Xorijiy oliy taʼlim muassasasi diplomi qanday holatlarda Oʻzbekistonda tan olinmaydi?
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat XOʻJAQULOV oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kira olmagan abituriyent yoshlar va ularning ota-onalaridan kelib tushgan bir qancha dolzarb savollarga javob berdi.
— Hozirgi kunda yurtimizda qaysi nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari abituriyentlardan hujjatlar qabul qilmoqda? Ular tomonidan beriladigan diplom davlat oliygohlari diplomi bilan bir xil kuchga egami?
— Taʼlim sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor natijasida bugun mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni 29 taga yetdi.
Mamlakatimizdagi nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarining rasmiy veb-sahifalari oʻrganilganda, hozirda Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Maʼmun nomidagi Jahon tillari instituti, TMC instituti hamda TEAM universiteti, Toshkent shahridagi Britaniya menejment universiteti, Toshkent xalqaro taʼlim universiteti kabi oliy taʼlim tashkilotlarida qabul jarayonlari davom etayotganligi maʼlum boʻldi.
Ushbu muassasalarga oliy taʼlim xizmatlari koʻrsatish uchun Taʼlim inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda litsenziyalar rasmiylashtirilgan. Ular tomonidan berilgan diplom mamlakatimizdagi boshqa oliygohlarniki bilan bir qatorda tan olinadi.
Shunday ekan talaba boʻlish istagida boʻlgan yoshlar va ularning ota-onalari hech ikkilanmay yurtimizdagi nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.
— Xorijiy davlatdagi oliy taʼlim muassasasida oʻqish istagida boʻlgan yoshlar kelajakda oʻzlari tanlagan oliy taʼlim muassasasining diplomi Oʻzbekistonda tan olinishi uchun nimalarga eʼtibor qaratishi lozim?
— Avvalo, tashkilotning oliy taʼlim muassasasi sifatida faoliyat yuritishiga ruxsat beruvchi hujjati, yaʼni litsenziyasi mavjudligiga ishonch hosil qilish kerak. Keyingi eng muhim talab – taʼlim muassasasi tomonidan beriladigan diplom oʻzi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi bilan bogʻliq. Buning uchun esa oliy taʼlim muassasasi va uning taʼlim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan boʻlishi zarur.
Bundan tashqari, talabgor tanlagan oliy taʼlim muassasasining oʻqitish shakli va taʼlim dasturlari Oʻzbekiston qonunchiligiga mos kelishini oʻrganishi zarur. “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, Oʻzbekiston hududida rasman tan olinadigan bakalavriat bosqichi kamida 3 yil, sirtqi taʼlim kamida 4 yil, magistratura esa kamida 1 yil muddat etib belgilangan.
Agar xorijiy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga Oʻzbekistondagiga qaraganda taʼlim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun kam huquqlar berilgan va oliy maʼlumot Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan taʼlim shaklida olingan boʻlsa, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari qoʻshib oʻqitiladigan taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim olganda umumiy oʻqish davri uch yildan kam boʻlsa, bunday hollarda xorijiy oliy taʼlim muassasasi diplomi mamlakatimizda tan olinmaydi.
— Oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kira olmagan yoshlar uchun yurtimizdagi kollej va texnikumlar haqida maʼlumot bersangiz.
— 2021/2022 oʻquv yilida 176 ta kollejda 170 dan ortiq kasb boʻyicha, 197 ta texnikumda 140 ga yaqin mutaxassislik boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Kollejlar va texnikumlarga 2021/2022-oʻquv yili uchun 10-sentyabrga qadar oʻqishga qabul qilish uchun onlayn roʻyxatdan oʻtish mumkin.
Ushbu taʼlim muassasalari bitiruvchilari kelgusida egallagan kasb va mutaxassislari boʻyicha ishlashlari, ehtiyojdan kelib chiqib, keyinchalik oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirishlari mumkin.
Eʼtiborlisi, Prezidentimizning 2019-yil 6-sentyabrdagi tegishli farmoniga muvofiq, texnikum bitiruvchilari oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-bosqichdan oʻqishini davom ettirish huquqiga ega boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring