Xorazmda “Qovun sayli” festivali davom etmoqda

10:11 11 Avgust 2025 Jamiyat
132 0

Qadimiy va navqiron Xivada har yili avgust oyida, ayni pishiqchilik mavsumida oʻtkaziladigan “Qovun sayli” festivali yana dunyo sayyohlarini, yurtimiz mehmonlarini oʻziga chorladi. Ichanqalʼa majmuasi va “Arda Xiva” xalqaro turizm markazida boʻlib oʻtayotgan madaniy tadbirlar, koʻrgazmalar, teatrlashtirilgan tomoshalar saylga oʻzgacha shukuh, jarayonlarni jonli efirlar orqali tomosha qilayotgan muxlislarga joʻshqin kayfiyat bagʻishlayapti. Shahar va tumanlarga ajratilgan pavilyonlarda 167 xil navlarga mansub qovunlar, qovunni qayta ishlash orqali olingan 200 turga yaqin mahsulotlar koʻrgazmaga qoʻyilgan.

Festival doirasida poytaxtimizdan va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mashhur estrada yulduzlari, folklor jamoalari ishtirokida konsert dasturlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va liboslar koʻrgazmasi tashkil qilingan.

— “Qovun sayli” festivali poliz mahsulotlarini yetishtiruvchi hamda qayta ishlovchi fermer va tadbirkorlar uchun oʻziga xos tajriba almashuv, sohadagi yangiliklar, seleksiya natijalari bilan tanishuv maydoni vazifasini ham oʻtaydi, — deydi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm ilmiy tajriba stansiyasi rahbari Sanʼat Qalandarov. — Ilmiy tajriba stansiyamizda qovun urugʻlarining 130 xil namunasi ekilib, genofond sifatida saqlanmoqda. Bu yil Urganch davlat universiteti olimlari bilan hamkorlikda “Iftixor”, “Gandimyon”, “Kumush” deb nomlangan yangi navlarni yaratdik. Festivalda Xorazmning qayta tiklangan koʻplab qadimiy navlariga mansub qovunlarni koʻrgazmaga qoʻydik.

Har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan mazkur festival Xorazm qovunchiligini keng targʻib qilish orqali mahalliy hamda xorijiy sayyohlar eʼtiborini jalb etish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Odilbek ODAMBOYEV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер