Xorazmga keling, gurvak yemakka

16:43 12 Avgust 2025 Jamiyat
256 0

Joriy yilning 8-10-avgust kunlari qadimiy va navqiron Xiva shahri yana “Qovun sayli” festivaliga mezbonlik qildi. Xorazmning turizm salohiyatini, qadimiy polizchilik tajribasini keng targʻib etish maqsadida tadbirda viloyatning barcha shahar va tumanlari oʻzlariga ajratilgan pavilyonlarni bayramona bezatib, oʻz hududlarida yetishtirilgan shirin-shakar qovunlarning koʻrgazma savdosini tashkil qildi. Shu jihatdan, “Qovun sayli” festivali poliz mahsulotlarini yetishtiruvchi hamda qayta ishlovchi fermer va tadbirkorlar uchun oʻziga xos tajriba almashuv, sohadagi yangiliklar, seleksiya natijalari bilan tanishuv maydoni vazifasini ham oʻtaydi.

— Xorazmda nafaqat yangi qovun navlarini yaratish va yetishtirish, shu bilan bir qatorda uni qayta ishlash ham rivojlanib boryapti, — deydi Urganch davlat universiteti professori Maqsud Jumaniyozov. — Festivalning koʻrgazmalar pavilyonida universitetimizning kimyo-texnologiya fakultetida innovatsion texnologiyalar asosida qovunni qayta ishlash orqali olingan 150 turdagi mahsulotlarni namoyish etyapmiz. Ayniqsa, yangi turdagi mahsulotlar – qovundan olingan asal, chips, luqum, suyuq sovun va turli kosmetik gellar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Universitetimizning oʻquv-tajriba xoʻjaligida Xorazm qovunlarining yoʻqolib borayotgan 60 dan ortiq navlarini qayta tiklashga muvaffaq boʻldik.

“Ichonqalʼa” majmuasi va “Arda Xiva” xalqaro turizm markazida uch kun davom etgan madaniy tadbirlar, koʻrgazmalar, teatrlashtirilgan tomoshalar saylga oʻzgacha shukuh, ishtirokchilar va jarayonlarni jonli efirlar orqali tomosha qilayotgan muxlislarga joʻshqin kayfiyat bagʻishladi. Turkiya, Rossiya, Belgiya, Ozarbayjon davlatlari va poytaxtimizdan tashrif buyurgan sanʼat ustalari hamda estrada yulduzlarining chiqishlari koʻp sonli muxlislar olqishiga sazovor boʻldi. Festivalda bir qator xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi elchilari, diplomatik korpus vakillari, chet ellik sayyohlar ham ishtirok etishdi.

— Xorazm qovunlarining dovrugʻi olis Yevropaga ham yetib borgan, — deydi italiyalik sayyoh Enriko Luka. — Qadimiy Xivani, qovun saylini tomosha qilish uchun oilamiz bilan keldik. Biz uchun hayratlanarli tomoni, Oʻzbekistonda qovunning juda koʻp navlari yetishtirilar ekan. Festival koʻrgazmalariga qovunning 170 taga yaqin naviga mansub qovunlar qoʻyilgan boʻlib, ularning taʼmini tatib koʻrib, ochigʻi lol qoldik. Bunday xushtaʼm va mazali qovunlarni dunyoning boshqa hech joyida uchratmaganmiz. Qovundan tayyorlangan murabbo, qoqi va boshqa mahsulotlarni ham ilk bor shu festivalda koʻrdik.

— Bugun dunyoning turli mintaqalarida notinchliklar, oziq-ovqat tanqisligi, qurolli toʻqnashuvlar yuz berayotgan tahlikali va oʻta murakkab davrda, toʻkin-sochinlik, ogʻzibirchilik bilan bunday bayramlarni nishonlashning oʻzi katta baxt, — deydi fransiyalik sayyoh Chalen Paulino. — Buning zamirida esa Oʻzbekiston Prezidentining yurtingizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, xalqingizning baxtu saodati yoʻlida koʻrsatayotgan beqiyos shijoati, shu Vatanga boʻlgan cheksiz mehri va sadoqati yotibdi. Festival davomida konsert dasturlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, hunarmandchilik mahsulotlari va milliy liboslar koʻrgazmalari, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, badiiy jamoalar va folklor guruhlarining jonli ijrodagi chiqishlarini tomosha qildik. Xorazm qovunchiligining ramzi boʻlgan gurvak va boshqa navlarga mansub qovunlardan tatib koʻrib, oʻz taassurotlarimizni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali doʻstlarimiz bilan boʻlishyapmiz.

Hakamlar hayʼati qaroriga koʻra Urganch shahri festivalning oliy oʻrin sohibi deb topilib, “Tracker” avtomobili bilan taqdirlandi. Shuningdek, 1, 2, 3-oʻrinlarni egallagan shahar va tumanlar hamda turli nominatsiyalar gʻoliblariga yengil avtomobillar, qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

— Yurtimizda buyuk istiqlolimizning 34-yilligiga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlar davom etayotgan ayni kunlarda oʻtkazilayotgan, Yangi Oʻzbekistonning yana bir betakror va goʻzal bayramiga aylangan mazkur festival “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu gʻoyaning yana bir tasdigʻi va tantanasidir, — deydi festivalda bosh sovrinni qoʻlga kiritgan Urganch shahri hokimi Bunyod Rajabov. — Viloyatimizning turizm salohiyatini yuksaltirishda muhim oʻrin tutadigan bu festival yildan-yilga yanada kengroq qamrov kasb etishiga, uning dovrugʻi dunyo boʻylab taralishiga shubha yoʻq.

Xorazm qovunlarining bunday shirin, oʻzgacha taʼmga ega boʻlishining sababi Amudaryoning minerallarga boy loyqa suvi, quyosh tafti, vohaning unumdor tuprogʻi va eng asosiysi, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Xorazmning oʻz kasbi fidoyisi va ustasi boʻlgan asl dehqonlaridir! “Baxt garmoni”, “Jannat mevasi” deb ataladigan tabiatning ushbu noyob neʼmatidan bahramand boʻlay desangiz, Xorazmga keling! Zero, ota-bobolarimiz aytganidek, gurvakdan bir toʻyib yesangiz, uning tarkibidagi foydali mikroelementlar organizmingizda bir yil davomida, betakror taʼmi esa umrbod saqlanib qoladi!

Odilbek ODAMBOYEV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер