Xorazmdagi 250 ming gektar choʻlda suv talab etmaydigan oʻsimlik urugʻlari dronlar yordamida ekiladi

18:26 21 Oktyabr 2024 Siyosat
263 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yigʻilishda eng avvalo yurtimiz iqlimiga mos sifatli koʻchatni koʻpaytirish lozimligi taʼkidlandi. Bu haqda Prezident raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida aytildi.

Fanlar akademiyasi, ekologiya, qishloq, suv va oʻrmon xoʻjaligi, karantin tizimidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliygohlar, kafedralar, in-vitro laboratoriyalaridan samarali foydalanib, urugʻ va koʻchat yetishtirish hajmini oshirishi zarur.

Nukus, Arnasoy, Qorakoʻl, Muborakda keyingi yilda suvsizlik va shoʻrga chidamli galofit oʻsimliklaridan iborat 4 ta bogʻ barpo qilinadi.

Urugʻ olish uchun oʻrmon xoʻjaliklaridan sogʻlom onalik plantatsiyasini tanlash orqali yiliga 1,5 ming tonna urugʻ tayyorlanishi, Koreya tajribasi asosida suvsizlikka chidamli, iqlim sharoitiga mos yopiq ildizli konteyner va in-vitro usulida 2 million koʻchat yetishtirish tizimi yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmdagi 250 ming gektar choʻlda suv talab etmaydigan saksovul, qandim, cherkez urugʻlari dronlar yordamida ekiladi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligiga Samarqand, Xorazm, Toshkent va vodiy viloyatlaridagi 327 gektar yerda noyob mevali koʻchatlarni in-vitro usulida yetishtirishni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Oktyabr-noyabr oylarida mahallalarda 40 million dona manzarali va mevali daraxt yangi tizim asosida ekilishi belgilandi.

“Mahalla yettiligi” har bir mahallada 30 tadan kambagʻal oila xonadoniga 20 tupdan, 20 ming yakka yolgʻiz keksalar xonadoniga 10 tupdan mevali daraxtlar tarqatadi. Shuningdek, yettilik oʻziga biriktirilgan koʻchalarda jami 6 million dona manzarali daraxt, koʻchalar, uylar, koʻp qavatli uylar atrofiga jami 3 million mevali va manzarali daraxt ekishni tashkillashtirishi muhimligi qayd etildi.

Taʼlim tizimi rahbarlariga 20 mingdan ziyod bogʻcha, maktab, oliygoh va shifoxonalar hududida 2,5 million dona koʻchat ekishni tashkil qilish topshirildi. Yoshlar ishlari agentligi 155 ming yoshlarga boʻlib berilgan 60 ming gektar yerda jami 1,5 millionta mevali daraxt ekishga koʻmaklashadi.

Barcha mahallalarda koʻchat yarmarkasini tashkil qilib, 30 millionta koʻchat yetkazib berish muhimligi taʼkidlandi.

Televideniye, radio, gazeta va ijtimoiy tarmoqlarda daraxt ekish nuroniylar, mahalla faollari, jamoat arboblari, sanʼatkor va sportchilar ishtirokida keng targʻib qilinsa, ishlarning samarasi bundan-da yuqori boʻlishi taʼkidlandi.

Prezidentimiz aholini daraxt ekishga jalb qilish boʻyicha yaxshi tajribalar koʻpayayotganini qayd etib, toʻlov tashkilotlari va elektron savdo platformalarining bunday loyihalarini qoʻllab-quvvatlash zarurligiga eʼtibor qaratdi.

“Toshkent-Ohangaron” xalqaro avtomobil yoʻlining 53 kilometrlik qismida 840 mingta daraxt ekilgani oʻziga xos tajriba boʻldi.

Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga viloyat hokimliklari bilan birga bu tajribani joriy yilda 13 ta xalqaro avtomobil yoʻllarida amalga oshirib, 9 million tup koʻchat ekish topshirildi. Yana 2 ming kilometr avtomobil yoʻllari yoqasi daraxt ekish uchun 10 ming nafar fuqaro va tadbirkorlarga boʻlib beriladi.

Samarqand-Qarshi temir yoʻlining 145 kilometr, Toshkent-Samarqand temir yoʻlining 150 kilometr qismida kuz mavsumida 1 million tupdan koʻchat ekishni tashkil qilish vazifasi qoʻyildi.

Ekologiya vazirligiga chiqindi poligonlari atrofida 167 ming daraxtni parvarishlab, “yashil belbogʻ” barpo etish topshirildi.

Dala chetlarida 21 million tup terak, tut va uzum ekish, tarmoq korxonalarida 5 million koʻchat ekib, “yashil belbogʻ” barpo qilish muhimligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер