Xorijdagi vatandoshlarni ezgu maqsadlar birlashtirmoqda
AQSHga kelgan sayyohlar Nyu-York shahridagi dunyoga mashhur “Wall Street” moliya markazini koʻrmay qaytmaydi. Odamlarning eʼtibor markazidan tushmay kelayotgan bu markazda Oʻzbekiston mustaqilligining oʻttiz uch yilligiga bagʻishlab davlatimiz bayrogʻi madhiyamiz sadolari ostida yuqori koʻtarildi.
“Oltin bu vodiylar – jon Oʻzbekiston”... Bayrogʻimiz hilpirar ekan, iftixor bilan qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, iliq tabassum, sogʻinchli koʻz yoshlar bilan ohangga joʻr boʻlayotgan vatandoshlarning hislarini payqash qiyin emas edi. Bu vatanga muhabbat, oʻzbekligidan faxrlanish, anʼanalarga hurmat tuygʻulari edi.
Ona yurtning ohanrabodek oʻziga rom etuvchi tafti, havosi, odamlarning issiq istarasi, toʻy va hashamlari, milliy bayramlarini qoʻmsashni vatandan olisda yashayotganlar yanada yaxshiroq anglaydi. Shu bois soʻnggi yillarda xorijiy mamlakatlarda yashayotgan vatandoshlarni ota yurt atrofida jipslashtirish, qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuygʻusini yuksaltirish, milliy oʻzlikni saqlab qolish maqsadida tarixiy va xayrli tashabbuslarga qoʻl urilmoqda. “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida AQSHda tashkil etilgan tadbirda koʻp yillardan buyon xorijda istiqomat qilib kelayotgan vatandoshlarimiz davlatimiz eʼtibori ularning hayotidagi eng yorqin sahifalardan biri boʻlganini eʼtirof etdi.
“Bugun ajdodlarimiz xoki yotgan, keksayib qolgan boʻlsak ham doim intiladigan joyimiz – Oʻzbekiston yangilanib, katta oʻzgarishlar makoniga aylangani bizni quvontiradi.
1992-yilda haftasiga ikki mamlakat oʻrtasida bittagina aviareys mavjud edi, hozir esa ularning soni 4 taga yetdi. Vatandoshlar bilan aloqalar mustahkamlandi. Har bir murojaatimiz oʻrganilmoqda, muhim bayramlarda bir joyda yigʻilyapmiz, tashabbuslarimiz tinglanmoqda. Men bu kunlarga yetib kelganimdan juda quvonaman”, – deydi Turkiston – Amerika uyushmasi rahbari Abdulla Xoʻja.
Tadbirda sanʼatkorlar oʻz kuy-qoʻshiqlari bilan barchani mamnun etdi.
Bir manzara koʻpchilikni taʼsirlantirdi: Nyu-York shahrini aylanishga kelgan sayyohlar uchun maxsus avtobuslar xizmat koʻrsatadi. Bayroq koʻtarish marosimida ana shunday katta avtotransportlarning bir nechtasi yoʻlning chetiga toʻxtadi, undagi yuzlab sayyohlar vatandoshlarimizning kayfiyatidan zavq olib, milliy raqslarimizga birgalikda oʻynadi, milliy liboslarimizni kiyib koʻrdi, mamlakatimiz toʻgʻrisida qayta-qayta maʼlumotlar olib, telefonlari orqali dunyo xaritasidan qadimiy shaharlarimizni keyingi sayohatlari uchun belgilab oldi.
Kuz faslining ilk oyi ikkinchi oʻn kunligiga qadar davom etgan eng ulugʻ va eng aziz bayramimizga bagʻishlangan boshqa tadbirlar AQSHning Nyu-York, Rendolf, Boston, Pittsburg, Viyenna, Chikago, Dover, Filadelfiya shaharlarida ham oʻtkazildi.
Nyu-Yorkdagi BMT binosida rasmiy, biznes va diplomatik korpus vakillari, vatandoshlar jamoat tashkilotlari rahbarlari va faollari, OAV vakillari ishtirokida Mustaqillik bayramiga bagʻishlangan qabul marosimi oʻtkazildi. Ushbu tadbir doirasida milliy taom – palov tayyorlanib, yigʻilganlarga ulashildi.
Yetakchi xalqaro tashkilotlar tomonidan mazkur tadbirlar eʼtirof etildi.
“Dunyoda xalqlar koʻp, ularning oʻziga xos urf-odatlari ham turlicha. Ular orasida xalqingiz oʻzining mehmondoʻstligi, qadriyatlariga boʻlgan sadoqati bilan alohida ajralib turadi. Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosida Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining oʻttiz uch yilligi mana shunday keng nishonlanishi ham Oʻzbekiston xalqining vataniga boʻlgan muhabbati va sadoqatini yaqqol koʻrsatib turibdi. Men tadbirga kelgan mehmonlarni koʻrib, ular bilan suhbatlashib, yana bir bor bu zamindan chiqqan buyuk siymolarning ajdodlari mana shunday boʻlishi kerak, deya xulosa qildim. Bugun shiddat bilan turli sohalarda rivojlanib, dunyo eʼtirofiga tushayotgan mamlakatingizning mustaqilligi abadiy boʻlishini, xalqingiz tinch-farovon yashashini tilab qolaman”, – deydi BMT boshqaruv departamenti masʼul xodimi, “YES4DO foundation” asoschisi Mbaye Mbengu.
Bruklin shahridagi “High school of sports management” maktabida 10 shtatdan taklif etilgan 15 havaskor jamoalar oʻrtasida “Mustaqillik kubogi” futbol turniri tashkil etilib, turnirda Ohayo shtati Sinsinnati shahri “HamkorUz” jamoasi gʻolib boʻldi. Gʻolib va sovrindor jamoalarga tashkilotchilar hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.
Bundan tashqari, mazkur tadbirlar doirasida, milliy libos va hunarmandchilik koʻrgazmalari, sayillar, bolajonlar uchun turli viktorinalar tashkil etildi.
“Xalqingiz turli sohalarda, ayniqsa, sportda bugun dunyo eʼtirofida. Yaqinda Fransiya poytaxti Parijda oʻtkazilgan yozgi Olimpiada oʻyinlarida ham sportchilaringiz munosib ishtirok etdi. Bizning maktabimizda oʻtkazilgan “Mustaqillik kubogi” turniri ham mamlakatdagi sportga eʼtibor isboti deyish mumkin. Maktabimiz uchun ham bu tadbir ahamiyatli. Turli shtatlardan kelgan futbol jamoalari bellashmoqda. Men ham mana shunday ajoyib xalqning tadbirida ekanimdan xursandman. Ushbu tadbirni tashkillashtirgan barchaga rahmat. Men va mening jamoam Oʻzbekiston xalqi bilan doimiy hamkorlikda ishlashga tayyormiz”, – deydi Bruklin shahridagi “High school of sports management” maktabi direktori Derek Kredl.
Tadbirlarning yana bir asosiy jihati AQSHda ilk bor “Zakovat” intellektual oʻyini boʻlib oʻtganida. Unda Nyu-York, Nyu-Jersi, Pensilvaniya, Oxayo, Massachusettsda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning 7 jamoasi ishtirok etdi. Qizgʻin bahs-munozaralar, mantiqiy savollarga boy oʻtgan oʻyinda sovrindorlar aniqlandi. Yakuniy natijalarga koʻra, tanlovda Pensilvaniya shtatining “Yurtdosh” jamoasi gʻolib deb topildi. Tanlovda gʻolib boʻlgan jamoaning har bir aʼzosiga noutbuk, 2- va 3-oʻrin olgan jamoalarga Fondning esdalik sovgʻalari hamda barcha ishtirokchi jamoalarga tegishli sovgʻalar taqdim etildi.
Nyu-Jersi shtatida esa 7 ta shtatdan tashrif buyurgan oʻzbek oshpazlari oʻrtasida “Osh turniri” oʻtkazildi. Oshpazlar turnirida Filadelfiya shahridan qatnashgan oshpaz Sh. Ziyamov tayyorlagan palov hakamlar tomonidan yuqori baholanib, gʻolib sifatida eʼtirof etildi hamda Fondning esdalik sovgʻalari bilan barcha ishtirokchilar taqdirlandi.
“Garvard universitetida oʻqishni boshlagan ilk kunlarim har bir talaba oʻzi haqida batafsil maʼlumot berar ekan, men “Kutubxonangizda kitobi saqlanayotgan Abu Ali Ibn Sino avlodiman” deya faxr bilan aytganman. Garvard kutubxonasida “Tib qonunlari”ning ikkinchi nusxasi saqlanadi. Biroq talabalarga uni qoʻl bilan ushlab koʻrishga ruxsat berilmaydi. Men esa buni juda xohlashimni kutubxonachiga bildirdim. Men Oʻzbekistondan ekanim, aynan Buxoroning Afshona qishlogʻiga yaqin joyda tugʻilganim, Ibn Sinoning uy muzeyida boʻlganim, kitobni yaqindan koʻrish menga orzu ekanini aytdim. Shunda faqat menga talabalar orasida bir marta qoʻl bilan ushlashga kutubxona maʼmuriyatidan ruxsat berilgan. Aynan mana shunday jahonga mashhur insonni avlodi boʻlganimni oʻzi menga kam sonlik talabalarga nasib etgan imkoniyatni tortiq qilgan. Bugun Vatanimdan juda ham olisdaman. Olayotganim har bir nafasimda Oʻzbekiston sogʻinchi bor. Bu yilgi Mustaqillik tantanalari mana shunday keng nishonlanishi meni yanada gʻururlantirdi. Biz vatandoshlar birlashib, bu yil Fond koʻmagida shtatda “Turon” assotsiatsiyasini tashkil etdik. Bizning ilk tadbirimiz ham istiqlolimizning oʻttiz uch yilligini nishonlashdan boshlandi. Bizni unutmagan vatanimizga ming rahmat!”, – deydi Boston shahridagi “Dana Farber Saraton instituti” va Brigxam va Ayollar kasalxonasi xalqaro ijroiya salomatligi” loyihalar boʻyicha katta menejeri Nilufar Qahhorova.
Muxtasar qilib aytganda, dunyoning istalgan nuqtasidagi vatandoshlar bugun birlashib, vatanning kichik parchasini “Birlashsak – vatanmiz” deya qalblariga jo etmoqda. Bularning barchasi, shubhasiz, olisdagi vatandoshlarning holidan xabar olish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ilgʻor tashabbuslar natijasidadir.
Ufora XABIBULLAYEVA,
“Vatandoshlar” jamoat fondi boʻlim boshligʻi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring