayyoh sifatida kelgan Galina Terexovani koʻhna Buxorodagi osori atiqalar oʻziga ipsiz bogʻlab qoʻydi. Osmonoʻpar minora-yu moviy gumbazli masjidu madrasalar, karvonsaroylar, savdo toqlari, muzeylar, hunarmandchilik mahsulotlari mehmonning oʻlkamiz haqidagi tasavvurini butkul oʻzgartirdi.
– Buxoroga yoʻl olayotib, shaharning bu qadar maftunkor ekanini xayolimizga keltirmagandik, – deydi u. – Qadimiy koʻcha va guzarlar boʻylab sayr qilarkanmiz, har qadamda xushmuomala, istarasi issiq odamlarga duch keldik. Shahringizda sharqona turmush tarzi shundoq boʻy koʻrsatib turibdi.
– Milliy taomlarni aytmaysizmi? – deya suhbatga qoʻshiladi Galinaning hamrohi Nadejda Popova. – Novosibirskka qaytganimizda tanishlarimizga oʻzbeklarning sofi oshi-yu six kabobini yemabsiz, bu dunyoga kelmabsiz, deyishimiz tayin.
Odatda, olis yurtlarga safar sayyohlik firmalari koʻmagida amalga oshiriladi. Ammo bizning suhbatdoshlarimiz tavakkal qilishgan. Samolyotga chipta olishganu safar taraddudini koʻrishgan. Ularning aytishlaricha, Novosibirskda turib Buxorodagi u yoki bu mehmonxonadan joy band qilish masalasida qiynalishgan.
– Boshqalarni bilmadigu bizni shu masala ancha tashvishlantirdi, – deydi G.Terexova. – Ammo bu yerga kelgach, tunagani joy topishga muvaffaq boʻldik. Mehmonxona xizmati joyida. Xodimlari iltifotli. Agar bizga oʻxshab tasodifan yakka tartibda keladigan sayyohlar uchun gid – hamroh xizmati ham oqilona yoʻlga qoʻyilsa yaxshi boʻlardi.

Sayyohlarning taklifi oʻrinli, albatta. Qadimiy shaharni oʻz koʻzi bilan koʻrish istagidagi xorijiy sayyohlar soni koʻpayib borayotgan pallada mehmonlarga qulayliklar yaratib berish ustuvor vazifaga aylanmoqda. Shundan kelib chiqqan holda Buxoroning sayyohlik salohiyatini yangi pogʻonaga koʻtarish chora-tadbirlari koʻrilayapti. Deylik, birgina 2025-yilda 21 ta mehmonxona, 22 ta xostel, 44 ta oilaviy mehmon uyi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Viloyatning sayyohlik xaritasidan “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” maqomida faoliyat yuritayotgan manzillar oʻrin oldi. 37 ta yangi turoperator – turagent oʻz faoliyatini boshlagani, ular soni 223 taga yetgani ham diqqatga molik, albatta.
– Kengashimiz tomonidan turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar muntazam tahlil qilib borilmoqda, – deydi Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Jahongir Sharipov. – Soha masʼullarining hisoboti eshitilib, viloyatning sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish yuzasidan foydali taklif va tavsiyalar berilyapti. Xususan, oʻtgan yilning 5-sentyabridan 20-noyabriga qadar davom etgan Buxoro I Xalqaro zamonaviy sanʼat biyennallisi esda qolarli tadbirlardan biriga aylandi. Ushbu anjumanda deputatlar ham faol ishtirok etdi. Noanʼanaviy tarzda kechgan tadbir sayyohlar oqimining koʻpayishiga xizmat qildi.
Darhaqiqat, davlatimiz tomonidan soha rivoji uchun yaratilgan qulayliklar, xususan, koʻplab davlat fuqarolari uchun vizasiz kirish, shuningdek, turistik viza berishning yengillashtirilgan tartibi joriy etilgani, infratuzilmaning rivojlanayotgani, milliy qadriyatlarimizning koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelinayotgani xorijiy fuqarolarda boy tariximiz, madaniyatimiz bilan yaqindan tanishish istagini kuchaytirmoqda. Bundan toʻqqiz yil muqaddam viloyatga atigi 160 ming nafar xorijiy sayyoh kelgan boʻlsa, oʻtgan yilning oʻzida bu koʻrsatgich 2,5 million nafardan oshdi. Oʻtgan yili turizm xizmatlaridan qariyb 700 million AQSH dollari miqdorida tushum tushdi. Sohada 100 mingdan ziyod kishining bandligi taʼminlandi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring